$
 11948.58
58.63
 13793.44
76.0
 144.29
0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

Qizib borayotgan miyalar: Jazirama fikrlash qobiliyatimizni ham pasaytiradi

Eriyotgan odamlar

Muzliklarning erishi, oʻrmon yongʻinlari va qurgʻoqchilik — iqlim oʻzgarishi deyilganda odatda shu manzaralarni tasavvur qilamiz. Biroq iqlim inqirozi endi faqat tabiat bilan bogʻliq muammo emas. U allaqachon inson organizmiga kirib bordi. Eng xavotirlisi, uning taʼsiri tanamizdagi eng murakkab tizim — bosh miyada ham sezila boshladi.

Olimlar jazirama nafaqat tanani holdan toydirishi, balki fikrlash, xotira, kayfiyat va asab tizimi faoliyatini ham izdan chiqarishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning “Global isish davri tugadi, global qaynash davri boshlandi” degan mashhur ogohlantirishi bugun faqat atmosfera harorati yoki dengiz sathi haqida emas. Bu ibora neyronlarimiz (miya hujayralari) faoliyati uchun ham har qachongidan koʻra dolzarbdir. Ekologik muvozanatning buzilishi inson biologik tizimining markazi — bosh miyani koʻrinmas zarba ostida qoldirmoqda.

Xoʻsh, tashqaridagi anomal issiq kunlar bosh suyagimiz ichidagi “protsessor”ga qanday taʼsir qilyapti va nega biz bu xavfni payqamayapmiz?

Miya — oʻzini sovitishga majbur boʻlgan kompyuter

Inson miyasi tana vaznining bor-yoʻgʻi 2 foizini tashkil qilsa-da, organizmdagi jami energiyaning qariyb 20 foizini yolgʻiz oʻzi sarflaydi. U tinimsiz ishlaydi: fikrlaydi, tahlil qiladi, eslab qoladi, har bir soniyada tashqi muhitdan kelayotgan millionlab signallarga javob qaytaradi. Bunday ulkan energiya sarfi natijasida miya ichki a me me aʼzolarimiz kabi oʻzidan juda katta miqdorda issiqlik ishlab chiqaradi.

Odatda, sogʻlom odamda miya harorati tana ichki haroratidan bir darajadan koʻp farq qilmaydi. Bunga sabab — tanamizning oʻziga xos muhandislik yechimidir. Xuddi eng zamonaviy kompyuter protsessori qizib ketganda ventilyator yoki maxsus suyuqlik yordamida sovitilgani kabi, miyamizni ham qon aylanish tizimi tinimsiz sovitib turadi. Qon tomirlari orqali tezkor oqayotgan qon miyadagi ortiqcha issiqlikni olib chiqib ketadi va uning me me meʼyoriy haroratini saqlaydi.

Biroq tashqarida havo harorati anomal darajada koʻtarilib, jazirama toʻlqinlari boshlanganda, ushbu mukammal sovitish tizimiga haddan tashqari ogʻir yuk tushadi. Gap shundaki, miya hujayralari issiqlikka nihoyatda sezgir. Ular oʻrtasida axborot uzatadigan, hissiyotlarimiz va qarorlarimizni boshqaradigan maxsus molekulalar oʻz vazifasini bajarishi uchun muhit harorati ideal darajada barqaror boʻlishi shart. Agar miya haddan tashqari qizib ketsa, bu molekulalar tuzilishi oʻzgarib, ular samarali ishlamay qoladi.

London universitet kolleji nevrologi Sanjay Sisodiyaning taʼkidlashicha, ushbu murakkab jarayonni minglab mayda detallardan iborat mexanik soatga qiyoslash mumkin. Agar oʻsha detallardan bittasi issiq havo taʼsirida kengayib, oʻz shaklini ozgina yoʻqotsa ham, butun soat mexanizmi izdan chiqadi, notoʻgʻri koʻrsata boshlaydi yoki butunlay toʻxtaydi. Biz issiq kunlari his qiladigan lohaslik, bosh ogʻrigʻi va fikrlashning sekinlashishi — miyamizdagi ana shu soat mexanizmining “gʻildirakchalari” qizib ketayotganidan darak beruvchi ilk jiddiy signaldir.

Jazirama shunchaki toliqtirmaydi: u qarorlarimiz va ruhiyatimizni boshqaradi

Koʻpchiligimiz jazirama kunlari oʻzimizni lanj, asabiy yoki diqqatni jamlay olmayotgandek his qilamiz va buni shunchaki oddiy charchoqqa yoyamiz. Biroq bu shunchaki jismoniy charchoq emas — bu miyamizning issiqlik stressiga qarshi mudofaa rejimiga oʻtganidan nishonadir.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, yuqori harorat toʻgʻri va mantiqiy qaror qabul qilish sifatini keskin pasaytiradi. Jazirama toʻlqinlari paytida inson miyasining rejalashtirish va vaziyatni baholashga masʼul qismlari sustroq ishlay boshlaydi. Buning oqibatida odamlar oʻylamay tavakkal qilishga, his-tuygʻularga berilishga va kutilmaganda tajovuzkor boʻlib qolishga moyil boʻladi. Issiq ob-havo va jinoyatchilik yoki koʻchadagi janjallar sonining ortishi oʻrtasidagi bogʻliqlik ham aynan miyaning oʻzini nazorat qilish qobiliyati susayishi bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, jaziramaning eng ogʻir zarbalaridan biri kechasi, biz uxlashi kerak boʻlgan vaqtda sodir boʻladi. Tungi haroratning yuqori boʻlishi uyqu sifatini butunlay buzadi. Uyqu paytida miya kun davomida toʻplangan toksinlardan tozalanadi va oʻzini qayta tikladi. Jazirama sababli kishi toyib uxlay olmaganda esa, ertasi kuni miyaning chidamliligi yanada pasayadi. Bu zanjirli reaksiya nafaqat sogʻlom odamlar kayfiyatini tushkun qilib qoʻyadi, balki ruhiy va asab tizimi kasalliklarini qoʻzgʻatuvchi asosiy omilga aylanadi.

Dorilar bera olmayotgan yordam

Bu vaziyatda yana bir koʻrinmas xavf mavjud. Shizofreniya, chuqur tushkunlik (depressiya) yoki kuchli xavotir kabi nevrologik va ruhiy kasalliklarni davolashda qoʻllaniladigan ayrim dori vositalari jazirama kunlari inson organizmiga kutilmagan salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Gap shundaki, bu dorilarning koʻpchiligi miyaning tana haroratini boshqarish va ter ajratish qobiliyatini susaytiradi. Tabiiy ravishda terlay olmagan bemor tanasi esa issiqlikni tashqariga chiqara olmaydi. Natijada bunday insonlarda issiq urishi xavfi bir necha barobar ortadi, baʼzida esa bu holat fojiali yakun topishi mumkin. Yaʼni, iqlim oʻzgarishi hatto biz oʻrgangan tibbiy muolajalar va dorilarning samaradorligini ham shubha ostiga qoʻymoqda.

Issiq kimlarga koʻproq zarba bermoqda?

Iqlim oʻzgarishi hamma uchun birdek kelayotgandek tuyulsa-da, uning miyamizga beradigan zarbasi jamiyatdagi ijtimoiy va iqtisodiy qatlamlarga qarab turlicha boʻladi. Boy va oʻziga toʻq xonadonlarda kuchli konditsionerlar, yashil hududlar va toza ichimlik suvi taʼminoti jazirama taʼsirini yumshatishi mumkin. Biroq, rivojlanayotgan mamlakatlarda, iqlim adaptatsiyasiga imkoniyati yetmaydigan, kunlik issiqda ochiq havoda mehnat qiladigan yoki ijtimoiy himoyasiz qatlamlar uchun bu shunchaki noqulaylik emas, balki bevosita hayot-mamot masalasidir.

Ekstremal issiqlik asoratlari, ayniqsa, uchta guruhda yaqqol va ogʻir namoyon boʻlmoqda:

  • Keksalar va demensiyaga chalinganlar: Yoshi ulugʻ insonlar organizmining tashqi muhit haroratiga moslashish va tana haroratini boshqarish qobiliyati tabiiy ravishda ancha pasaygan boʻladi. Vaziyatni ogʻirlashtiradigan jihati shundaki, demensiya (aqliy zaiflik) bilan ogʻriydigan bemorlar jazirama paytida oʻzlarini qanday himoya qilishni mantiqan baholay olmaydilar. Tadqiqotlar jazirama toʻlqinlari paytida demensiya bilan kasallangan bemorlarning shifoxonaga yotqizilish holatlari va oʻlim koʻrsatkichlari keskin ortishini koʻrsatmoqda. Kognitiv (idrok etish) buzilishlar tufayli ular baʼzan yetarlicha suv ichishni shunchaki unutib qoʻyishadi, quyosh tik turganda koʻchaga chiqib ketishadi yoki uydagi derazalarni yopish kerakligini anglamaydilar. Bu esa ularning hayotini toʻgʻridan-toʻgʻri xavf ostiga qoʻyadi.
  • Insult — koʻrinmas qurbonlar: Global haroratning koʻtarilishi miya qon aylanishining keskin buzilishi — insult bilan bogʻliq oʻlim holatlarini sezilarli darajada oshirmoqda. 25 ta mamlakatda oʻtkazilgan keng qamrovli tibbiy tahlillarga koʻra, ishemik insultdan vafot etgan har 1 000 nafar bemorning oʻrtacha ikki nafari aynan eng issiq anomal kunlar hissasiga me toʻgʻri keladi. Geriatriya (keksalar tibbiyoti) shifokori Betan Devisning hisob-kitoblariga koʻra, dunyo boʻyicha har yili taxminan yetti million kishi insultdan vafot etishini inobatga olsak, jazirama havo har yili qoʻshimcha 10 mingdan ortiq insonning umriga zomin boʻlmoqda. Eng achinarli si, bu oʻlim holatlarining asosiy qismi sogʻliqni saqlash tizimi va iqtisodiyoti zaifroq boʻlgan oʻrta va past daromadli mamlakatlarga toʻgʻri kelmoqda.
  • Kelajak avlodga berilayotgan zarba: Jazirama nafaqat bugun yashayotgan insonlar, balki hali dunyoga kelmagan bolalar miyasiga ham taʼsir oʻtkazishga ulgurdi. Imperial College London professori Jeyn Hirst boshchiligidagi olimlar guruhining aniqlashicha, kuchli jazirama toʻlqinlari muddatidan oldin tugʻruqlar sonini naqd 26 foizga oshirmoqda. Muddatidan ancha erta, chala tugʻilgan chaqaloqlarda esa keyinchalik markaziy asab tizimi va miya rivojlanishining sustlashishi, kognitiv qobiliyatlarning toʻliq shakllanmasligi xavfi yuqori boʻladi. Yaʼni, bugungi ekologik inqiroz ertangi avlodning aqliy salohiyatini poydevoridanoq zaiflashtirmoqda.

Miya mudofaasining zaiflashishi

Tabiat inson miyasini tashqi muhitdagi zararli moddalar va infeksiyalardan himoya qilish uchun oʻta mukammal va mustahkam toʻsiq yaratgan. Ilm-fanda gematoensefalik toʻsiq (qon-miya toʻsiq) deb ataladigan bu maxsus filtr qon tomirlari orqali kelayotgan toksinlar, bakteriyalar va viruslarni tutib qoladi va miya toqimalariga oʻtkazmaydi. U miyamizning shaxsiy xavfsizlik xizmati kabidir.

Biroq, iqlim oʻzgarishi tufayli yuzaga kelayotgan ortiqcha issiqlik va tana haroratining koʻtarilishi ushbu mustahkam qalqonni ham zaiflashtirib qoʻymoqda. Yuqori harorat taʼsirida qon-miya toʻsiqining oʻtkazuvchanligi ortishi, yaʼni u elaksimon boʻshashib qoladi. Natijada, oddiy sharoitda miyaga mutlaqo kira olmaydigan zararli elementlar va infeksiyalar ichkariga osonroq sizib oʻtadi. Bu esa miya toqimalarining yalligʻlanishi (ensefalit) va boshqa ogʻir asab tizimi kasalliklari xavfini bir necha barobar oshiradi.

Bizni qanday choralar qutqara oladi?

Iqlim oʻzgarishi va uning inson miyasiga salbiy taʼsirini endi shunchaki uzoq kelajakdagi prognoz yoki ilmiy faraz deb boʻlmaydi. Sayyoramiz isishda davom etar ekan, uning asoratlari iqtisodiyotda, tabiatda va eng achinarli si — sogʻligʻimizda yaqqol namoyon boʻlmoqda. “Qizib borayotgan miya” davri allaqachon boshlanib boʻldi va bu inqirozga qarshi faqat tibbiyot dori-darmonlar bilan yolgʻiz kurasha olmaydi.

Mutaxassislar bizga zudlik bilan milliy va mintaqaviy darajadagi ekologik-ijtimoiy yechimlar hamda iqlimiy moslashish (adaptatsiya) strategiyalari zarurligini aytmoqda. Buning uchun quyidagi tizimli choralarni kechiktirmasdan hayotga tatbiq etish lozim:

  • Shaharlarni “Yashil qalqon” bilan oʻrash: Beton binolar va asfalt qoplamalar jazirama issiqni oʻziga yutib, tunda ham havoni sovitmaydi (buni ilm-fanda “shahar issiqlik orollari” effekti deyiladi). Shaharlarimizda koʻp qavatli binolar qurish surʼatini tartibga solish, daraxtzorlar va yirik yashil parklar maydonini keskin oshirish shart. Daraxtlar soya berishdan tashqari, namlikni saqlab, shahar haroratini bir necha darajagacha pasaytiradigan yagona tabiiy konditsionerdir.
  • Mehnat qonunchiligini iqlimga moslashtirish: Anomal issiq kunlarida ochiq havoda ishlaydigan eng zaif qatlamlarni — quruvchilar, dehqonlar va obodonlashtirish xodimlarini himoya qilish mexanizmlari joriy etilishi kerak. Kuning eng issiq vaqtida (soat 12:00 dan 16:00 gacha) majburiy tanafuslarni belgilash yoki ish vaqtini salqinroq soatlarga koʻchirish, mehnat munosabatlarini iqlimiy oʻzgarishlarga qarab huquqiy tartibga solish vaqti keldi.
  • Erta ogohlantirish va integratsiya tizimi: Gidrometeorologiya (ob-havo) xizmati va Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrtasida tezkor maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi kerak. Aholiga shunchaki «ertaga havo falon daraja issiq boʻladi» deb emas, balki bu issiqlik asab tizimi, insult xavfi yuqori boʻlgan keksalar va homilador ayollar uchun qanday xavf tugʻdirishi, qanday himoyalanish zarurligi haqida tushunarli tibbiy-ekologik ogohlantirishlar berib borilishi shart.

Tushunganingizdek, atrof-muhit muvozanatining buzilishi inson ichki dunyosining, hatto toʻgʻri fikrlash va idrok etish qobiliyatining ham izdan chiqishiga olib kelmoqda. Tabiatni asrash, yashillikni koʻpaytirish va global isishga qarshi kurashish — endi shunchaki shior yoki estetik xohish emas. Bu — insoniyatning oʻz aqliy salohiyatini, sogʻlom fikrini va kelajak avlod neyronlarini koʻrinmas halokatdan saqlab qolishi uchun yagona chorasidir.


Shahruza Sattorova

Теги :
Jamiyat