$
 11895.57
-45.38
 13826.22
11.73
 152.98
0.3
weather
+26
Кечаси   +14°

Superkompyuter bashorati: O‘zbekistonning mundialdagi imkoniyati qanday?

fifa

2026-yilgi Jahon chempionati yaqinlashar ekan, Opta superkompyuteri allaqachon turnir bo‘yicha dastlabki bashoratlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kimdir aniq favorit, kimdir “yashirin kuch”, yana kimdir mo‘jizaga tayanadigan jamoa sifatida baholangan. Xo‘sh, superkompyuter O‘zbekistonning imkoniyatlarini qanday baholadi?

2026-yilgi Jahon chempionati qayerda va qanday o‘tadi?

2026-yilgi mundial futbol tarixidagi eng yirik musobaqa bo‘lishi kutilmoqda. Bu safar 32 ta emas, balki 48 ta jamoa ishtirok etadi va o‘yinlar AQSh, Kanada hamda Meksika bo‘ylab joylashgan 16 ta stadionda o‘tkaziladi. Turnir 11-iyunda Mexikodagi afsonaviy “Azteka” stadionida boshlanib, final 19-iyulda AQShning “MetLife” stadionida bo‘lib o‘tadi. Hali pley-off orqali aniqlanadigan 6 ta jamoa bor, bu esa turnirni yanada kutilmagan syurprizlarga boy qiladi. 5-dekabrda o‘tkaziladigan qur’a esa jamoalarning qaysi yo‘ldan borishini belgilab beradi.

Ispaniya — yutish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan davlat (17%)

Ispaniya terma jamoasi so‘nggi yillarda o‘zining eng kuchli davriga qaytgandek. Jamoa Euro–2024 da o‘ziga xos o‘yin ko‘rsatib, turnir davomida 15 ta gol urdi va deyarli barcha o‘yinlarda g‘alaba qozondi. Luis de la Fuente boshchiligidagi jamoa 31 ta rasmiy o‘yindan beri mag‘lub bo‘lmayotgani ham ularni asosiy favoritga aylantiradi. Bu jarayonda Yamal kabi super yosh iste’dodlar, Niko Vilyams kabi tezkor hujumchilar va Rodri boshchiligidagi kuchli yarim himoya ispanlarning imkoniyatini sezilarli oshiradi. Agar jamoa sog‘lik bo‘yicha muammosiz mundialga yetsa, ular yana tarix yaratishga juda yaqin.

Fransiya — Deshamning oxirgi sinovi (14.1%)

Fransiya terma jamoasi har doim kuchlilar safida bo‘lgan, lekin bu gal ular yanada boshqacha kayfiyatda mundialga kirib kelmoqda. Didie Desham 14 yil davomida jamoani boshqargan murabbiy sifatida so‘nggi mundialini o‘tkazadi va albatta, ketar oldidan tarixda qoladigan natija qilishni xohlaydi. Kilian Mbappe terma jamoa va JCh rekordlarini yangilash arafasida. Dembelening 2025-yilgi Ballon d’Orni qo‘lga kiritgani ham jamoaning hujum kuchini yanada kuchaytiradi. Fransiyaning kuchli tarkibi, katta tajribasi va yuqori darajadagi yulduzlari ularni ishonchli da’vogarga aylantiradi.

Angliya finalgacha yetib boradimi? (11.8%)

Angliya terma jamoasi ko‘p yillardan beri yirik turnirlarda “yarim yo‘lda to‘xtab qoladigan jamoa” sifatida tanilib kelgan. Ammo Tomas Tuxel kelishi bilan jamoaning o‘yini keskin o‘zgardi. Inglizlar so‘nggi o‘yinlarda kuchli natijalar ko‘rsatdi va ular hujumda ham, himoyada ham barqarorlikni topgandek. Kane o‘zining eng yaxshi formasida, Bellingham va Foden esa yarim himoyani boshqarib, inglizlarga katta umid bag‘ishlamoqda. Tuxelning tavakkal va agressiv o‘yin uslubi Angliyani favoritlardan biriga aylantirdi. Bu safar ular tarixdagi 60 yillik “qarg‘ish”ni sindirishga urinadi.

Messi bilan tarix yana takrorlanadimi? (8.7%)

Argentina 2022-yilgi mundialda tarixiy g‘alabaga erishganidan keyin yana kuchli ruh bilan maydonga tushadi. Messi o‘zining eng yaxshi formalaridan birini ko‘rsatib, jamoani yuqoriga ko‘tardi va hozir ham MLSda ajoyib statistikalar bilan o‘ynayapti. Argentinaliklarning asosiy ustunligi jamoaviy birlik va o‘zaro ishonch. Saralash bosqichida ular raqiblarni ishonch bilan ortda qoldirdi, Kopa Amerikaning muddatli g‘olibi bo‘ldi. Yevropa jamoalari bilan kam o‘yin o‘tkazgani minus bo‘lishi mumkin, biroq Messining borligi ularni har doimgidek xavfli jamoaga aylantiradi.

Germaniya 7.1% bilan kuchli beshlikda

Germaniya bir necha yirik musobaqada erta ketib qolgan bo‘lsa-da, Nagelsmanning kelishi bilan jamoa asta-sekin jonlanmoqda. Euro–2024da ular katta bosim ostida yaxshi o‘yin ko‘rsatdi va o‘z uyida o‘tkazilgan turnirda yarim finalga yaqin bordi. Uzoq yillar jamiyatni boshqargan Kroosning o‘rnini Pavlovich va Goretzka kabi futbolchilar egallab bormoqda. Biroq jamoaning asosiy muammosi barqarorlik hisoblanadi. Shunga qaramay, Germaniya hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi.

Ronaldo Portugaliya taqdirini o‘zgartira oladimi? (6.6%)

Portugaliya terma jamoasi superyulduzlarga boy. Fernandes, Silva, Dias kabi o‘yinchilar har qanday jamoaga boshog‘riq bo‘la oladi. Ammo asosiy e’tibor 40 yoshga yaqinlashayotgan Ronaldoda. Shunga qaramay, u hali ham Saudiya ligasida gol bo‘yicha sermahsul. Agar Roberto Martinez Ronaldoni to‘g‘ri ishlata olsa va jamoaviy muvozanatni topsa, Portugaliya bu mundialda ko‘plab jamoalar uchun xavfli raqib bo‘lishi aniq.

Anchelotti mo‘jiza qilishi kerak (5.6%)

Braziliya futbolining ruhi hamon kuchli, ammo ular so‘nggi yillardagi mundiallarda kutilgan natijalarni bera olmadi. Anchelottining kelishi katta umid uyg‘otdi. Vinisius Junior dunyoning eng kuchli futbolchilaridan biri bo‘lib ulg‘aydi, Estevao esa “yangi Neymar” deb atalmoqda. Biroq Braziliyaning asosiy muammosi kuchli raqiblar bilan o‘yinlarda bosimni ko‘tara olmaslik. Agarda bu safar hammasi joyiga tushsa, ular yana jahon chempioniga aylanishi ehtimoldan xoli emas.

Niderlandiya doimo xavfli va “yashirin favorit” (5.2%)

Niderlandiyada so‘nggi yillarda muammolar kuzatilgan bo‘lsa-da, Ronald Koeman jamoani qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Angliya Premyer-ligasida to‘p surayotgan Gakpo, Simons va Reinders jamoaga yangi ruh berdi. Depay esa hanuz terma jamoaning eng yaxshi to‘purari. Niderlandiya doim katta turnirga “jim” kiradi, lekin oqibatda barcha favoritlarni qiynab qo‘yadi.

Mezbonlarning imkoniyati

1998-yilda Fransiya o‘z uyida mundial g‘olibi bo‘lganidan beri hech bir mezbon jamoa Jahon chempioni bo‘lmagan. Shuning uchun 2026-yilda AQSh, Meksika yoki Kanada chempion bo‘ladi deyish qiyin, lekin bu futbol, hamma narsa bo‘lishi mumkin.

AQSh — 0,9%

Superkompyuter AQShning chempion bo‘lish imkoniyatini atigi 0,9% deb baholagan. Garchi turnirning 11 ta stadioni aynan Amerikada bo‘lsa ham, jamoa favoritlar qatorida emas. Pochettino Copa Americadagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin terma jamoani qabul qilgan va dastlab natijalar kuchsiz bo‘lgan. Shunga qaramay, AQSh 2025-yilgi Gold Cup finaliga chiqdi va Urugvayni 5:1 hisobida mag‘lub etib, kayfiyatni ko‘tardi. Murabbiy ko‘plab yangi futbolchilarni sinab ko‘ryapti, bu esa jamoaga pley-offda yaxshi o‘ynash umidini beradi.

Meksika — 1,3%

Meksikaning chempion bo‘lish imkoniyati mezbonlar ichida eng yuqori — 1,3%. Ular yaqinda Gold Cup finalida AQShni yenggan, ammo oxirgi olti o‘yinda g‘alaba yo‘q. Mundiallarda ham ketma-ket yetti marta 1/8 finaldan o‘tolmagan. Shunga qaramay, jamoada tajriba hali ham kuchli.

Kanada — 0,4%

Kanadaning chempion bo‘lish imkoniyati eng past — 0,4%, lekin jamoa yomon emas. Yangi murabbiy Jesse Marsch qo‘l ostida ular birinchi marta Copa America yarim finaliga chiqdi, biroq Argentina va Urugvayga yutqazib qo‘ydi. Gold Cupda esa kutilmaganda Gvatemalaga penaltilarda boy berishdi. Kanadaning asosiy umidi — Alphonso Daviesning jarohatdan to‘liq tiklanishi. Agar u formaga qaytsa, jamoa uyida raqiblar uchun juda noqulay bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston eng past baholangan terma jamoalar qatorida(0.2%)

Bu safargi mundialda 48 ta jamoa ishtirok etgani uchun turnirda bir nechta yangi terma jamoalar ham bor. Ulardan biri — O‘zbekiston. Superkompyuterga ko‘ra, O‘zbekistonning chempion bo‘lish imkoniyati 0,2% bo‘lsa-da, yangi jamoalar orasida imkoniyati eng yaxshilardan biri sifatida baholanmoqda. Eng asosiy maqsad — guruh bosqichidan chiqish, ayniqsa Osiyo saralashida Qatar va BAA kabi kuchli jamoalardan ustun kelganini inobatga olsak, bu mumkin.

Yana bir yangi ishtirokchi — Kabo-Verde. Jamoaning imkoniyati 0,1% bo‘lsa ham, ular mundialga chiqqan tarixdagi aholisi eng kam ikkinchi davlat bo‘lib qoldi. Shuningdek, Kyurasao va Iordaniya kabi jamoalar ham ilk bor qatnashmoqda, lekin ular superkompyuter bahosiga ko‘ra juda past — atigi 0,04%.

Saudiya Arabistoni, Qatar, Panama va Yangi Zelandiya ham oson guruhga tushmasa, juda og‘ir yozni boshdan kechirishi mumkin. Ularning imkoniyati ham 0,1% atrofida. Eng past bahoga ega jamoa esa Gaiti — 0,03%. Ular 1974-yildan beri ilk marta mundialga chiqdi.

Shunday bo‘lsa-da, futbol har doim kutilmagan voqealar bilan to‘la. Katta favoritlar hamda tajribasiz yangi jamoalar ham bo‘lgan 2026-yilgi mundial juda qiziq bo‘lishi aniq.

Теги :
Jamiyat