$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi koʻpaymoqda: Qonunchilikda boʻshliq bormi?

Sudlangan

Bugungi kunda maʼmuriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi huquqiy taʼsir choralarining qayta ko‘rib chiqilishini talab etmoqda. Bu haqda Senatning ellik toʻqqizinchi yalpi majlisida maʼlum qilindi.

Maʼmuriy nazorat oʻrnatish soni ortmoqda

2023-yilda maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi 5 529 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy nazorat o‘rnatilgan. 2024-yilning 9 oyida 5 689 nafarni tashkil etgan va bu toifadagi shaxslar 160 nafarga ortgan.

Bundan tashqari, 2023-yilda 83 763 nafar shaxs ichki ishlar organlarining probatsiya nazoratida turgan bo‘lsa, 2024-yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich 86 226 nafarni tashkil etgan, yaʼni joriy yilda bunday shaxslar 2 463 taga ko‘paygan.

Taqiqlarga rioya qilmayotgan shaxslar

2023-yilda maʼmuriy nazoratda turgan 4 167 nafar shaxs sudlar tomonidan o‘rnatilgan taqiq (cheklov)larga rioya qilmaganligi uchun ularga birinchi marotaba maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 2024-yilning 9 oyida 3 153 nafar shaxsga maʼmuriy bayonnomalar tuzilgan.

Aynan shu toifadagi shaxslar sudlar tomonidan belgilangan taqiq (cheklov)larga bir necha bor rioya qilmaganligi uchun 2023-yilda 717 nafar va 2024-yilning 9 oyida esa 637 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 226-moddasi (Maʼmuriy nazorat qoidalarini buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.

Qonunchilikka ehtiyoj bor

Bugungi kunda sud tomonidan belgilangan cheklovlar va majburiyatlarga rioya etmayotgan probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilayotgani tufayli, shu jumladan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tezkor hamda taʼsirchan choralar ko‘rilishini taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlarni berish zarurati yuzaga kelmoqda.

Nimalar oʻzgarmoqda?

Muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206 va 248-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206-moddasi sanksiya qismiga amalda bo‘lgan jarima jazosidan tashqari maʼmuriy qamoq jazosi ham kiritilmoqda.

Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining nazorati ostidagi shaxs tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma tuzish uchun uni hududiylik jihatdan yaqin orada joylashgan tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish kerak, bu probatsiya xodimining ish samaradorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois muhokama qilinayotgan Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasi to‘rtinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish orqali ichki ishlar organlarining 1852 va 187-moddalari bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolatini probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga berish normasi belgilab qo‘yilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi maxsus toifadagi shaxslar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha aniqlangan joyning o‘zida taʼsir choralarini qo‘llashga, ushbu toifa shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar samaradorligining oshishiga hamda fuqarolarning behuda ovoragarchiliklarining oldi olinishiga xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat