$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 10-iyul voqealari

Qora 10-iyul

Tanishining boshiga bolta bilan tushirgan shaxs qamoqqa olindi

Joriy yil 8-iyul kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani Dexqonobod mahallasida yashovchi S.Sh. boshidan olgan og‘ir tan jarohatlari sabab hududiy tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Viloyat IIBning holat yuzasidan olib borgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida o‘sha kuni soat 10:30 larda S.Sh. tanishi, Q.R. bilan o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjallashib qolgani va natijada Q.R. boshqaruvidagi “Tico” rusumli avtomashinasi yukxonasida bo‘lgan xo‘jalik boltasi bilan S.Sh.ning bosh sohasi orqa qismiga bir marta urib, og‘ir tan jarohati yetkazgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Ishtixon tumani IIB xuzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Gaz ta’minoti bo‘limi mas’uli pora bilan qo‘lga tushdi

“O‘rtachirchiq tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi S.S. tumandagi non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sexini gaz tarmog‘iga ulashga ruxsat berish hamda elektron hisoblagich o‘rnatish evaziga 8,5 ming dollar miqdoridagi pullarni pora tariqasida olgan vaqtda ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman gaz ta’minoti korxonasi bosh muhandisi S.S. protsessual tartibda ushlandi.

“Qorbobojon qorbobo...” nomli videoni ulashgan fuqaro 3 yilga qamaldi

“Qorbobojon qorbobo, jahannamda bor bobo” nomli aqidaparastlik g‘oyasini targ‘ib qiluvchi videoni ulashgan 28 yoshli fuqaro 3 yilga kesildi.

Bildirilishicha, 1996-yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro T.J. joriy yilning 25-yanvar kuni o‘zining Instagram sahifasida noma’lum ijrochi tomonidan ijro etilgan “Qor bobojon qor bobo, jahannamda bor bobo...” deb boshlanuvchi aqidaparastlik g‘oyasini targ‘ib qiluvchi qo‘shiq mavjud bo‘lgan videomaterialni tarqatgan.

Sudlanuvchi T.J. sudda, o‘ziga qo‘yilgan aybga iqrorlik bildirib, taqiqlangan diniy mazmundagi materiallarni tarqatish jinoyat ekanligini bilmasligini aytgan.

Yashnobod va Qo‘shko‘pir tumanlarida valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Visol” ko‘chasidagi xonadonida valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan M.X. fuqaro J.X.ga jami 5 150 AQSH dollarini 65 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, undan yonidan 90,5 mln. so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Qo‘shko‘pir tuman bo‘limi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan T.R. fuqaro E.Q.ga jami 3 500 AQSH dollarini 43,7 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bog‘dan olma o‘g‘irlagan bolalarni kaltaklagan erkak “samosud” qilindi

Samarqandda bog‘dan olma o‘g‘irlagan bolalarni arqon bilan bog‘lab haqorat qilgan va urib, tan jarohati yetkazgan erkak “samosud” qilindi.

Bildirilishicha, “Oqoltin” mahallasida yashovchi fuqaro T.O‘. o‘ziga tegishli olma bog‘ida mevalarni o‘g‘irlayotgan voyaga yetmagan bolalarni ushlab olgan va ularni chaylasiga olib kelib, o‘g‘rilik qilgani uchun og‘zaki koyib tanbeh bergan. Shundan so‘ng bolalardan birining otasi bog‘ga kelib, T.O‘.ni urib tan jarohati yetkazgan, qo‘l va oyoqlarini arqon bilan bog‘lab “samosud” qilgan. Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 8-iyul kuni bog‘ egasi Narpay tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shuningdek, bolalarning otasi ham joriy yilning 6-iyul kuni Narpay tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, arizasida qishloqdoshi T.O‘. ning olma bog‘idan olma mevalarini o‘g‘irlagan voyaga yetmaganlarni haqorat qilib, urib tan jarohati yetkazganligini va arqon bilan bog‘lab qo‘yganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Теги :
Жамият