$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 30-oktyabr voqealari

Qora 30-oktyabr

Samarqandda yo‘l chetidagi “KamAZ”ga urilgan Nexia haydovchisi vafot etdi

Samarqand viloyati Jomboy tumanida 27-oktabr kuni odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyati YHXB ma’lumot berdi.

YTH soat 4:00 atrofida G‘azira mahallasidan o‘tgan yo‘lda yuz bergan. Nexia haydovchisi harakat vaqtida o‘zi tomondagi yo‘l chetida nosoz holda to‘xtab turgan “KamAZ-5511” yuk mashinasining old o‘ng tomoniga borib urilgan.

Oqibatda Nexia haydovchisi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonada vafot etgan.

YTHB mutasaddilari hodisa yuz bergan mahallada aholi bilan yig‘ilish o‘tkazib, yo‘llarda qoidalarga amal qilishga chaqirdi.

Saylovda bir kishiga bir necha byulleten bergan saylov komissiyasi a’zosi jarimaga tortildi

2024-yil 29-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tuman sudida saylovda bir kishi bir necha kishiga ovoz berishga yo‘l qo‘ygan shaxs ustidan sud bo‘lib o‘tdi.

Hujjatda keltirilishicha, 2024-yil 27-oktabr kuni Xalq deputatlari tuman kengashiga o‘tkazilgan saylov jarayonida Dang‘ara tumanidagi 541-saylov uchastkasi saylov komissiyasi a’zosi M.A. fuqaro M.M.ga boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun jami 4 tadan ortiq bo‘lgan saylov byulletenlarini berib, saylov o‘tkazish qonunchiligini buzilishiga yo‘l qo‘ygan.

Sud M.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51−10-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi va unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 1 (bir) baravari miqdorida — 375 ming so‘m jarima jazosini tayinladi.

Toshkentda skuter va Tracker to‘qnashdi, skuter haydovchisi jarohatlandi

Toshkent shahrida Tracker va skuter to‘qnashdi, deya xabar qildi shahar YHXB matbuot xizmati.

Holat 2024-yilning 30-oktabr kuni soat 12:30 larda Yashnobod tumani Mustaqillik ko‘chasida sodir bo‘lgan. Unda 1987-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Tracker va 1999-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvida bo‘lgan skuter to‘qnashgan. Boshqarma voqea tafsilotlarini ochiqlamagan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida skuter haydovchisi tan jarohat olgan.

Chet davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Payariq tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda fuqarolar S.Sh. (muqaddam sudlangan) va D.E. o‘zaro til biriktirib, fuqaro X.A.ning ishonchiga kirib, Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishlarini va’da qilishib, buning uchun 18 000 AQSh dollari miqdorida xarajat qilganliklarini aytib, evaziga X.A.ning “Toxirshayx” mahallasida joylshagan uy-joyini firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirib olishga erishganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning G‘allaorol tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiriuda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan M.I. fuqaro O.P.ning ishonchiga kirib, uni Koreya davlatiga ishga yuborishi evaziga 12 600 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

2 ta AYOQSHda avtobenzin davlat standart talablariga mos kelmaslik holati aniqlandi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo’mitasi hamkorligida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida AYOQSHlarda qoidabuzarlik holatlari aniqlanmoqda.

Xususan, Chirchiq shahrida joylashgan “N.R.S.” MChJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida sotilayotgan avtobenzindan namuna olinib, laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilganda AI-95-rusumli avtobenzin davlat standart talablariga mos kelmasligi (sifatsiz) aniqlandi.

Shuningdek, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “D.” MChJga qarashli AYOQShda ham bu kabi holat aniqlandi hamda nostandart yelim idishlarga qoidalarga zid ravishda avtobenzin sotilishi ham ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ushbu AYOQShlarda kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatildi.

Теги :
Jamiyat