$
 11968.59
16.35
 14020.01
56.21
 147.74
-0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Teskari effekt: Hozir neft bozori qanday ahvolda?

Neft

Neft bugungi kunda ham jahon iqtisodiyotining eng muhim resurslaridan biri sifatida qolmoqda. U iqtisodiyotning istalgan turi – transport, sanoat, xalqaro savdo va geosiyosatda hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi. Jahonning eng yirik neft zaxirasiga ega davlat atrofidagi so‘nggi mojarolar esa neftni kun mavzusiga olib chiqdi.

AQSh tomonidan Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi va Donald Trampning ushbu mamlakat neft zaxiralarini “kashf etish” haqidagi va’dalari jahon moliya bozorlarida kutilmagan teskari effektni hosil qildi. Odatda siyosiy beqarorlik narxlarning ko‘tarilishiga sabab bo‘lsa, bu safar narxlar tusha boshladi. 

Neft narxlarining pasayishi

5-yanvar, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan savdolarda jahon bozorida neft narxlari pasaydi. Brent markali neft narxi 0,7 foizga arzonlab, bir barrel uchun 60,33 dollarni tashkil etdi. WTI (West Texas Intermediate) nefti esa 0,54 foizga tushib, 56,01 dollarga teng bo‘ldi.

Venesuela omili va bozor kutilmalari

Financial Times’ning yozishicha, investorlar Venesuelada hokimiyat o‘zgarishi mamlakatning ulkan neft zaxiralarini yana xalqaro bozorga olib chiqishi mumkinligi haqidagi ehtimolni narxlarga oldindan kiritmoqda. Shu bois bozorda neft yetishmovchiligi haqidagi xavotirlar susayib, aksincha, yaqin kelajakda taklif ko‘payib ketishi mumkin bo‘lgan ssenariy tobora kuchaymoqda.

Katta zaxira, ammo past ishlab chiqarish

Ko‘p yillar davom etgan sanksiyalar va investitsiya yetishmasligi natijasida Venesuela hozirda jahon neft ishlab chiqarishining atigi 1 foizini ta’minlamoqda. Shunga qaramay, AQSh Energetika axborot boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha tasdiqlangan neft zaxiralarining 17 foizi aynan Venesuela hissasiga to‘g‘ri keladi.

2 milliard dollarlik sarmoya rejasi

AQShning yirik neft kompaniyalari hozircha ehtiyotkorlik bilan pozitsiya egallayotgan bir paytda, Chevron’ning Lotin Amerikasi bo‘yicha sobiq rahbari Ali Moshiri Venesueladagi loyihalar uchun 2 milliard dollar sarmoya ajratilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Amos Global Energy Management jamg‘armasi allaqachon investitsiya kiritilishi mumkin bo‘lgan bir nechta obyektlarni tanlab olgan.

Tiklanish uzoq muddat talab qiladi

Mutaxassislar Venesuela neft sanoatining tez tiklanishiga shubha bilan qaramoqda. XTB brokerlik firmasi tadqiqot direktori Ketlin Bruksning ta’kidlashicha, mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash uchun yangi quduqlar qazish va mavjud zavodlarni modernizatsiya qilish zarur. Bu jarayon 2030-yilgacha, balki undan ham ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin.

Yangilangan neft zaxiralari

Mojarolar fonida Visual Capalist tomonidan yangilangan dunyo neft zaxirasi statistikasi taqdim etildi. Unga ko‘ra, eng yuqori o‘nlikka kirgan mamlakatlar global tasdiqlangan zaxiralarning juda katta qismini nazorat qiladi. Ayniqsa, Yaqin Sharq davlatlari yetakchi bo‘lib, neft bozori narxlari va taklifiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, zaxira hajmi doimo yuqori ishlab chiqarish yoki eksportni anglatmaydi — siyosiy barqarorlik, sanksiyalar, texnologiya va ekologik omillar muhim rol o‘ynaydi.

Venesuela dunyodagi eng katta tasdiqlangan neft zaxirasiga ega. Biroq zaxiralarning asosiy qismi og‘ir neft va neft qumlaridan iborat bo‘lgani uchun qazib olish qimmat va murakkab. Siyosiy inqiroz va sanksiyalar sabab real ishlab chiqarish salohiyati to‘liq ishga solinmagan.

Saudiya Arabistoni global neft bozorining tayanch ustunidir. Katta zaxiralar bilan birga, qazib olish xarajatlari past va infratuzilma rivojlangan. Shu sababli mamlakat nafaqat zaxira, balki ishlab chiqarish va eksportda ham yetakchi bo‘lib qolmoqda.

Eron juda yirik zaxiralarga ega bo‘lsa-da, uzoq yillik sanksiyalar uning neft sektorini cheklab kelmoqda. Potensial juda katta, ammo tashqi bozorga chiqish va texnologik yangilanish muammolari mavjud.

Kanada zaxiralari hajman yuqori bo‘lib, asosan neft qumlariga to‘g‘ri keladi. Bu resurslar uzoq muddatli strategik ahamiyatga ega, biroq qazib olish qimmat va ekologik talablar juda qat’iy.

Iroq nisbatan oson qazib olinadigan, sifatli neft konlariga ega. Agar siyosiy barqarorlik mustahkam bo‘lsa, Iroq yaqin yillarda ishlab chiqarishni sezilarli oshirish salohiyatiga ega.

BAA neftni samarali boshqarish va zamonaviy texnologiyalar joriy etish bilan ajralib turadi. Zaxiralari Saudiya Arabistoniga qaraganda kamroq bo‘lsa-da, barqaror ishlab chiqarish modeli mavjud.

Quvayt hududi kichik bo‘lishiga qaramay, juda katta neft zaxirasiga ega. Bu mamlakat uchun neft uzoq muddatli iqtisodiy tayanch bo‘lib qolmoqda.

Rossiya keng hududga tarqalgan konlarga ega. Zaxiralar muhim bo‘lsa-da, sovuq iqlim, logistika va sanksiyalar qazib olish samaradorligiga ta’sir qiladi.

Liviya Afrika qit’asida yetakchi o‘rinda. Geologik sharoit qulay, biroq siyosiy beqarorlik sabab ishlab chiqarish tez-tez to‘xtab qoladi.

AQSh zaxira hajmi bo‘yicha o‘nlikning oxirida bo‘lsa ham, slanes nefti texnologiyasi tufayli dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Bu holat zaxira va real ishlab chiqarish o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatadi.

TOP‑10 mamlakatlar misolida ko‘rinadiki, neft zaxiralari ko‘proq Yaqin Sharq va Amerika qit’alarida jamlangan. Eng katta zaxiraga ega bo‘lish iqtisodiy ustunlik bersa-da, undan samarali foydalanish siyosiy barqarorlik, investitsiya muhiti va texnologik imkoniyatlarga bog‘liq. Shu sababli kelajakda global neft bozorida nafaqat zaxira hajmi, balki qazib olish samaradorligi va barqarorlik hal qiluvchi omil bo‘lib qoladi.

Qog‘ozdagi ulkan ustunlik

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Venesuela jahon neft zaxiralarining qariyb 17 foiziga ega. Bu ko‘rsatkich Venesueladagi neft hajmi AQSh dagidan to‘rt baravar ko‘p ekanini va hatto Saudiya Arabistonini ham ortda qoldirishini anglatadi. Geologik nuqtayi nazardan, Venesuela mutlaq gigant hisoblanadi.

Amaldagi manzara: ishlab chiqarish tanazzuli

Shunga qaramay, real holatda Venesuela jahon neft ishlab chiqarishining 1 foizidan kamini ta’minlamoqda. Bu ko‘rsatkich AQSh darajasining atigi 5 foiziga, Saudiya Arabistoni darajasining esa qariyb 10 foiziga teng. Mazkur tafovut shuni ko‘rsatadiki, yer ostidagi neft zaxiralari avtomatik tarzda yuqori ishlab chiqarishni kafolatlamaydi.

Geologiya emas, texnologiya hal qiladi

Venesuela tajribasi shuni isbotlaydiki, geologiya taqdirni belgilab bermaydi. Hal qiluvchi omillar — texnologiya, boshqaruv sifati va investitsiya muhitidir. Aynan shu jihatlar yetishmagan sharoitda eng boy resurs bazasi ham samarasiz bo‘lib qolishi mumkin.

“Resurs la’nati”ning klassik namunasi

2010–2024-yillar oralig‘ida Venesuela eng yirik neft zaxiralaridan biriga ega bo‘la turib, ishlab chiqarish hajmini qariyb 70 foizga qisqartirdi. Bu holat investitsiyalar yo‘qligi va samarasiz boshqaruv sharoitida yuzaga keladigan “resurs la’nati”ning yaqqol misoli hisoblanadi.

AQSh misoli: kam zaxira, yuqori natija

Bunga qarama-qarshi tarzda, AQSh slanes inqilobi tufayli nisbatan kichik zaxiralarga ega bo‘lsa-da, isbotlangan neft zaxiralarini 110 foizga, ishlab chiqarishni esa 160 foizga oshirdi. Bugungi kunda AQSh kondensat va NGL bilan birga kuniga 20 million barreldan ortiq neft qazib chiqarmoqda.

Geosiyosiy mantiq va Venesuela nefti

Geosiyosiy nuqtayi nazardan qaralganda, ishlab chiqarishi so‘nggi 15 yil davomida izchil pasayib kelayotgan Venesuela nefti uchun AQShning harbiy yoki keskin siyosiy harakatlarga borishida iqtisodiy mantiq deyarli yo‘q.

Saudiya Arabistoni modeli: muvozanat va barqarorlik

Saudiya Arabistoni asosiy farqni aniq namoyon etadi: u zaxiralarni real ishlab chiqarishga aylantira olish qobiliyatiga ega. Bu mamlakatda neft zaxiralari va ishlab chiqarish hajmi o‘rtasida barqaror muvozanat mavjud. Venesuelada esa aksincha — zaxiralar qog‘ozda “o‘sadi”, ishlab chiqarish esa yildan yilga kamayadi.

O‘xshash muammo: Qozog‘iston gaz sektori

Gaz sohasida Qozog‘iston ham o‘xshash vaziyatga duch kelmoqda. Rasmiy ravishda 62 trillion kub metr deb baholanayotgan gaz salohiyatiga qaramay, mamlakat yiliga atigi 30 milliard kub metr tovar gaz ishlab chiqaradi (AQShda bu ko‘rsatkich qariyb 1000 milliard kub metr). Gazning katta qismi esa neft qazib olishni saqlab turish uchun qayta qatlamga haydaladi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda jahon energetikasida ustunlik resurslar hajmi bilan emas, balki ularni qanchalik samarali, texnologik va barqaror tarzda qazib olish bilan belgilanadi. AQSh aynan shu yo‘l orqali global yetakchiga aylandi. Venesuela esa ulkan neft zaxiralariga ega bo‘lsa-da, ishlab chiqarish hajmi nihoyatda past bo‘lgan davlatga aylandi.

Neft narxi pasayishi fonida dollar mustahkamlandi

Neft arzonlashgan bir paytda AQSh dollari, aksincha, kuchayishni boshladi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, dollar indeksi so‘nggi ikki haftadagi eng yuqori darajaga chiqib, 0,3 foizga oshdi. Shu bilan birga, rivojlanayotgan davlatlar valyutalari bosim ostida qoldi: Meksika pesosi 0,7 foizga, yevro esa 0,3 foizga qadrsizlandi. AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari daromadliligi esa bir bazis punktga kamaydi.

Venesuela obligatsiyalari qimmatlashdi

Bundan tashqari, Venesuelada yuz berayotgan siyosiy jarayonlar mamlakat davlat obligatsiyalari narxining oshishiga olib keldi. 2017-yildagi defoltdan so‘ng keskin qadrsizlangan qimmatli qog‘ozlar Maduro hokimiyati ag‘darilishi haqidagi xabarlar ortidan tez sur’atda ko‘tarildi. Xususan, 2027-yilda muddati tugaydigan obligatsiyalar narxi har bir dollar uchun 31,5 pensdan 40 pensgacha oshdi.

Xitoy banklari ehtimoliy moliyaviy xatarlarga tayyorlanmoqda

Venesueladagi vaziyat sabab Xitoy hukumati o‘z banklariga ushbu mamlakat bilan bog‘liq aktivlar va kreditlar bo‘yicha batafsil hisobot taqdim etishni buyurdi. Bloomberg nashrining yozishicha, Xitoy bank sektori yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy zarbalarga oldindan tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Investorlar xavfsiz aktivlarga o‘tmoqda

Geosiyosiy beqarorlik sharoitida investorlar o‘z mablag‘larini himoyalashga intilmoqda. Natijada oltin narxi 2 foizga oshib, bir unsiyasi 4 413,93 dollarni tashkil etdi. Kumush 3,5 foizga qimmatlashdi. Bitkoin ham 1,1 foizga oshib, 92 504 dollarga yetdi.

Теги :
Iqtisodiyot
Siyosat