$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent viloyatida 9 ta yangi muzlik kashf etildi

Muzlik

Habib Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutining Glyatsial geologiya markazi xodimlari Ohangaron havzasining muzliklarini tadqiq etdi.

9 ta yangi muzlik topildi

Ekspeditsiya jarayonida dengiz sathidan 3.6 kmdan yuqorida Zikr ko‘li yuqori qismida ekspeditsiya davrida fan uchun hozirgacha noma’lum bo‘lgan bir nechta muzliklar topilgan. Ushbu havzada jami 9 ta muzlik mavjud bo‘lib, umumiy 0,63 km² maydonga ega.

Xabarda yozilishicha, 9 ta nomsiz muzliklarning eng kattasi uzunligi 750 metr, maydoni 0,25 km² hamda hajmi 8.5 mln. metr kubga teng. Bu muzliklar avval o‘rganilmagani bois ularning nomlari ham yo‘q. Markaz ilmiy xodimi Sarkorbek Suvonqulovning xabar berishicha, muzliklarning morfologik ko‘rsatkichlari qayd etilib, ularga shakllangan hududiga mos ravishda nom berildi. Ma’lumot uchun, muzliklarning eng kattasi Zikr-2 deb nomlangan.

Muzliklarning suv resurslariga ta’siri

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov o‘zining Telegram sahifasida yangi kashf qilingan muzliklar va ularning ahamiyati haqida tushuntirish berdi. “Bitta shu muzlik (muzliklarning eng kattasi Zikr-2 nazarda tutilyapti) 10 mln. metr kub suv hajmini beradi. To‘g‘ri, yiliga 30 mlrd. metr kub suv iste’mol qiladigan O‘zbekiston uchun bu muzlikning ulushi u qadar sezilmas, ammo, iqlim o‘zgarishi tufayli uning jadal erishi, har yili erigan muzlik o‘rnini qayta muzlik egallamasligi kelgusida bir havza misolida yetarlicha suv tanqisligini keltirishi bor gap. Qolaversa, muzlik ustida tadqiqotlarni kengayishi tog‘li hududlarda shakllanadigan suv zaxiralarimizning kelgusi taqdiri haqida to‘liqroq ma’lumotlarni olishda ahamiyatli hisoblanadi. Bu muzlikka yetib borish ham juda mashaqqatli,” - deydi u.

Erib bitayotgan muzliklar va ularning ahamiyati

Aytish mumkinki, Markaziy Osiyo mintaqasi suv tanqisligi bilan yuzlashish arafasida turibdi, va muzliklarning erishi bu muammoni yanada kuchaytirishi mumkin. Muzliklar asta-sekin erib, tog‘ daryolariga doimiy suv manbai bo‘lib xizmat qilmoqda, ammo iqlim o‘zgarishi ularning qayta shakllanishiga imkon bermayapti. Shu bilan birga, aholi sonining o‘sishi, qishloq xo‘jaligi va sanoatning suvga bo‘lgan ehtiyoji oshib borayotgan davrda muzliklar hayotiy ahamiyat kasb etadi. Suvning tugashi faqat qishloq xo‘jaligi va ichimlik suvi ta’minotiga tahdid solib qolmay, balki hududning ijtimoiy va iqtisodiy barqarorligiga ham xavf tug‘diradi. Muzliklar erib ketgan sari, bu hududda suv tanqisligi ekologik va iqtisodiy inqirozga olib kelishi mumkin. Muzliklar tabiiy suv omborlari sifatida xizmat qilgan bo‘lsa, ularning yo‘qolishi kelajakda katta suv yetishmovchiligiga olib keladi, bu esa Markaziy Osiyoning suv resurslariga bo‘lgan xavfni yanada dolzarblashtiradi.

Masalaning boshqa tomoni ham borki, iqlimning o‘zgarishi kelajakda tog‘li hududlarda muz erishi oqibatida hosil bo‘ladigan ko‘llar ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Bu ko‘llar tabiiy dambaga ega bo‘lib, kelajakda tog‘li hududlarda kutilmagan toshqinlarga olib kelishi ham mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Toshkent viloyatida 212 ta muzlik bor. Avvalroq, Toshkent viloyatidagi Paxtakor deb atalgan eng katta muzliklardan biri shiddat bilan eriyotgani haqida xabar bergan edik.

Теги :
Jamiyat