$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Yandex Express24 bilan birlashgach, ovqat eltuv bozorining 87,5 foizini nazorat qiladi

Yandex Express 24

25-oktyabr kuni “Yandex Uzbekistan” “Express24” yetkazib berish xizmati aktivlarining bir qismini sotib olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shartnoma “tez orada” yopilishi kutilmoqda. Shundan so‘ng ular yagona texnologik platformaga o‘tadilar. Ertasiga Raqobat qo‘mitasi mazkur raqamli platforma operatorlarining ustun (monopol) mavqeini tan oldi.

Yandexning eltuv sohasida monopol deb e’tirof etilishi

Qo‘mita matbuot xizmati yetkazib berish xizmati aktivlarining bir qismini sotib olish jarayoniga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, joriy yilning 1-oktyabr kuni qo‘mitaga “Yandex Eats” tomonidan tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bo‘yicha, shuningdek, “YandexGo UB” tomonidan taksi agregatori xizmati bo‘yicha ustun mavqega erishilgani haqidagi xabarnomalar kelib tushdi.

Tegishli buyruq bilan 22-oktyabrdan tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida “Yandex Eats” va “Express24”, taksi agregatori xizmatlari bozorida esa “YandexGo UB” ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlari deb e’tirof etildi.

Ustun mavqeni tan olish uchun raqamli platforma operatorlariga qanday talablar qo‘yiladi?

Ustun mavqeni tan olish shartlariga quyidagilar kiradi:

tushum BHMning 100 ming baravaridan (37,5 mlrd. so‘m) yuqori bo‘lsa;

faol yakuniy foydalanuvchilarning umumiy o‘rtacha soni har oyda kamida 50 mingni yoki faol tadbirkor foydalanuvchilarning o‘rtacha soni har oyda kamida 3 mingni tashkil etsa;

xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhining muayyan bozordagi bozor ulushi 40%dan ortiq bo‘lsa.

Raqamli platforma operatori ikki oy muddatda yuqoridagi ustunlik ko‘rsatkichlariga erishilganligi to‘g‘risida regulyatorni xabardor qilishi shart.

Raqamli platformalar uchun raqobat qoidalari: cheklovlar va jarimalar qanday qo‘llaniladi?

Bozor ishtirokchilariga raqamli platformalar operatorlariga raqobatni cheklovchi hamda foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini kamsituvchi 20 dan ortiq turli xil xatti-harakatlar taqiqlanadi. Mazkur talablar buzilsa, xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 5%i miqdorida jarima, mansabdor shaxslarga nisbatan esa ma’muriy javobgarlik qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlariga ularning faoliyatini raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish uchun Komplayens tizimlarini ishlab chiqish va qo‘mita bilan kelishish talabnomasi yuboriladi.

Raqobat qo‘mitasi mazkur bozordagi vaziyatni doimiy monitor qilib boradi

Bozorda mahalliy servislar — “Uzum Tezkor”, “Bringo”, “Girgitton”, shuningdek, kafe va restoranlarning o‘zining xizmatlari (Telegram-botlar va ilovalar), Rossiyaning “Broniboy” kompaniyasi mavjud. Shuningdek, sentyabr oyidan “Wolt” servisi ishga tushirildi.

“Bu esa, bugungi kunda bozorda raqobat uchun yetarli sharoitlar mavjudligidan darak beradi. Qo‘mita mazkur bitimning bozordagi raqobat holatiga hamda iste’molchilar manfaatlariga ta’sirini doimiy monitoring qilib boradi”, deya xulosa qilinadi Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotda.