$
 11909.66
-24.58
 13588.92
-2.99
 152.28
-0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Migratsiya feminizatsiyalashuvi: Top universitetlardan chiqindi qutilarigacha...

Ayollar migratsiyasi

Uzoq yillar davomida global mehnat migratsiyasi deganda koʻz oldimizga faqat ogʻir jismoniy mehnat bilan shugʻullanayotgan erkaklar qiyofasi kelar edi. Biroq bugun dunyo iqtisodiyoti va demografiyasida tub burilish – “migratsiyaning feminizatsiyalashuvi” sodir boʻlmoqda. Bugun xalqaro migrantlarning salkam yarmini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Ular endi shunchaki oila boshligʻi ketidan ergashgan “passiv yoʻlovchilar” emas, balki mustaqil qaror qabul qiluvchi, strategik reja tuzuvchi va transmilliy iqtisodiyotni harakatlantiruvchi asosiy kuchga aylandilar.

 Xoʻsh, oʻzbekistonlik va umuman dunyo ayollarini uzoq safarlarga chiqishga majbur qilayotgan yoki chorlayotgan zamonaviy tendensiyalar nimalardan iborat? Bu jarayon oilalarga farovonlik bilan birga qanday fojialarni olib kelmoqda? Eng muhimi, huquqiy himoyasiz qolgan ayol migrantlarimizning taqdiri xalqaro huquq va jamiyat nigohida qanday aks etmoqda?

“Gʻamxoʻrlik iqtisodiyoti” va zamonaviy oqimlar

Zamonaviy dunyoda iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy ehtiyojlar oʻrtasidagi mutanosiblik oʻzgardi. Rivojlangan davlatlar (Gʻarbiy Yevropa, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya) aholisining tez sur’atlar bilan qarib borishi va u yerlik ayollarning toʻliq ish kuniga oʻtishi yangi bir tarmoqni – “gʻamxoʻrlik iqtisodiyoti” ni vujudga keltirdi. Keksalarni parvarishlash, enagalik, uy xizmatchiligi hamda xizmat koʻrsatish sohalariga talab keskin ortdi. Bu boʻshliqni esa asosan rivojlanayotgan mamlakatlardan kelayotgan xotin-qizlar toʻldirmoqda. 

Shu bilan birga, faqat mexanik mehnat emas, balki intellektual migratsiya ham faollashgan. Minglab oʻzbekistonlik qizlar xorijiy tillarni puxta egallab, IT, xalqaro jurnalistika, marketing va ta’lim sohalarida karyera qilish hamda akademik daraja olish maqsadida Yevropa ittifoqi, AQSh va Janubiy Koreya tomon yoʻl olmoqdalar. Bu an’anaviy stereotiplarning parchalanishidan dalolat beradi. Masalan, Dildora Ergasheva, Mushtariy Sharifova va boshqa yuzlab oʻzbek qizlari dunyodagi top universitetlarda oʻqib, nufuzli korporatsiyalarda ishlamoqda.  

Pul oʻtkazmalari tizimini tadqiq qiluvchi xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga koʻra, migrant ayollar erkaklarga qaraganda kamroq maosh olsalar-da, oʻz daromadlarining nisbatan katta foizini uylariga yuboradilar. Eng asosiysi, ayollar yuborgan mablagʻlar biznes yoki investitsiyaga emas, toʻgʻridan-toʻgʻri oilaning fundamental ehtiyojlariga: farzandlar ta’limi, sogʻliqni saqlash va sifatli oziq-ovqatga sarflanadi. Bu inson kapitaliga tikilgan eng samarali sarmoyadir.

Markaziy Osiyo statistikasi

Mintaqamizda gender migratsiyasi oʻziga xos toʻlqin va dinamikaga ega. Qoʻshni Qirgʻizistonda jami mehnat migrantlarining qariyb 40 foizini ayollar tashkil etsa, Oʻzbekiston va Tojikistonda bu koʻrsatkich biroz pastroq, ammo oʻsish tendensiyasiga ega. Oʻzbekistondagi emmigratsiyaning asosiy geografik koʻrsatkichlari Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh va YI davlatlari boʻlsa, ayollarning ulushi 18-22 foizni tashkil qiladi. Tojikistonlik migrantlarning 12-15 foizi ayollar hissasiga teng va ular asosan Rossiya hamda Fors koʻrfazi davlatlariga safar qilishadi.

 “Ijtimoiy yetimlik”

Har qanday iqtisodiy yutuqning oʻz badali boʻladi. Ayollar migratsiyasining jamiyat ijtimoiy hayotiga uradigan eng ogʻir zarbalaridan biri –“ijtimoiy yetimlik” fenomenidir. Onaning yillar davomida uzoqda boʻlishi bolalar tarbiyasi va psixologiyasida oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan boʻshliqlarni yuzaga keltirmoqda.

Oʻzbek xonadonlarida bola tarbiyasi an’anaga koʻra bobo va buvilar yoki qaynona-qaynotalar zimmasiga tushadi. Biroq onalik mehri va nazoratidan uzoqda oʻsgan bolalarda emotsional sovuqlik, oʻqishga boʻlgan qiziqishning pasayishi va ijtimoiy moslashuv muammolari koʻp kuzatilmoqda. Bu esa kelajak avlodning ruhiy muvozanati uchun xavf tugʻdirishi mumkin.

Parda ortidagi fojialar

Ayollar migratsiyasining eng ogʻriqli va koʻp hollarda yopiq qoladigan mavzusi – bu xotin-qizlarning zoʻravonlik, tazyiq, jinoyat va odam savdosi qurboniga aylanayotganidir.

Masalan, joriy yilning yanvar-fevral oylarida Turkiyada bir nechta oʻzbek ayol migrantlari vahshiylarcha oʻldirib ketildi. 37 yoshli Durdona Xakimovaning boʻlib tashlangan jasadi chiqindi qutisidan topilgan, koʻp vaqt oʻtmay uning doʻsti Sayyora Ergasheva ham shu tarzda oʻldirilgani aniqlangan. Bir necha hafta oʻtgach, yana bir ayolning jasadi Gʻarbiy Turkiyada topilgan. 2025-yilda ham oʻzbek migrant Istanbulda oʻz uyida pichoqlab ketilgan.

Migrantlar bilan ish beruvchining xonadonida yashaganda pasportlari olib qoʻyilishi, shaxsiy erkinligi cheklanishi, maoshi berilmasligi va eng yomoni – jismoniy hamda jinsiy zoʻravonlikka uchrash holatlari tez-tez uchrab turadi. Koʻplab ayollar uyat va andisha sabab bunday masalalarni yillar davomida sir saqlashga majbur boʻladi.

Odam savdosi toʻrlari ham koʻpincha aldov qurboniga aylangan yosh xotin-qizlarni nishonga oladi. “Turkiyada goʻzallik saloniga ishga taklif qilamiz” yoki “Dubayda mehmonxonada yuqori maoshli ish” kabi soxta e’lonlar ortida yashiringan jinoiy guruhlar ayollarni xorijga olib chiqib, fohishalikka majburlash, qullikda saqlash kabi ogʻir jinoyatlarni sodir etishmoqda. Huquq-tartibot organlari va elchixonalar tomonidan yuzlab ayollar qutqarib kelinayotgan boʻlsa-da, parda ortidagi fojialar koʻlami hali ham ulkan. Jumladan, Moskvaning Golyanovo tumanida oʻzbek va qozoq ayollar yillar davomida doʻkonlarda majburiy mehnatga jalb qilingani haqida dalillar bor. Ularning hujjatlari olib qoʻyilgan, 20 soatgacha ishlatilgan, jinsiy zoʻravonlik va majburiy abortlar qayd etilgan. BMT ekspertlari 2025-yilda Rossiyani bu holatlar uchun tanqid qilgan, Yevropa Inson Huquqlari Sudi tegishli qarorlar chiqargan.

Ayol migrantlar himoyasi

Oʻzbekistonda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Migrantlar resurs markazi migrantlarni xorijda mehnatga tayyorlash, oʻz huquqlarini himoya qilish va qaytganlarni reintegratsiya qilish ishlari bilan shugʻullanadi. Bundan tashqari, “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etilgan boʻlib, ularda til, kasbiy koʻnikmalar va xorij mehnat qonunchiligini oʻrgatish dasturlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda, jabrlangan shaxslarga kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik va boshqa yordamlarni bepul koʻrsatish uchun “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazi” ham tashkil qilingan.

Faqat ayol migrantlarga qaratilgan gender-responsive dasturlar joriy qilish, xorijda monitoring va yordamni kuchaytirish maqsadida konsulliklar hamda attashelar faoliyatini kuchaytirish, ayol migrantlar haqidagi aniq statitistika shakllantirib, tadqiqotlarni kengaytirish maqsadaga muvofiq boʻladi. Bunday chora-tadbirlar real holatlarni ochib berishga va oldindan zarur ehtiyot choralarni koʻrishga imkoniyat yaratadi.

Ayollar migratsiyasi — bu shunchaki iqtisodiy ehtiyojlar oqimi emas, balki jamiyatimizning ijtimoiy-ma’naviy holatini koʻrsatuvchi koʻzgudir. Ayollarni xavfsiz mehnat sharoitlari bilan ta’minlash, ularni qullik va zoʻravonlik zanjirlaridan asrash muhim ahamiyatga ega.

Теги :
Jamiyat