$
 12820.47
5.69
 13470.47
27.77
 122.26
-1.24
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda jamoat transporti va ovqatlanish maskanlarining 24/7 ishlashi rejalashtirilmoqda

toshkent

O‘zbekistonda Strategik islohotlar agentligi tomonidan tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqildi. Ushbu tashabbus, dunyoning London, Nyu-York, Dubay kabi shaharlari tajribasiga asoslanib, iqtisodiyotga qo‘shimcha daromad va turistlar oqimini ta’minlashni maqsad qilgan.

Tungi iqtisodiyot nima va uning afzalliklari qanday?

Tungi iqtisodiyot — bu tunda faoliyat yurituvchi ko‘ngilochar maskanlar, restoranlar, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarining iqtisodiyotga qo‘shadigan hissasi. Masalan, 2023 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Londonda tungi iqtisodiyotdan yillik tushum 44 milliard dollarni, Nyu-Yorkda esa 35 milliard dollarni tashkil qilgan.

Tungi iqtisodiyotning xalqaro tajribadagi muvaffaqiyati

Buyuk Britaniya, AQSh, Tailand, BAA va Avstraliya kabi davlatlar tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun bir qator islohotlarni amalga oshirgan:

 • 24/7 rejimda ishlovchi ko‘ngilochar va savdo maskanlari faoliyati;

 • Tungi xavfsizlikni ta’minlash uchun maxsus patrullar;

 • Tungi transport tizimlari (metro va avtobuslar);

 • “Tungi mer” lavozimi joriy etilishi.

Bu tajribalar nafaqat iqtisodiyotga daromad keltirgan, balki turistlar oqimini oshirishga ham xizmat qilgan.

Gastronomik ko‘chalar bilan cheklanib qolish kerak emas

Hozirda Toshkent shahrida 24 soat faoliyat yurituvchi ikki gastronomik ko‘cha faoliyat olib bormoqda. Kelgusida yana sakkizta ko‘chani gastronomik ko‘chaga aylantirish rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyat rahbarlariga tungi iqtisodiyotga oid alohida zonalarni belgilash vakolati berilgan.

Shunga qaramasdan, Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun birinchi qadam sifatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan imkoniyatlar chetda qolib, bir nechta ko‘chalarni gastronomik ko‘chalarga aylantirish chora-tadbirlari bilan cheklanib qolinmoqda.

Toshkent shahridagi muammolar

Xususan:

• tungi vaqtlarda poytaxtda transport xizmatiga talab mavjud bo‘lib, bu faqatgina shaxsiy yo‘nalishsiz taksi xizmatlarining faoliyati evaziga qondirilmoqda, biroq tungi rejimda xizmat ko‘rsatuvchi jamoat transporti harakati yo‘lga qo‘yilmagan;

Toshkent shahrida avtobuslar harakati 05:00 dan 23:00 gacha, metro harakati esa 05:00 dan 00:00 ga qadar xizmat ko‘rsatishi belgilangan.

• tungi vaqtlarda ma’daniyat va san’at muassasalari hamda sport va ko‘ngilochar dam olish maskanlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud;

Misol uchun, ma’daniyat va san’atga qiziquvchi aholi va turistlarga gallereyalar, muzeylar va kinoteatrlarni 24/7 rejimida ishlash huquqini berish hamda sport havaskorlari uchun sport maydonchalari, kibersport va fitnes klublar ish vaqtini uzaytirish imkoniyatlari mavjud.

• tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida xavfsiz va jozibador jamoat joylarini loyihalash, shovqin va chiqindi bilan bog‘liq masalalar bilan ishlash uchun mas’ul organ biriktirilmagan.

Butun dunyo bo‘yicha 60 dan ortiq shaharlarda “tungi hokim” lavozimlari joriy etilgan bo‘lib, ular shaharlarning ekotizimini boshqaradi va innovatsion takliflarni ishlab chiqadi.

• tunda faoliyat olib boradigan majmualar (kafe, tungi klub, muzey, sport majmualari va boshqalar) haqida mahalliy va xorijiy turistlar ma’lumot olishlari uchun elektron platforma yaratilmagan.

Yangi tashabbuslar

Strategik islohotlar agentligi quyidagi takliflarni ishlab chiqdi:

• 2025 yil 1 fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish.

• Har juma va shanba kunlari dam olish maskanlarini 24/7 rejimida ishlashini ta’minlash;

• Toshkentda “Tungi Toshkent” elektron platformasini ishlab chiqish;

• Tungi transport tizimini yo‘lga qo‘yish va xavfsizlikni oshirish;

• Tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga oid qonun loyihasi ishlab chiqish.

Tegishli qonun loyihasi ishlab chiqarilishi lozim

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi, deyiladi xabarda.