$
 12768.26
-62.87
 14400.04
-142.76
 162.63
1.56
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasida yakunlanmoqda

Islom moliyasi

“O‘zbekistonda islom banki faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasida yakunlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti direktori o‘rinbosari Alautdin Arifxonov ma’lum qildi.

Qonun Vazirlar mahkamasida ishlab chiqilmoqda

Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan bo‘lib, hozirda islomiy moliya sohasidagi vazirliklar va ekspertlar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda. Hujjat yakunlangach Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, keyin esa Senatga kiritiladi.

Unga ko‘ra, qonun Islom taraqqiyot bankining grant yordami asosida ishlab chiqilgan. Mazkur qonunning qabul qilinishining ahamiyati banklarning islom banki faoliyatini amalga oshirishi uchun huquqiy asos yaratilgani bilan izohlanadi.

““Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmasdan turib, banklar islom moliyasi tamoyillari asosida faoliyat yurita olmaydi. Fuqarolik va Soliq kodekslariga, “Markaziy bank toʻgʻrisida”gi qonunga va boshqa me’yoriy hujjatlarga ham oʻzgartirishlar kiritish zarur”, – deya qoʻshimcha qildi u.

Islom banklari va zamonavi banklar o‘rtasidagi farq

Islom moliyasi bo‘yicha ekspert Alijon Ravshanov so‘zlariga ko‘ra, islom moliyasi — moliyaviy xizmatlarni islom dini shariatiga muvofiq tashkillashtirib, uni mijozlarga axloqiy qadriyatlar asosida yetkazishdir. Bu ham xuddi anʼanaviy moliya kabi yaxlit bir tizim. O‘zini maxsus meʼyorlari, huquqiy normalari va anʼanaviy moliyadan katta farqlari bor.

Ta’kidlashicha, zamonaviy banklar pul mablag‘larini foiz evaziga jalb qiladi (omonat shaklida). Keyin mablag‘larni foiz asosida kredit qilib beradi va shundan foyda ko‘radi. Islom banklarida esa banklar foyda olish uchun sherikchilik yoki savdo qiladi.

“Anʼanaviy banklar foydasining asosiy qismi kreditdan keladi. Shuningdek, ularda lizing va boshqa xizmat turlari mavjud. Islom banklarida sherikchilikka asoslangan muzoraba va mushoraka, savdoga doir murobaha, ijara, salam, istisna kabi instrumentlar bor. Pulga munosabatga kelganda, anʼanaviy banklar pulni aktiv sifatida ishlatish, uni maʼlum haq evaziga sotish yoki ijaraga berish mumkin degan nazariyaga asoslanadi. Islom moliyasida esa pulga bunday munosabat bildirilmaydi. Balki pul ayirboshlash vositasi, qiymat o‘lchovi yoki boyligimizni jamg‘aradigan vosita deb qaraladi. Bunda puldan pul keladi degan qabilda ish olib borilmaydi”, – deydi ekspert.

Islomiy moliyada islom banklari 20 foiz ulushga ega

Islom moliyasi faqat banklardan iborat emas. U barcha moliyaviy munosabatlarni o‘zida jamlaydi. Har birimizning kundalik hayotimizda to‘qnashadigan, tadbirkorlar, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi moliyaviy, tijoriy, savdo, mehnat munosabatlarini qamrab oladi. Islomiy moliyada islom banklari 20 foiz ulushga ega. Sukuk va takaful ulushi 10 foizga teng. Tizimning asosiy qismi tadbirkorlik subyektlari, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasidagi munosabatlarni qamrab oladi.

Qonun qabul qilinsa qonunchilikda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Begzodovga ko‘ra, qonun qabul qilinsa, qator qonun va boshqa hujjatlarga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritiladi. Masalan, Fuqarolik kodeksining amaldagi tahririda mushoraka modeli asosida tijorat banklariga yuridik shaxslar bilan hamkorlik qilish imkoniyati cheklangan. Yangi qonun loyihasi bilan mazkur cheklovlar olib tashlanishi rejalashtirilgan.

“Banklarga kompaniyalar bilan hamkorlikda investitsiya kiritish, foyda yoki zararni adolatli taqsimlash imkoniyati yaratilmoqda. ‘Bank va banklar faoliyati to‘g‘risi’dagi qonunda banklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo yoki ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishi taqiqlangan. Bu islomiy moliyalash vositalaridan foydalanishni cheklaydi. Qonun loyihasida ushbu cheklovlarni ham bekor qilish va banklarga ushbu operatsiyalarda ishtirok etishga ruxsat berilmoqda”, – deydi u.

Soliq qonunchiligida ham o‘zgarishlar bo‘ladi

Sanjar Begzodov mamlakatda islom moliyasini rivojlantirish maqsadida soliq qonunchiligiga ham o‘zgartirishlar kiritilishini ta’kidlagan.

“Islom moliyasi uchun qulay soliq rejimi yaratish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, sukuk islom obligatsiyalari kabi qimmatli qog‘ozlarni foiz daromadlaridan ozod qilinishi belgilanmoqda. Yaʼni bu yo‘nalishda soliq imtiyozlari beriladi. Shu bilan birga, islomiy moliya tizimida omonatlarga foiz qo‘yish man etilgani inobatga olinib, amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilgan. Jumladan, banklar tomonidan mudoraba foyda taqsimoti asosida omonat mahsulotlarini taklif qilish imkoni yaratiladi. Yaʼni bunda bank omonatchining mablag‘larini boshqarib, investitsiya natijasida kelib chiqadigan foydani taqsimlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, qonun loyihasida banklarda maxsus kengashlar tashkil etilishi va ular islomiy banklar pul operatsiyalarini kuzatib borishi rejalashtirilmoqda. Bu kengashlar bank mahsulotlari va xizmatlarini ichki auditdan o‘tkazib, shariatga muvofiqligi bo‘yicha xulosa beradi”, – degan mutaxassis.

Islomiy moliyaning dunyo bozoridagi o‘rni

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2023-yilda dunyodagi islomiy banklarning aktivlari 3,3 trillion dollarni tashkil etib, 2022-yildagidan 11 foizga o‘sgan. Prognozlarga ko‘ra, 2025-yilga borib mazkur aktivlar qiymati 3,7 trillion dollardan oshishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2021-yilga kelib, jahon islom moliyaviy bozori aktivlarining qiymati 4 trillion dollarga yetgan. Tahlillarga ko‘ra, oxirgi yillarda mazkur tizimdagi aktivlar miqdori yiliga 5,5 foizdan o‘smoqda.

Islom moliyasi O‘zbekistonga $10 milliard investitsiya olib kirishi mumkin

Islom taraqqiyot banki hisob–kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda islom moliyasi yo‘lga qo‘yilsa, mamlakatga 10 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritilishi kutilmoqda. Shuningdek, respublikada 100 mingtadan ortiq ish o‘rni yaratilishi mumkin.

Теги :
Jamiyat