$
 12790.12
-4.9
 13936.11
42.0
 130.03
-1.59
weather
+26
Кечаси   +14°

Putin yutqazdi: Moldova Rossiyaga nima uchun kerak?

Moldova va Putin

Moldovadagi prezident saylovining ikkinchi bosqichida Mayya Sandu g‘alaba qozondi. Bayonnomalarning 98,9 foizi qayta ishlanganidan keyin Sandu saylovchilarning 55 foizi ovozini olgani ma’lum bo‘lgan. Uning raqibi Aleksandr Stoyanoglo 45 foiz ovoz to‘plagan. Bu Sandu uchun ikkinchi prezidentlik muddati bo‘ladi. Sandu mamlakatning g‘arbcha yo‘l bilan ilgarilashi va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi tarafdori. Stoyanoglo esa muxolifatdagi rossiyaparast Sotsialistlar partiyasidan nomzod o‘laroq ko‘rsatilgan. 

 “Moldova, bugun sen g‘alaba qilding”

Sandu Moldovadagi va xorijdagi yurtdoshlariga minnatdorlik bildirar ekan, “Moldova, bugun sen g‘alaba qilding. Biz birgalikda birdamligimiz va demokratiya kuchini hamda munosib kelajakka sodiqligimizni ko‘rsatdik”, deb yozdi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida. Ma’lum bo‘lishicha, Sandu asosan xorijdagi saylov uchastkalari hisobidan g‘alaba qozongan. Chet eldagi diaspora unga yoppasiga ovoz bergan. Mamlakat ichida 51,2 foiz ovoz bilan Stoyanoglo g‘olib bo‘lgan. Moldova – xorijdagi diasporaning mamlakatdagi siyosiy muhitga ta’siri hal qiluvchi darajada bo‘lgan kam sonli mamlakatlardan biri hisoblanadi. 2020-yilda o‘tgan prezidentlik saylovida ham Mayya Sanduning o‘sha vaqtdagi amaldagi prezident Igor Dodon ustidan g‘alaba qozonishida aynan diasporaning ovozi hal qiluvchi rol o‘ynagan edi.

Saylovlarga Rossiyaning aralashuvi

3-noyabr kuni davomida Moldova prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi ovoz berish jarayoni “Rossiyadan kelgan katta aralashuv” ostida kechganini ta’kidlagan. Kreml bu kabi ayblovlarni avval bir necha bor rad etgan. Promo-LEX missiyasi kuzatuvchilari, ovoz berish kuni qonunbuzarliklarga oid 220 dan ziyod xabarni qayd etishganini ma’lum qilishgan. O‘sha paytda politsiya 190 dan ortiq qonunbuzarlik haqida bildirgan. Yakshanba kuni Moldova politsiyasi ham mamlakat ichidagi, ham xorijdagi saylov uchastkalariga ovoz beruvchilar tashkillangan tartibda avtobuslar va charter reyslarda tashilganini ko‘rsatuvchi “asosli dalillar” mavjudligini ma’lum qilgan. Sanduni g‘alaba bilan tabriklagan Yevropa Ittifoqining top diplomati Jozef Borrell ham o‘z bayonotida “Rossiya tomonidan misli ko‘rilmagan aralashuv bo‘lgan”ini tilga olgan.

Moldova Rossiyaga nima uchun kerak? 

Ma’lum bo‘lishicha, g‘arbdagi ko‘plab ekspertlar 51 yil davomida Sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida yashagan va Ukraina yon qo‘shnisi bo‘lgan Moldovani Moskvaning “sobiq sho‘ro mamlakatlari ustidan nazoratni qayta tiklash” harakatlaridagi navbatdagi nishon ekanini ta’kidlab keladi. Moldovaning Yevropa bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lgan yetakchilari ham yillardan beri Rossiyani mamlakatdagi ichki vaziyatni beqarorlashtirishga urinishda ayblab keladi. Ayrim xalqaro tahlilchilar, shuningdek, dunyoda yakkalab qo‘yilishi ortidan Moskva uchun Moldova ustidan siyosiy ta’sirni qo‘lga kiritish masalasi yangi darajaga ko‘tarilganini ham ta’kidlaydi. Moldovaning Rossiyadagi sobiq elchisi Anatoliy Tseranu ham “Xalqaro ihota sharoitida Rossiyaga quloq soluvchi, uni do‘st davlat deb hisoblovchi har qanday mamlakat Rossiya uchun yirik geosiyosiy yutuqdir. Shu sababdan Moldova uchun bor kuch maydonga tashlangan. Shuning uchun bu maqsad yo‘lida katta-katta pul sarflanmoqda”, deya ta’kidlagan.

Mayya Sandu haqida

Mayya Grigorievna Sandu — Moldova Respublikasining birinchi ayol prezidenti bo‘lib, 2020-yil 24-dekabrda lavozimga kirishgan. U 1972-yil 24-mayda Moldova SSRning Risipeni qishlog‘ida tug‘ilgan. Mayya Sandu 1994-yilda Moldova Iqtisodiyot Akademiyasini tamomlagan. 1995-1998-yillarda Moldova Prezidenti huzuridagi Davlat Boshqaruvi Akademiyasida xalqaro munosabatlar bo‘yicha magistr darajasini olgan. 2010-yilda AQShdagi Garvard Universitetining Kennedi nomidagi Davlat Boshqaruvi Maktabida davlat siyosati bo‘yicha magistr darajasini qo‘lga kiritgan. 1994-yilda Moldova Iqtisodiyot vazirligida faoliyatini boshlagan. 1998-2005-yillarda Jahon Bankining Kishinyovdagi vakolatxonasida iqtisodchi sifatida ishlagan. 2005-2006-yillarda Moldova Iqtisodiyot vazirligida makroiqtisodiy siyosat va rivojlanish dasturlari boshqarmasi direktori bo‘lgan. 2010-2012-yillarda Vashingtonda Jahon Banki ijrochi direktorining maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan. 

Siyosiy faoliyati

2012-yil iyulidan 2015-yil iyuligacha Moldova Ta’lim vaziri bo‘lib ishlagan. Ushbu davrda ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurash va islohotlar olib borgan. 2016-yilda "Harakat va Birdamlik" partiyasini (PAS) tashkil etgan va 2020-yilgacha uni boshqargan. 2019-yil iyunidan noyabrigacha Moldova Bosh vaziri lavozimida ishlagan. 2020-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Mayya Sandu g‘alaba qozonib, 2020-yil 24-dekabrda lavozimga kirishgan. Uning prezidentligi davomida Moldova Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish va korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida faoliyat olib bormoqda. 2023-yil iyun oyida Yevropa Ittifoqi Moldovaga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga ruxsat bergan. Sandu haqida yana-da batafsil ma’lumot olish hamda uning shaxsiyati bilan yaqindan tanishish uchun uning bundan 5 oy muqaddam rossiyalik mashhur bloger Vdudga bergan intervyusini tomosha qilishni tavsiya qilamiz.

Теги :
Jamiyat