$
 12984.44
9.35
 13442.79
69.36
 129.90
2.27
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 21-yanvar voqealari

Qora 21-yanvar

 Toshkentda 6 yoshli bola issiq suv quvuriga tushib ketib, vafot etdi

Toshkentda 6 yoshli bola issiq suv quvuriga tushib ketganligi sababli vafot etdi, deb xabar bermoqda bugun.uz.

Xabarga ko’ra, “Kommunalchi issiqlik quvvatta’mir” MCHJning tashqi trubalarni ta’mirlash montajchisi temir sex maydonidagi yer ostidan o‘tgan issiqlik trubalari joylashgan quvurda uning ustki temir-beton qoplamasini olib tashlab ta’mirlagan va ishlarni yakuniga yetkazmasdan ochiq holatda qoldirgan.

Oqibatda 2024-yil 9-iyul kuni 2018-yilda tug‘ilgan bola ochiq qoldirilgan quvur ichiga tushib ketib, yuqori nafas yo‘llarining suyuqlik bilan berkilishi hamda issiq suvdan 100 foiz kuyish oqibatida vafot etgan.

Qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari sotuvga qo‘yilganligi aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “H.B.” oilaviy korxonasi, YATT “H.J.”, “R.D.” va “D.T.” hamda “M.O.” MCHJlarga tegishli savdo do‘konlrida turli nomdagi jami 848 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Sho‘rchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.Yu.ga tegishli savdo do‘konidan umumiy bahosi 23 mln so‘mlik jami 511 dona tegishli hujjatlari bo‘lmagan hamda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Toshkentda taksichi va uning sherigi uxlab qolgan yo‘lovchi nomiga 12 mln. kredit oldi

Ijtimoiy tarmoqlarda taksi haydovchisi yoʻlovchini oʻchirish va unga onlayn mikroqarz berish uchun tarkibida giyohvand modda boʻlgan suvdan foydalangani haqida maʼlumot tarqaldi.

Poytaxt IIBB matbuot xizmatining xabar berishicha, mast ayol ziyofatdan soʻng yoʻl chetiga chiqib, yoʻl-yoʻlakay kelayotgan taksini ushlab, uni Mirzo Ulugʻbek tumani Temur Malik koʻchasigacha olib borishni soʻragan.

Avtomobilda ikki nafar fuqaro boʻlib, uni 20 ming soʻmga olib borishga rozi boʻlgan. Ayol aynan qayerga borishini tushuntira olmadi va uyali telefon orqali geolokatsiyani koʻrsatdi, shundan soʻng uxlab qoldi. Ayni paytda jinoyatchilar vaziyatdan foydalanib, uning mobil telefoni orqali fuqaroga 12 million soʻm miqdorida mikroqarz rasmiylashtirib, pul mablagʻlarini oʻzining bank plastik kartasiga oʻtkazgan.

Mazkur holat yuzasidan “Oʻgʻirlik” moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Suiqasdchilar qoʻlga olindi.

Farg‘onada mast haydovchi boshqaruvidagi Damas urib yuborgan ikki kishi vafot etdi

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida Damas urib yuborgan ikki yo‘lovchi halok bo‘ldi. Bu haqda Zoʻr telekanalining Bu kun dasturida xabar berildi.

Holat Quva — Marg‘ilon — Marhamat yo‘lining Toshloq tumani Yakkatut mahallasidan o‘tuvchi ichki qatnov yo‘lda sodir bo‘lgan. 34 yoshli Damas haydovchisi spirtli ichimlik ta’sirida avtomashinani yuqori tezlikda boshqarib ketayotib oldinda velosipedda ketayotgan fuqaroni urib yuborgan.

So‘ngra u qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, yo‘l chetida onasi bilan ketayotgan 5 yoshli qizni ham urib, voqea joyidan qochib ketgan. Hodisa oqibatida bola shifoxonada, 71 yoshli erkak esa hodisa joyida vafot etgan.

YTH yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumonlanuvchiga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Namangan va Samarqandda 2,1 mlrd. so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi

Namangan va Samarqand viloyatlarida jami 2,1 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Namangan shahrida yashovchi fuqaro Z.R. xonadonida novvoyxona tashkil etib, tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u faoliyati davomida davlat manfaatlariga 362,5 mln so‘mlik zarar yetkazgan.

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida “S.Sh.” oilaviy korxonasiga qarashli novvoyxonada ham tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanilgani oqibatida 1,3 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, viloyatning Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro A.M. ham o‘z xonadonida noqonuniy issiqxona tashkil qilib, tabiiy gaz tarmog‘iga yashirincha ulangani oqibatida davlat manfaatlariga 462,7 mln so‘mlik zarar yetkazgan.

Hozirgi vaqtda mazkur holatlar bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent aeroportida ikki qizni Turkiyaga fohishalikka yubormoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Toshkent xalqaro aeroportida 2 nafar qizni aldov yo‘li bilan Turkiyaga jo‘natayotgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

Nurafshon shahrida yashovchi 25 yoshli ayol N.K. oson pul topish maqsadida Bekobod shahri va O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi 21 yoshli ikki qiz — S.T. va M.M.ni katta pul topishga ishontirgan.

Biroq u qizlarni aeroportda Istanbul shahriga fohishalik uchun jo‘natayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksi 135-moddasi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari boshlangan.

Ma’lumot uchun, odam savdosi jinoyatini sodir qilganlar 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Farg‘onada qimorxona tashkil qilgan shaxslar IIB xodimlariga bolta va pichoq bilan hujum qildi

Farg‘ona viloyati IIB Tezkor xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tezkor tadbir davomida Farg‘ona viloyati Quva tumani Soykeldi mahallasida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z xonadonida qimorxona tashkil etganligi aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, u o‘z xonadoniga Andijon viloyati va Quva tumani fuqarolaridan jami 9 nafar shaxslarni jalb etgan.

Tezkor tadbir davomida yuqoridagi shaxslar tomonidan IIB xodimlariga bolta va pichoq bilan ko‘rsatilgan faol qarshilikka qaramasdan, gumonlanuvchilarning barchasi jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Ushbu o‘yinda fuqarolar tomonidan o‘yinga tikilgan jami 17 mln. so‘mdan ziyod pullar, 200 AQSH dolari va 35 rubl kupyuradagi pullar, 8 dona oshiq va 25 dona oshiq otish uchun stakanlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Теги :
Jamiyat