$
 12915.07
15.07
 14659.90
64.84
 156.43
-0.89
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

“O‘lim sotuvchisi” Nobelning mukofot haqidagi vasiyatiga nima sabab bo‘lgan edi?

Nobel

Har yili oktyabr oyida Shvetsiya va Norvegiyadagi qo‘mitalar ilm-fan, adabiyot va iqtisod, shuningdek, tinchlikni saqlash sohalaridagi Nobel mukofotlari g‘oliblarini aniqlaydi. Mukofot sovrindorlari medal, diplom va pul mukofotlarini dekabr oyida Stokgolmda oladi. 2024-yil uchun ham tibbiyot va fizika yo‘nalishida mukofot egalari e’lon qilindi. Tibbiyot bo‘yicha mikroRNK va uning gen boshqaruvidagi rolini kashf qilgan amerikalik olimlar Viktor Ambros hamda Geri Ravkanga, fizika bo‘yicha esa neyron tarmoqlarni o‘rgangan amerikalik Jon Jozef Hopfild va britaniyalik Jeffri Hintonga Nobel mukofoti nasib qildi. Ko‘pchilik ushbu mashxur mukofot bilan yaxshi tanish bo‘lishiga qaramay, Nobel o‘zi kim bo‘lgani, mukofot tarixi haqida to‘liq ma’lumotga ega emas.

Alfred Nobel – “o‘lim sotuvchisi”

Shved ixtirochisi Alfred Nobel 1833-yilning 21-oktyabrida Stokgolmda tug‘ilgan. U Immanuel Nobel va Andriette Ahlsell Nobellarning uchinchi farzandi. 1842-yili oilasi bilan Sankt-Peterburgga koʻchib oʻtishadi, u yerda otasi torpedalarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Alfred professor Zinin Nikolay Nikolayevichning qoʻlida kimyoni oʻrganadi. 1859-yili otasining ishi bilan ikkinchi oʻgʻli Ludvig Nobel shugʻullana boshlaydi. Nobellarga tegishli zavodda bir necha portlashlar qayd etilgan, ularning birida 1864-yili Alfredning ukasi Emil va bir nechta boshqa ishchilar halok boʻladi. Shundan so‘ng oilaviy biznesi bankrotga uchragach, Alfred otasi bilan birga Shvetsiyaga qaytadi va oʻzini portlovchi moddalarni oʻrganishga, ayniqsa nitroglitserinni xavfsiz ishlab chiqarish va ishlatishga bagʻishlaydi. U kizelgur deb nomlanuvchi yengil g‘ovak jinslardan iborat maxsus infuzor tuproqni qo‘llash orqali muammoni hal qildi. U ushbu yangi ixtirosiga dinamit deb nom berdi. So‘zning ma’nosi yunoncha dynamis – “kuch”, “qudrat” degan so‘zlarga borib taqaladi. Dinamit moddasini ishlab chiqarish va boshqa ixtirolarining orqasidan Alfred Nobel salmoqli boylik orttirgan edi.

Nobel o‘zi ushbu portlovchi moddani xavfsiz qilish uchun harakat qilib kelgan, bu portlovchi moddani tog‘-kon ishlarida va boshqa tinch maqsadlarda qo‘llanishini istagan edi. Shunday bo‘lsa-da, dinamit turli qora kuchlar tomonidan baribir yovuz niyatlarda ham, ya’ni inson o‘limiga sabab bo‘ladigan maqsadlarda ham foydalanilardi. Shu sababli omma orasida Nobelni “o‘lim sotuvchisi” deb atashdi. Hozir esa biz uni dunyodagi eng nufuzli ilmiy mukofot ta’sischisi sifatida yodga olamiz. Chunki u o‘z boyligini ilm-fan uchun vasiyat qilib ketgan.

Nobelning vasiyati

Aytilishicha, Nobel o‘z mablag‘ini bu tarzda ilm-fan uchun vasiyat qilib qoldirish fikriga matbuot muxbirlarining yanglish maqolasi sabab bo‘lgan ekan. Gap shundaki, 1888-yilda Nobelning ukasi vafot etadi. Bu haqida xabar chop etgan gazetalardan birida muxbirlar zaharxanda aralash “O‘lim sotuvchisi o‘ldi”, degan sarlavha bilan maqola chiqargan, ular yanglishib Alfred Nobelni vafot etdi deb o‘ylashgan edi. Buni o‘qigan Alfred Nobel esa o‘limidan keyin ham o‘zini shunday salbiy sifat bilan eslamasliklarini istab qoladi va o‘zi orttirgan mol-mulkni ilm-fan rivoji uchun vasiyat qilishga qaror qiladi. U o‘sha mashhur vasiyatini 1895-yilning 27-noyabr kuni yozib qo‘yadi.

Vasiyatda Nobel o‘zi orttirgan kapitalni qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishiga o‘tkazilishini va uning qiymatlaridan maxsus fond tashkil qilinib, olingan yillik daromadlari teng besh qismga bo‘linishi kerakligini tayinlaydi. Ushbu besh qism mablag‘ o‘tgan yil mobaynida kimyo, fizika, fiziologiya va tibbiyot sohalarida katta ixtiro va kashfiyotlar qilgan olimlarga, shuningdek, adabiyot hamda tinchlik sohalarida ulkan ishlarni amalga oshirgan atoqli shaxslarga topshirilishi kerakligini ta’kidlaydi. U vasiyatining yakuniy qismida mukofotni olish uchun nomzodning millati ahamiyat kasb etmasligi kerakligini, ya’ni nomzodning millatidan qat’i nazar, uning xizmatlari e’tirof etilishi kerakligini alohida urg‘u berib ta’kidlagan edi.

Alfred Nobel ushbu vasiyatni imzolaganidan keyin uzoq yashamadi. 1896-yilning 10-dekabrida, atigi bir yildan sal ko‘p vaqt o‘tgach insult oqibatida vafot etdi. Nobelning muhrlangan vasiyati 1897-yilning yanvarida o‘qib eshittirildi va o‘shandan boshlab, 10-dekabr – Nobelning vafot etgan sanasi Nobel kuni deb e’lon qilindi. Shu kuni Stokgolmda shved qiroli ishtirokida Nobel mukofoti o‘z egalariga topshirildi. Mukofot jamg‘armasi turli yillarda o‘zgarib tursa-da, lekin taxminan bir million AQSh dollari atrofidagi summani tashkil qiladi.

Mukofot pul mablag‘laridan tashqari, laureatga Alfred Nobel tasviri tushirilgan oltin medal va uning yorlig‘i ham taqdim etiladi. Albatta, mukofotni topshirish jarayoni katta tantanali bazm ko‘rinishida, dabdaba bilan o‘tkaziladi va OAVlar tomonidan keng yoritiladi.

Nomzodlarni kim tanlaydi?

Nobel mukofotiga da’vogarlar bir nechta ilmiy muassasalar tomonidan tanlanadi va ko‘rib chiqiladi. Bular:

  • Fizika, kimyo va iqtisod fanlari bo‘yicha Nobel mukofotlari laureatlari Shvetsiya Qirollik fanlar akademiyasi;
  • fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Qirollik Karolinska instituti (Stokgolm);
  • adabiyot bo‘yicha Shvetsiya akademiyasi;
  • tinchlikni mustahkamlash borasidagi faoliyati bo‘yicha Oslodagi Norvegiya Nobel qomitasi aniqlaydi.

Nobel mukofoti berilmagan yillar bo‘lganmi?

1901-yildan beri Nobel mukofoti 49 marta berilmagan. Taqdirlanmagan mukofotlarning aksariyati Birinchi (1914-1918) va Ikkinchi (1939-1945) jahon urushlari davrida sodir bo‘lgan. Bundan tashqari, Nobel mukofoti jamg‘armasi nizomida “...birorta asar yetarli darajada ahamiyatga ega bo‘lmasa, mukofot puli keyingi yilga qoldirilishi kerak. Agar ikkinchi yil ketma-ket munosib kashfiyotlar bo‘lmasa, mablag‘lar fond ixtiyoriga taqdim etiladi”, deb yozilgan.

Alfred Nobel dramaturg ham edi

Alfred Nobel dramaturg ham edi. O‘limiga yaqin u to‘rt aktdan iborat “Nemezida” fojiasini tugatgandi. Pyesa nashr etilgandan so‘ng, katolik cherkovi uni Xudoni haqoratlaganlikda aybladi va uch nusxadan tashqari butun tiraj yo‘q qilindi. Omon qolgan birinchi nashr faqat 2003-yildagina qayta nashr etilgan va uning premyerasi Nobel vafotidan 109 yil o‘tgach, 2005-yilda Stokgolmda bo‘lib o‘tgan.

Nima uchun matematiklarga Nobel berilmaydi?

Alfred Nobelning sevgan qizi matematikka tegib ketgani uchun olim alam ustida matematiklarni mukofotdan mahrum qilgan degan qarash keng tarqalgan. Aslida, Nobel hech qachon uylanmagan. U shunchaki vasiyatida matematiklarni tilga olmagan va buning sababi o‘zigagina ayon. Uni yaqindan bilganlarning fikricha, Nobel matematikani abstrakt fan sanagan, mukofot esa amaliy yutuqlar uchun berilishini istagan. Shu sababli Nobel mukofoti tibbiyot va fiziologiya, fizika, kimyo, adabiyot va tinchlik sohalarida beriladi. 

Теги :
Jamiyat