$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 27-mart voqealari

3 27

Hayvonot bog‘ida emu zaharlandi

Toshkent hayvonot bog‘ida tomoshabinlar hayvonlarga yegulik berishi yana bir noxush hodisaga olib keldi. Bog‘ning Telegram-kanalida 26 mart kuni emu (uchmaydigan qush)lar katagida ro‘y bergan holat videosi e’lon qilindi.

Videoda ko‘rinishicha, tomoshabin yigit ikkita emu turgan katakka qandaydir yegulik otgan, lekin uning hammasi ham qushlargacha bormay, setkaning tagiga tushgan. Emulardan biri uni yemoqchi bo‘lib bo‘yin cho‘zganida boshi setkaga tiqilib qolgan, qush qattiq tipirchilagancha boshini chiqarib olgan.

Rossiyaga ketayotganlarga ogohlantiruv

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaga borayotgan, ushbu mamlakatda bo‘lib turgan yoki chiqib ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi.

“Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida 22 mart kuni yuz bergan terakt sababli butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shu munosabat bilan, Rossiyaga borayotgan, ushbu mamlakat hududida bo‘lib turgan yoki mamlakatdan chiqib ketayotgan yurtdoshlarimizdan ushbu xavfsizlik choralari talablarini inobatga olgan holda harakatlanishni so‘raymiz.

Xususan, shaxsni taqdiqlovchi va mamlakatda bo‘lish yoki ishlash huquqini beruvchi hujjatlarni o‘zlari bilan birga olib yurish, jamoat joylarga sababsiz bormaslik, notanish yoki shubhali insonlar bilan muloqotga kirishmaslik, telefon va boshqa qurilmalarda taqiqlangan foto, audio va video materiallarni saqlamaslik, safar rejalashtirilgan bo‘lsa, vokzal yoki aeroportga belgilangan vaqtdan oldinroq borish kabilar tavsiya qilinadi.

Yurtdoshlarimiz biror muammoga duch kelganda yoki o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollar bilan mamlakatimizning konsullik idoralari yoki Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasiga murojaat qilishi mumkin”, – deyiladi xabarda.

Shifoxona zinasi ostiga chaqaloq tashlab ketildi

Joriy yil 21-mart kuni Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi travmatologiya bo‘limi binosining ikkinchi qavatga ko‘tarilish zinasining tagiga noma’lum shaxs tomonidan chaqaloq tashlab ketilgan.

O‘sha zahotiyoq Qarshi shahar IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismiga xabar berilgan va hodisa sodir bo‘lgan joy tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan.

Chaqaloq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda tug‘ilganiga yigirma kun bo‘lgani, umumiy ahvoli qoniqarli, tanasida tan jarohati belgilari aniqlanmagan.

Piyodalar yo‘lakchasidagi “Damas”

Ijtimoiy tarmoqlarda “Damas” avtomashinasi piyodalar yo‘lakchasida harakatlanayotgani aks etgan videolar tarqaldi. IIBB YHXB holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Toshkent shahrining Izzat ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan “Damas” avtomashinasiga turli vositalar o‘zboshimchalik bilan qo‘yilgan. Avtomashinaning davlat raqamidagi harflar ham yaxshi ko‘rinmaydigan holatga kelib qolgan. Haydovchining aytishicha, u dastlab piyodalar yo‘lakchasiga qaragan va hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach harakatlangan. Bu ishni yo‘l tirband bo‘lgani uchun qilganini aytgan.

“Damas” avtomashinasi haydovchisiga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma tuzilib, avtomashina vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yildi.

Zangiota tumanida “Mayning ferma” tashkil etgan shaxs aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tuman bo‘limi, DXX, IIB va ETK xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Tokzor” MFY hududidagi xonadonda yashovchi U.O. o‘z uyida 6 dona to‘plamdagi mayning kripto-aktivlari qurilmalarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulab, davlat va jamiyat manfaatlariga 789,8 mln. so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.