$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Qaysi banklar aholiga eng daromadli mikrokreditlar taqdim etmoqda?

kredit mikrokredit

Mikroqarzlar segmentida maksimal hajmi 100 million so‘mni tashkil etdi va o‘rtacha yillik stavka 1 foizga oshdi. 2024-yil dekabr holatiga ko‘ra, mavjud 35 ta bankdan 25 tasida mikroqarzlar olish mumkin. “Iqtisodiy sharh” jurnali mikrokreditlar bo‘yicha eng daromadli takliflar, foiz stavkalari va qulay shartlar haqida umumiy ma’lumot tayyorladi. Quyida banklarning reytingi va mijozlar uchun eng foydali takliflar haqida so‘z yuritamiz.

100 million so‘mgacha mikrokreditlar

Mikroqarzlar, ya’ni qisqa muddatli kichik kreditlar, bugungi kunda aholi orasida katta talabga ega. 2024 yil dekabr holatiga ko‘ra, mikrokreditning maksimal miqdori 100 million so‘mni tashkil etmoqda. O‘rtacha yillik foiz stavkasi esa 33% bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 1%ga oshgan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida mikrokreditlar uchun jami 31,868.5 milliard so‘m ajratilgan. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53.2% o‘sish demakdir.

Mikrokreditlar bo‘yicha reyting

“Trast Bank” – Bank 60 oygacha muddat bilan, yillik foiz stavkasi 30% gacha bo‘lgan sharoitda 100 million so‘mgacha mikrokredit taklif qilmoqda. Bu uzoq muddatda moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga intilayotgan mijozlar uchun yaxshi imkoniyat.

“Mikrokreditbank” – Ikkinchi o‘rinni 5 yil muddatgacha, 31% yillik foiz stavkasi bilan mikrokredit taqdim etayotgan “Mikrokreditbank” egallab tuirbdi. Kredit miqdori ham 100 million so‘mgacha yetadi.

Ushbu bank uzoq muddatli moliyalashtirishga ehtiyoj sezadigan mijozlar uchun mo‘ljallangan va ayniqsa kichik biznes egalariga mos keladi. 

“Biznesni rivojlantirish banki” – “Biznesni rivojlantirish banki” mikrobiznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bank 48 oygacha muddatda, yillik 30% foiz stavkasida 100 million so‘mgacha mikrokredit taklif qiladi.

Uning shartlari kichik va o‘rta biznes egalariga moslashuvchan moliyaviy yechimlar yaratish imkonini beradi.

Foiz stavkalari qanday?

Banklar tomonidan taqdim etilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari sezilarli darajada farq qiladi. Masalan, o‘rtacha foiz stavka 33% atrofida bo‘lsa-da, ba’zi banklarda bu ko‘rsatkich juda yuqori.

Eng yuqori foiz stavkalari “Anor bank”da bo‘lib, bu yerda yillik stavka 44%ni tashkil etadi. “TBC Bank”da esa stavkalar 28%dan 49%gacha o‘zgaradi, bu o‘rtacha 38,5% degani. “Ipoteka bank” ham yuqori foiz stavkalari bilan ajralib turadi: bu yerda yillik stavkalar 24%dan 45%gacha yetadi. Agar pastroq foiz stavkali kredit izlayotgan bo‘lsangiz, ushbu banklarning takliflari sizga mos kelmasligi mumkin.

Qanday shartlar talab qilinadi?

Mikroqarz olish uchun asosiy talablar quyidagilar:

 • Garov: 50 mln. so‘mdan yuqori mikrokreditlar uchun majburiy.

 • Kafolat: 50 mln. so‘mgacha bo‘lgan qarz uchun jismoniy shaxs kafolati va sug‘urta polisi talab qilinadi.

 • Valyuta: Mikrokreditlar faqat milliy valyutada – “so‘m”da rasmiylashtiriladi.

Qaysi banklar mikroqarz bermaydi?

Banklarning barchasi ham mikroqarz bozorida faol emas. Ayrim banklar bu xizmatni vaqtincha to‘xtatgan yoki umuman taqdim etmayapti. Jumladan:

 • “Turon Bank”

 • “Kapital Bank”

 • “AVO Bank”

 • “Xayot Bank”

 • “Uzum Bank”

Xo‘sh, mikrokreditni qayerdan olish foydaliroq?

Mikrokredit olishni rejalashtirayotgan har bir mijoz uchun asosiy savol – qaysi bankni tanlash kerak? Agar uzoq muddatli va past foizli kredit qidirayotgan bo‘lsangiz, “Trast Bank” yoki “Mikrokreditbank”ning takliflarini ko‘rib chiqishingiz mumkin. Agar mikrobiznesni rivojlantirishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, “Biznesni rivojlantirish banki” sizga mos bo‘lishi mumkin. Mikroqarz oluvchilarga maslahat: qaror qabul qilishdan oldin foiz stavkalari, muddat va qo‘shimcha talablarni diqqat bilan ko‘rib chiqish lozim.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot