$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

YandexGo, Yandex Eats, Express24 O‘zbekistonda monopol kompaniyalar deb e’lon qilindi

yandex

O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan yangi qaror bilan “YandexGo UB” MCHJ, “Yandex Eats” MCHJ XK hamda Express24 kompaniyalari O‘zbekiston bozorida monopol mavqega ega raqamli platforma operatorlari sifatida tan olindi.

Taksi agregatori va tayyor ovqat yetkazib berish sohalarida boshqa kompaniyalardan ustun mavqega ega

Bu qaror O‘zbekiston bozorida taksi agregatori va tayyor ovqat hamda iste’mol mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlarida ushbu kompaniyalar ustun mavqega ega ekanligi e’tirof etilganidan so‘ng qabul qilindi.

Yandex kompaniyasi tomonidan taksi va yetkazib berish sohasida taqdim etilayotgan xizmatlarning yuqori darajada talabga ega bo‘lishi ularning o‘z sohasida raqobatsizligini ta’minladi. Shu sababli, “YandexGo UB” va “Yandex Eats” kompaniyalari monopol mavqeidan samarali foydalanishi hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilishi uchun monitoring va monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etilishi belgilandi. Bu qarordan kelib chiqilsa, yetkazib berish xizmati bizneslarini birlashtirmoqchi bo‘layotgan Yandex va Express24 endi monopolist operatorlar.

Monitoring o‘tkaziladi

Shuningdek, Qo‘mita tomonidan ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlari ularning faoliyatini raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, ustun mavqeini suiiste’mol qilish holatlarini oldini olish maqsadida majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi va tegishli tartibda monitoring o‘tkazib borilishi ma’lum qilindi.

Otabek Bakirov Yandex haqida

Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu o‘zgarishlarga o‘z munosabatini bildirib, Yandex tomonidan milliy xizmatimiz bo‘lmish Express24’ning sotib olinishi raqamli bozor tuzilmasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan edi.

“Yirik xalqaro kompaniyalar tomonidan mahalliy raqamli platformalarning sotib olinishi raqobat va rivojlanishni cheklaydi, natijada, mahalliy kompaniyalar o‘z o‘rnini mustahkamlashda qiyinchilikka duch keladi. Bu esa kelgusida bozor diversifikatsiyasi va yangi innovatsiyalar rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi,” — deya fikr bildirgan iqtisodchi.

Bakirovning aytishicha, monopolistik holatlar mahalliy kompaniyalarning bozorda o‘z ulushini oshirishiga to‘sqinlik qilib, ularning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Bu holat, iqtisodchining fikriga ko‘ra, iste’molchilar uchun xizmat sifatining pasayishi va narxlarning ko‘tarilishiga ham olib kelishi mumkin. Shu sababli, Bakirov raqobatni qo‘llab-quvvatlash va bozorni himoya qilish uchun qat’iy nazorat tizimlari joriy etilishi zarurligini ta’kidlaydi.