$
 11948.58
58.63
 13793.44
76.0
 144.29
0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

“Diniy ekstremizm” tarixda qoladi: Senat yangi qonunni ma’qulladi

ekstremizm

O‘zbekistonda “diniy ekstremizm” atamasi qonunchilikdan chiqarilib, uning o‘rniga “ekstremizm” tushunchasi qo‘llanadi. Ekstremistik mazmundagi ayrim materiallarni tayyorlash yoki tarqatish maqsadida saqlash kabi qilmishlar birinchi marta sodir etilganda jinoiy emas, ma’muriy javobgarlik belgilanadi. Taqiqlangan tashkilotda ishtirok etganlar bilan uni tuzgan yoki boshqarganlarga bir xil jazo berish amaliyoti ham o‘zgaradi.

Ayrim qilmishlar uchun birinchi safar ma’muriy jazo beriladi

Amaldagi tartib bo‘yicha ekstremistik mazmundagi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish bilan bog‘liq ayrim harakatlar fuqaroni to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin. Senatorlar ma’qullagan yangi qonun bu tartibni yumshatib, birinchi marta sodir etilgan ayrim qilmishlarga boshqacha yondashishni nazarda tutmoqda.

Xususan, ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, ularni tarqatish maqsadida saqlash birinchi marta sodir etilsa, ma’muriy javobgarlik qo‘llanadi. Ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining atributlari yoki ramziy belgilarini tarqatish yoki namoyish qilish maqsadida tayyorlash va saqlashga nisbatan ham shu tartib amal qiladi.

Bunday harakat uchun ma’muriy jazo olgan shaxs keyinchalik uni yana takrorlasa, shundan so‘ng jinoiy javobgarlik yuzaga keladi. Senatdagi muhokamada bu yondashuv bilib-bilmay yoki adashib qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan fuqaroga o‘z xatosini tuzatish imkonini berishi, uning huquqlarini ta’minlash va jamiyatga qayta moslashishiga yordam berishi ta’kidlandi.

Qonunda javobgarlikdan ozod bo‘lish imkoniyati ham nazarda tutilmoqda. Jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni saqlash yoki tarqatishda qatnashgan shaxs bu haqda hokimiyat organlariga o‘z vaqtida xabar bersa hamda og‘ir oqibatlarning oldini olishga faol yordam ko‘rsatsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Buning uchun uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasligi kerak.

Tashkilotga a’zo bo‘lgan va uni boshqargan shaxsga bir xil jazo berilmaydi

Ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun belgilangan jazolar ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Yangi tartibda fuqaroning bunday tashkilotdagi roli va sodir etgan qilmishining ijtimoiy xavfi hisobga olinadi.

Amaldagi qonunchilikda taqiqlangan tashkilotni tuzish, unga rahbarlik qilish va uning faoliyatida ishtirok etish uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Ya’ni tashkilotni boshqargan shaxs bilan uning faoliyatida qatnashgan shaxsga nisbatan javobgarlik choralari yetarlicha farqlanmagan.

Yangi qonun bilan bu jazolar tabaqalashtiriladi. Taqiqlangan tashkilot faoliyatida ishtirok etish ijtimoiy xavfi nisbatan pastroq qilmish sifatida baholanib, buning uchun yengilroq sanksiya belgilanadi. Tashkilotni tuzgan yoki unga rahbarlik qilgan shaxslar esa og‘irroq javobgarlikka tortiladi.

Shu tariqa jazo belgilashda shaxsning tashkilotdagi o‘rni, uning faoliyatiga qay darajada ta’sir ko‘rsatgani va sodir etgan qilmishining xavflilik darajasi inobatga olinadi. Senatorlar bunday yondashuv javobgarlikni qilmishning og‘irligiga mos ravishda belgilash imkonini berishini qayd etdi.

“Diniy ekstremizm” o‘rniga “ekstremizm” atamasi ishlatiladi

Qonundagi asosiy o‘zgarishlardan yana biri “diniy ekstremizm” tushunchasiga tegishli. Hujjat kuchga kirgach, qonunchilikdagi “diniy ekstremizm” atamasi “ekstremizm” bilan almashtirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Senat majlisida bunday o‘zgarish ekstremizmni muayyan din bilan bog‘lash amaliyotiga chek qo‘yishi ta’kidlandi. Ya’ni ekstremistik harakatlarga huquqiy baho berishda ularning qaysidir din bilan bog‘liqligi emas, sodir etilgan xatti-harakatning o‘zi asosiy mezon bo‘lishi kerak. Shu orqali qonunchilikda yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish rejalashtirilgan.

“Ekstremizm” tushunchasining chegaralari ham aniq belgilab qo‘yiladi. Hozirgi qonunchilikda mavjud ayrim umumiy va mavhum iboralar bu atamani turlicha talqin qilishga imkon berishi mumkinligi qayd etilgan.

Yangi tartibda ekstremizmga aniq sakkizta xatti-harakat doirasi asosida ta’rif beriladi. Bu huquqni qo‘llash jarayonida tushunchani haddan tashqari keng talqin qilish yoki unga subyektiv yondashishning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ekstremizm haqida xabar berganlar davlat himoyasiga olinadi

Qonunda ekstremizmning oldini olish bo‘yicha yangi mexanizmlar ham belgilangan. Buning uchun maxsus davlat dasturlari ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Ushbu dasturlarni O‘zbekiston prezidenti tasdiqlashi ko‘zda tutilgan.

Ekstremistik tashkilotlar va materiallarning yagona elektron reyestrini yuritish tartibi ham joriy qilinadi. Bu orqali tegishli ma’lumotlar yagona tizimda jamlanib, ular bo‘yicha nazoratni tezroq olib borish va shaffoflikni oshirish rejalashtirilmoqda.

Ekstremistik faoliyat yoki tahdidlar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida ma’lumot bergan fuqarolarga alohida kafolatlar beriladi. Ularning shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanadi, zarur hollarda xavfsizligini ta’minlash uchun davlat himoyasi va tegishli xavfsizlik choralari qo‘llanadi. Bunday shaxslarni moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirish ham nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan yana bir yangi yo‘nalish — ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ham huquqiy jihatdan mustahkamlanadi. Ilgari amalda bo‘lmagan ushbu tamoyil endilikda qonun darajasida belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur o‘zgarishlar Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va boshqa qator qonunlarga kiritiladi. Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisidagi muhokamalar yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

Теги :
Jamiyat