$
 11909.66
-24.58
 13588.92
-2.99
 152.28
-0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Urushdan emas, ekologiyadan qochayotgan “qochqinlar”

Migration

Qurg‘oqchilik tufayli ekinlari qurib qolgan fermer, dengiz suvi yutib borayotgan qirg‘oq bo‘yidagi qishloq yoki kuchli suv toshqinidan keyin uyini tark etishga majbur bo‘lgan oila. Yoki, oddiygina “Interstellar” filmini eslaylik. Qurg‘oqchilik natijasida koinotdan yashash uchun qulay joy qidirgan ekipaj. Bir qarashda bularning bari turli xil ekologik hodisalardek ko‘rinadi. Aslida esa ularni bitta umumiy muammo birlashtiradi – iqlim o‘zgarishi insonlarni ko‘chishga majbur qilmoqda.

Bugungi kunda migratsiya haqida gap ketganda, odatda urush, siyosiy beqarorlik yoki iqtisodiy qiyinchiliklar tilga olinadi. Biroq, mutaxassislar endi yana bir muhim omil – iqlim o‘zgarishi tobora kuchayib borayotganini ta’kidlamoqda. Haroratning ortishi, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, bo‘ronlar, yer degradatsiyasi va dengiz sathining ko‘tarilishi millionlab odamlarning hayotiga bevosita ta’sir qilmoqda.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi (IPCC) prognozlariga ko‘ra, XXI asr davomida ekstremal ob-havo hodisalari yanada tez-tez va kuchliroq kuzatiladi. Natijada yashash uchun xavfsiz hududlar qisqarishi, qishloq xo‘jaligi hosildorligi pasayishi va odamlarning yangi yashash joylarini izlashga majbur bo‘lishi kutilmoqda.

Iqlim migratsiyasi nima?

Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) ekologik migrantlarni atrof-muhitdagi to‘satdan yoki bosqichma-bosqich yuz berayotgan o‘zgarishlar sabab yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan yoki buni o‘z ixtiyori bilan tanlagan shaxslar sifatida ta’riflaydi. Ular mamlakat ichida ham, xalqaro chegaralarni kesib o‘tgan holda ham ko‘chishi mumkin.

Shu bilan birga, mutaxassislar “iqlim migratsiyasi” va “ekologik migratsiya” tushunchalarini farqlaydi. Ekologik migratsiya barcha ekologik omillarni qamrab olsa, iqlim migratsiyasi aynan iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga keladigan ko‘chishlarni anglatadi.

Muhim jihati shundaki, bugungi kungacha “iqlim migranti” yoki “ekologik migrant” tushunchalari xalqaro huquqda mustaqil maqomga ega emas. Shu sababli ular xalqaro huquqdagi “qochqin” maqomidan foydalana olmaydi. Xalqaro Migratsiya Tashkiloti hamda BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi (UNHCR) “iqlim qochqini” atamasidan foydalanishni tavsiya etmaydi. Chunki, bu tushuncha amaldagi xalqaro qochqinlar huquqiga mos kelmaydi.

Shuningdek, BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi doirasidagi Kankun kelishuvlari iqlim o‘zgarishi oqibatidagi uch xil harakatni ajratib ko‘rsatadi: migratsiya, majburiy ko‘chirilish va rejalashtirilgan ko‘chirish.

Iqlim migratsiyasi har doim ham xalqaro migratsiya emas

Ko‘pchilik iqlim o‘zgarishi odamlarni boshqa davlatlarga ketishga majbur qiladi, deb o‘ylaydi. Aslida esa tadqiqotlar buning aksini ko‘rsatmoqda. XMT ma’lumotlariga ko‘ra, ekologik migratsiyaning katta qismi mamlakat ichida sodir bo‘ladi. Odamlar avvalo yaqinroq va xavfsizroq hududlarga ko‘chishni afzal ko‘radi. Faqat ayrim hollarda xalqaro migratsiya yuz beradi.

Yevropa Komissiyasining CLICIM loyihasi doirasida tayyorlangan hisobotlarda ham migratsiya qarorlari juda murakkab ekani qayd etilgan. Tadqiqotchilar Gallup World Poll ma’lumotlari asosida ekologik ofatlar va migratsiya niyatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qildi. Natijalarga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlarda ekologik xavf ortishi ba’zan xalqaro migratsiyaga bo‘lgan istakni kamaytiradi. Sababi oddiy — odamlar ko‘chishni xohlasa ham, buning uchun mablag‘ topa olmaydi. Aksincha, eng kam rivojlangan mamlakatlarda ekologik xavf kuchayishi xorijga ketishni rejalashtirayotgan odamlarni tayyorgarlikni tezlashtirishga undaydi.

Iqlim migratsiyasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning eng muhim xulosalaridan biri shuki, ekologik muammolar har doim ham migratsiyaga olib kelmaydi, Efiopiyadagi izlanishlar qurg‘oqchilik va yer degradatsiyasi fermerlarning daromadini keskin kamaytirishini ko‘rsatgan. Natijada, odamlar boshqa hududga ko‘chishni istaydi. Biroq aynan daromad kamaygani sabab ular yo‘l xarajatlarini qoplay olmaydi.

Shu tariqa ilmiy adabiyotlarda “trapped populations” – “tuzoqda qolgan aholi” tushunchasi paydo bo‘lgan. Bu ekologik xavf ostida yashayotgan, biroq moliyaviy, ijtimoiy yoki jismoniy sabablar tufayli ko‘cha olmaydigan insonlardir. Bunday holat, ayniqsa, kambag‘al oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va kichik farzandlarini parvarish qilayotgan ayollar orasida ko‘proq uchraydi.

Migratsiya yangi muammolarni ham yuzaga keltiradi

Iqlim migratsiyasi faqat odamlarning ko‘chishi bilan tugamaydi. Migrantlar qabul qiluvchi hududlarga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Efiopiyada o‘tkazilgan yana bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yangi hududlarga ko‘chib kelgan aholining yer ochishi, o‘rmonlarni kesishi va tabiiy resurslardan foydalanishi ekologik bosimni kuchaytirgan. Biroq, olimlar migrantlarni barcha ekologik muammolarning aybdori sifatida ko‘rsatish noto‘g‘ri ekanini ta’kidlaydi. O‘rmonlarning qisqarishi yoki yer degradatsiyasi ko‘pincha migratsiyadan ancha oldin boshlangan bo‘ladi. Davlat siyosati, aholining tabiiy o‘sishi, resurslarni boshqarishdagi kamchiliklar ham bu jarayonda muhim rol o‘ynaydi. Shunga qaramay, resurslar cheklangan hududlarda migrantlar va mahalliy aholi o‘rtasida yer, suv hamda yaylovlardan foydalanish yuzasidan ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkin. 

Muammo faqat iqlimda emas

Olimlar iqlim migratsiyasini faqat ekologik hodisa sifatida ko‘rish xato ekanini qayd etadi. Insonning ko‘chish qarori bir vaqtning o‘zida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy omillarga ham bog‘liq. Masalan, qurg‘oqchilik yuz bergan hududdagi barcha odamlar migratsiyani tanlamaydi. Ayrimlari yangi ekin turlarini ekishga o‘tadi, boshqalari qo‘shimcha daromad manbai izlaydi yoki suvni tejash texnologiyalarini joriy qiladi. Migratsiya ko‘pincha boshqa moslashuv choralaridan keyingi so‘nggi variant sifatida tanlanadi.

Qaysi mamlakatlarda xavf yuqori?

Ekologiya natijasida vujudga kelgan turli sabablarga ko‘ra insonlar o‘z uylarini va mamlakatlarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishmoqda. Masalan, Tinch okeanidagi mitta davlatlar – Tuvalu, Kribati va Marshall orollari dengiz sathidan bor-yo‘gi bir necha metr balandlikda joylashgan. Hozirdanoq aholini boshqa mamlakatlarga ko‘chirish rejalari ustida ishlanmoqda. Suv toshqinlari hududlaridagi Bangladesh ham dunyodagi ekologik migratsiya xavfi eng yuqori boʻlgan davlatlardan biri bo‘lib, dengiz sathi koʻtarilishi va siklonlar sababli har yili millionlab insonlar yashash joyini oʻzgartirishga majbur boʻladi. Tez-tez sodir boʻladigan tayfunlar va suv toshqinlari tufayli Indoneziya hamda Fillipinda ichki migratsiya koʻrsatkichlari juda yuqori.

Ekstremal issiq va suv taqchilligi sabab Markaziy Amerikaning “Quruq koridori” – Gvatemala, Gonduras hamda El-Salvadorda uzoq davom etayotgan qurgʻoqchilik va ortidan keladigan kuchli dovullar sababli millionlab dehqonlar tirikchilik manbayidan ayrilib, AQSh chegarasi tomon migratsiya qilmoqda.

O‘zbekistonda ekologik migratsiya ehtimoli

Orol dengizining qurishi bir vaqtlar ekologik fojia sifatida baholangan edi. Bugun esa u yangi muammoning boshlanish nuqtasiga aylanmoqda. Endilikda xavf faqat yo‘qolayotgan suvda emas, balki o‘sha suv tufayli ketayotgan odamlarda ham.

Mutaxassislar O‘zbekistonda ekologik va iqlim migratsiyasi ehtimoli tobora ortayotganini ta’kidlamoqda. Qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va yer degradatsiyasi, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryoda qishloq xo‘jaligini tobora qiyinlashtirmoqda. Natijada, ko‘plab oilalar daromad manbayini yo‘qotib, yirik shaharlar yoki boshqa hududlarga ko‘chishga majbur bo‘lishi mumkin.

Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan omillardan biri – Amudaryodagi suv oqimining kamayishidir. Mutaxassislar 2030-yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi 7 milliard kub metrga, 2050-yilda esa 15 milliard kub metrga yetishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali ham bu bosimni kuchaytirishi ehtimoldan xoli emas.

Eng xavotirli jihati shundaki, iqlim migratsiyasi birdaniga yuz bermaydi. U sekin boshlanadi: avval hosil kamayadi, keyin ish o‘rinlari qisqaradi, so‘ng esa odamlar yashash uchun boshqa joy izlay boshlaydi.

O‘zbekiston uchun bu faqat ekologik masala emas. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, bandlik, urbanizatsiya va ichki migratsiya bilan bog‘liq yangi sinovdir. Bugun suvni tejash, qishloq xo‘jaligini iqlimga moslashtirish va eng zaif hududlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlar ertaga yuz minglab odamlarning o‘z yurtida qolishi yoki uni tark etishini belgilab berishi mumkin.

Dunyo qanday choralar ko‘rmoqda?

2018-yilda qabul qilingan xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya bo‘yicha Global kelishuv (GCM) ilk bor iqlim o‘zgarishi, ekologik degradatsiya va tabiiy ofatlar migratsiyaning muhim omili ekanini rasman tan oldi.

Mutaxassislarning fikricha, kelgusida davlatlar oldida faqat migratsiyani boshqarish emas, balki odamlarning o‘z yashash joyida xavfsiz qolishi uchun sharoit yaratish vazifasi ham turadi. Bunga iqlim o‘zgarishiga moslashish siyosatini kuchaytirish, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, tabiiy resurslarni samarali boshqarish va eng zaif qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin.

Iqlim o‘zgarishi kelajak muammosi emas. U allaqachon millionlab insonlarning qayerda yashashi, qanday mehnat qilishi va ertangi kunini qayerda qurishi haqidagi qarorlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois iqlim migratsiyasi endi faqat ekologik emas, balki inson huquqlari, iqtisodiy taraqqiyot va global xavfsizlik masalasiga ham aylanib ulgurdi.

Теги :
Jamiyat