$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Sun’iy intellekt xonandalar nonini yarim qiladimi yoki shunchaki yordamchi?

SI va musiqa

Insoniyat tarixining eng qadimgi davrlaridan tortib to bugungi kungacha musiqa shunchaki tovushlar va notalar ketma-ketligi emas, balki insonning ruhiy kechinmalari, dardi, quvonchi va isyonini ifoda etuvchi eng kuchli qurol bo‘lib kelgan. Biz ko‘pincha qo‘shiqni faqatgina uning ritmi yoki texnik jihatdan mukammal ijro etilgani uchun emas, balki aynan san’atkorning ovozidagi his-tuyg‘ular bilan o‘zimizni bog‘lay olganimiz uchun sevamiz. Ammo bugungi kunda texnologiya bu tushunchani mutlaqo o‘zgartirishga urinmoqda.

Sun’iy intellekt (SI) bir necha soniya ichida siz istagan janrda, siz xohlagan matnga moslab mutlaqo yangi musiqa yaratib bera oladi. Shu jumladan, o‘zbek blogosferasida ommalashgan “Vaqtinchalik shamol” taronasi. Bu qo‘shiq bir oy ichida 44 million ko‘rishlarga ega bo‘lgan. Lekin, savol tug‘iladi: Sun’iy intellekt san’atkorlarning o‘rnini bosa oladimi?

Bozorning necha foizi sun’iy intellektga tegishli?

2026-yilga kelib, generativ sun’iy intellekt musiqa sanoatida shunchaki texnologik tajriba vositasi bo‘libgina qolmay, katta biznesga aylandi. Bugun yirik platformalarga yuklanayotgan kontentlarning salmoqli qismi sun’iy intellekt vositalari tomonidan yozilgan. Masalan, 2026-yilning may oyida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Deezer striming platformasiga kunlik yuklanayotgan yangi treklarning qariyb 44 foizi sun’iy intellekt yordamida yaratilgan. Bu raqamning o‘ziyoq vaziyatning qanchalik jiddiyligini ko‘rsatib turibdi. Endi haqli savol tug‘iladi: bu shunchaki “havaskorlar” ishimi yoki yirik bizneslarga daxl qilayotgan tahdidmi?

SI musiqa bozorining kapitali va o‘sishi

Vaziyatni aniq iqtisodiy raqamlar bilan tahlil qilsak, manzara yanada oydinlashadi. “The Business Research Company” tomonidan e’lon qilingan tahliliy hisobotga ko‘ra, SI musiqa bozorining umumiy hajmi 2025-yildagi 4.48 milliard dollardan o‘sib, 2026-yilda 5.55 milliard dollarga yetdi. Prognozlarga ko‘ra, bu raqam 2030-yilga borib 12.86 milliard dollargacha ko‘tariladi va sanoat yillik o‘rtacha 23.7 foizlik o‘sish sur’atini ko‘rsatadi.

Bunga parallel ravishda xalqaro bozor tahlillariga ko‘ra, 2026-yilning boshida dunyo bo‘ylab SI musiqa generatorlaridan faol foydalanuvchilar (MAU) soni 45 million kishidan oshib ketganini ko‘rishimiz mumkin. Bozordagi eng yirik o‘yinchilardan biri, musiqa generatsiya qiluvchi Suno startapi 2026-yilning fevraliga kelib 2 milliondan ortiq pulli obunachilarga ega bo‘ldi. Kompaniyaning yillik daromadi (ARR) joriy yilda 300 million dollarga yetgan hamda u ayni paytda qariyb 5 milliard dollarga baholanmoqda. Bu shuni anglatadiki, SI shunchaki vosita emas, balki an’anaviy yirik ovoz yozish studiyalarining bevosita iqtisodiy raqobatchisiga aylandi.

SI musiqa sanoatining oshishidagi muammo

Hozirda AQSh sudlarida musiqa sanoatining kelajagini belgilab beruvchi jarayonlar yuz bermoqda. 2024-yilda RIAA (Amerika Ovoz Yozish Sanoati Assotsiatsiyasi) yirik monopoliyalar — Universal Music Group (UMG), Sony va Warner nomidan Suno va Udio ustidan sudga murojaat qilgan edi. Jabrlanuvchiga ko‘ra “Mualliflik huquqi bilan himoyalangan musiqalar bazasidan ruxsatsiz foydalanib o‘z modellarini ishlab chiqyapti”.

Biroq, 2026-yilga kelib jarayon boshqacha tus oldi. Yirik musiqiy korporatsiyalar SI vositalarni butunlay yo‘q qilish o‘rniga, pul ishlash yo‘lini tanladilar. 2025-yilning oxirida Warner Music Suno bilan, Universal Music Group esa Udio bilan hisob-kitob qilib, litsenziya shartnomalarini imzolashdi. Endi insonlar ular yordamida musiqalar yaratishi mumkin, lekin, striming tarmoqlariga joylashda biroz cheklovlar mavjud.

Bizni kelajakda nima kutyapti?

Sun’iy intellektning musiqa bozorini arzon va tezkor mahsulotlarga to‘ldirib tashlashi haqiqiy san’atkorlarning ijodi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobat qila oladimi? Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, masalani ikki muhim yo‘nalishga ajratishimiz kerak:

Fon musiqalari yaratishdagi o‘rni.

YouTube kontentlari, ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa videolar yoki reklamalar uchun musiqa yozib tirikchilik qiladigan prodyuserlar va bitmeykerlar SIni o‘zlarining dushmani sifatida ko‘rishmoqda. Raqamli Ijodkorlik o‘sib borayotgan bugungi kunda, minglab kishilarga mualliflik huquqi (strayk) tushmaydigan bepul yoki juda arzon musiqalar kerak. Buning ustiga 2026-yil may oyida “Stability AI” o‘zining “Stability Audio 3.0” modelini e’lon qildi — bu endi shunchaki qisqa ohang emas, balki to‘laqonli ritm, melodiya va tuzilmaga ega bo‘lgan 6 daqiqadan ortiq musiqalarni generatsiya qilish imkoniga ega. Ushbu texnologik inqilob ijodiy jarayonni arzonlashtirib, an’anaviy inson mehnatini bu sohadan siqib chiqarmoqda.

Hissiy ta’sir etuvchi musiqalar yaratishdagi o‘rni.

O‘z hikoyasi, dardli she’riyati va kuchli nolasiga ega bo‘lgan yirik san’atkorlar uchun sun’iy intellekt xavf emas, balki shunchaki vositadir. Tasavvur qiling, konsert zalida, mashhur qo‘shiqchi sahnada yig‘lab, xato qilib bo‘lsa-da jonli kuylamoqda va butun zal unga jo‘r bo‘lmoqda. SI qanchalar aqlli bo‘lmasin, olomon bilan mana shunday energiya almashinuvi, xarizma va hayotiy qiyinchiliklar ta’sirini yetkaza olmaydi. Xuddi fotografiya rassomchilikni o‘ldirmagani, yoki kompyuter dizayni moybo‘yoq polotnolarini qadrsizlantirmagani kabi, algoritmlar ham haqiqiy tirik ovozning o‘rnini bosa olmaydi.

Biz haqiqiylikka qaytamizmi?

2030-yillarga borib SI musiqa bozorining kapitali gigant darajaga chiqqanida, internet faqat mukammal raqamli musiqalarga to‘lib-toshadi. Ammo aynan o‘sha mukammallikdan zerikkan odamzod yana inson omilini: uning ovozidagi titroqni, his-tuyg‘uni, baxtni va nolani sog‘ina boshlaydi. Sun’iy intellekt an’anaviy san’atni o‘ldirmaydi — u ehtimol insonlarga haqiqiy san’at qanchalar noyob va qimmatbaho ekanligini anglashga yordam beradi. Shuningdek, insonning dardi faqat o‘ziga o‘xshagan insonnigina davolay olishiga yana bir bor amin bo‘lamiz.

Теги :
Jamiyat