$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 26-mart voqealari

3 26

Tilanchilar foydalanayotgan bolalar

Tilanchilikni o‘ziga kasb qilib olgan ayollar pul ishlash maqsadida boshqalarning farzandlarini ijaraga olgani ma’lum bo‘ldi.

Uchtepa tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari Abdurashid Ochilovning so‘zlariga ko‘ra, tumandagi masjidlar atrofi va chorrahalarda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan 26 nafar ayol aniqlangan. Ularning 13 nafar farzandi ta’lim doirasidan chiqib ketib shu ish bilan shug‘ullanib yurgani sababli Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Bundan tashqari, 3 yoshga to‘lmagan, 1,5 yoshlar atrofidagi 3 nafar bola o‘zining onasi bo‘lmagan boshqa ayollar tomonidan tilanchilik quroli sifatida foydalanilayotgani ma’lum bo‘lgan. Bolalarni o‘rnatilgan tartibda go‘daklar uyiga joylashtirish choralari ko‘rildi.

O‘quvchini zo‘rlagan o‘qituvchi 8 yilga qamaldi

Shahar sudi xabariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida A.S. (1957 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, nafaqaxo‘r, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq A.S. Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Korrupsiya statistikasi

2023-yilda korrupsiyaga oid jinoyat ishlari o‘tgan yilga nisbatan 11 foizga kamaygan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.

O‘tgan yili respublika bo‘yicha jami 6 535 nafar shaxs (2022-yilda 7 414 nafar) korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, 2022-yilga nisbatan javobgarlikka tortilganlar soni 879 nafarga yoki 12 foizga kamaygan. 

Javobgarlikka tortilgan 6 535 nafar shaxsning 1 076 (1482) nafari yoki 16,4 foizi (20 foizi) ozodlikdan mahrum etilgan.

Eng ko‘p sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish - 2 067 (2 145), pora berish - 894 (1 061), firibgarlik - 769 (937), pora olish -121 (155) va hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish - 125 (117) hisoblanadi.

2023 yilda korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar soni Andijon - 971 (913), Sirdaryo - 472 (459), Surxondaryo - 332 (302) viloyatlarida oshgan.

Telefon e’loni bilan firibgarlik qilgan bola qo‘lga olindi

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi 33 yoshli Sh.S. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 1 300 000 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi 23 yoshli S.Yu. sodir etgani aniqlangan.

Sel-suv toshqinidan ogohlantiruv

26-30 mart kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

26-28 mart kunlari shamol tezligi 15-20 metr/sekundgacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 22-25 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.

Kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli, 26-31 mart kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘ralgan.

Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planish ehtimoli bor, bu esa hududlarning suv bosishiga olib kelishi mumkin.