$
 12178.85
49.84
 14053.18
84.2
 146.54
-1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Mojarolardan migratsiyaga: urushlar frontorti aholi hayotiga qanday ta’sir qilyapti?

Urush migratsiyasi-26-3-21 Foto: CNN

Hozirgi zamonda qurolli mojarolar migratsiya jarayonini yanada rivojlantiruvchi muhim omillardan biriga aylandi. Hukumatlar o’rtasidagi ziddiyatlar nafaqat siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni izdan chiqardi, balki millionlab odamlarni o’z uylarini tark etishiga sabab bo’ldi. Bu keskinliklar global migratsiya jarayonlariga qanday ta’sir ko’rsatmoqda?

Rossiya-Ukraina urushi. Bu mojaro ukrainaliklar va rossiyaliklarning boshqa Yevropa davlatlarining mehnat bozorlariga kirib borishi u yerdagi iqtisodiyotga o’z ta’sirini o’tkazdi. Jumladan, rossiyalik mutaxassislar hisobiga IT sektori kuchaydi. Bundan tashqari Yevropa davlatlarining qochqinlarni qabul qilish siyosati liberallashdi, xususan, qator davlatlar ukrainaliklar uchun vizasiz rejimni joriy qilib chegaralarni tezroq ochdi. Tanganing ikki tomoni bo’lgani kabi, bu migratsiya oqimi Yevropada gumanitar tizimga bosimni kuchaytirdi.

Ukrainadagi migratsiya inqirozi. Bombardimon, front chiziqlari muammolari, infratuzilmaning vayron bo’lishi, energetika tizimiga hujumlar va iqtisodiy inqiroz migratsiyaning asosiy omillari bo’lib qolmoqda.

BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissarligi (UNHCR) ma’lumotlariga ko’ra, 2025-yil dunyo bo’ylab Ukrainadan 5,75 million qochqin qayd etilgan.

  • Shulardan 5,2 million nafari Yevropaga joylashgan.
  • 3,75 million kishi esa mamlakat ichkarisida uy-joylarini tashlab boshqa joyga ko’chishga majbur bo’lgan.
  • 12,7 milliondan ortiq kishi gumanitar yordamga muhtoj.
  • BMTning Inson Huquqlari bo’yicha Oliy komissar boshqarmasining hisobotida urush 4 yil ichida 14 000dan ortiq tinch aholining hayotiga zomin bo’lgan, 41 000 dan ortiq insonlar esa jarohatlangan. Kamida 766 nafar bola halok bo’lgan va 2540 nafari tan jarohati olgan.
  • Reutersning 2023-yilgi hisobotlariga ko’ra urush tufayli mamlakat aholi 42 milliondan 28 milliongacha tushib ketgan.

2022-yil 4-martda Yevropa Komissiyasi ukrainaliklarning vaqtincha ta’minoti , jumladan yashash uchun ruxsatnoma, ta’lim olish, tibbiy xizmat, uy-joy, mehnat bozoriga kirish va ijtimoiy yordam uchun Vaqtinchalik Himoya Direktivasini ishga tushirdi va uning amal qilish muddati joriy yilning 4-mart kunigacha uzaytirilgan.

Bosib olingan hududlardan ma’lumotlar yo’qligi tufayli, haqiqiy raqamlar statistikadan ancha yuqori bo’lishi mumkin.

Rossiyada migratsiya inqirozi. Harbiy safarlikdan qochishlar, iqtisodiy sanksiyalar va siyosiy repressiyalar Rossiya aholisini chet davlatlariga chiqib ketishiga sabab bo’lmoqda.

  • Russiamatters.com urush oqibatida 7254 ta rossiyalik fuqarolar halok bo’lganini ma’lumot bergan. Bu Ukrainada qurbon bo’lganlarning deyarli yarmini tashkil qiladi.
  • 2025-yil avgust holatiga ko’ra 5000 kishi ichkarida ko’chirilgan.
  • Urushning birinchi yilidayoq ijtimoiy va iqtisodiy sabablarga ko’ra, 1000000 kishi (Rossiya aholisining 0,7 foizi) davlatdan chiqib ketgan. O’shandan beri ketganlarning 45 foizgacha bo’lganlar, ya’ni 850000gacha bo’lgan insonlar hali qaytmagan.
  • Rossiyaning 61% aholisi tinchlik muzokaralarini qo’llab-quvvatlaydi.
  • “Brain drain” hodisasi sodir bo’lmoqda, ya’ni aholining ziyoli qatlami mamlakatdan chiqib ketmoqda. Ko’plab IT mutaxassislari va yosh kadrlar Osiyo va Yevropa davlatlariga ko’chishgan.

AQSH-Isroil-Eron urushi. Joriy yilning 28-fevral kuni Tramp Isroil bilan birga Eronga qarshi urush boshlanganini e’lon qildi. Urush boshlanganiga hali to’liq bir oy to’lmagan bo’lsada, bu ko’plab sohalar, jumladan iqtisodiyot va harbiy qurol-yarog’ tizimiga katta ta’sir o’tkaza oldi. Buning natijasida asta-sekinlik bilan migratsiya jarayonlari ham rivojlanib bormoqda. Ammo, bu borada hali to’liq ma’lumotlar bazasi shakllangani yo’q.

Eronda migratsiya inqirozi. Al-Jazeeraga ko’ra, Eron atrofidagi davlatlar urush qochqinlarning yangi oqimini keltirib chiqarishdan, Turkiya esa Eron fuqarolariga vizasiz rejim joriy qilingani uchun “Yangi Suriya tajribasi” kelib chiqishi va buning natijasida gumanitar yukning ortishidan xavotirda.

  • Turkiya hukumatining xabarlariga ko’ra Erondan bu mamlakatga 1-3-mart kunlari 5010 kishi kirgan.
  • BMT Qochqinlar Agentligi esa 28-fevraldan beri Eronda 3,2 million kishi ichkarida ko’chirilganini xabar qilgan.

The Times of Israel nashri Eronda 200 000ga yaqin Isroillik migrantlar yashashi va ularning urush natijasida yuzaga keladigan bosimdan xavotirda ekanliklarini bildirgan.

Bu urush yahudiylardan tashqari 3,5 milliondan ortiq afg’onistonlik qochqin va migrantlarga ham katta xavf tug’dirishi mumkin. Forbes nashrining ta’kidlashicha, agar beqarorlik kengayib, odamlar Eronni ommaviy ravishda tark eta boshlasa, shundoq ham qochqinlar bosimi kuchaygan qo‘shni davlatlar birinchi navbatdagi migratsiya manzillariga aylanishi ehtimoli yuqori. Masalan, 2025-yilda bir milliondan ortiq afg’onistonlik Erondan qaytib keldi, bu esa Afg‘onistonning zaif gumanitar infratuzilmasiga og‘ir yuk bo‘lib tushdi va ko‘chishning yangi davriy zanjirini keltirib chiqardi.

Yevropa Ittifoqining Boshpana masalalari bo‘yicha agentligi (EUAA) ogohlantirishicha, bu nizo Yevropadagi boshpana tizimlarini ishdan chiqarishi mumkin bo‘lgan migratsiya to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin. Ayniqsa, agar millionlab odamlar Turkiya orqali an’anaviy migratsiya yo‘laklari bo‘ylab harakatlana boshlasa, vaziyat yanada jiddiylashadi. Yevropa yetakchilari 2015-yilda Suriyadagi fuqarolar urushidan keyin yuz bergan migratsiya inqirozini — o‘shanda bir yil ichida Yevropaga bir milliondan ortiq qochqin kirib kelganini yaxshi eslashadi. Aholisi qariyb 90 million kishini tashkil etuvchi Eron bilan bog‘liq shunga o‘xshash ssenariy yanada yirikroq gumanitar qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Isroilda esa migratsiya inqirozi 2022-yilda boshlanib bo’lgan. Ma’lumotlarga ko’ra, 2 yilda Isroil fuqarolarining sof migratsiya balansi 125 200 kishiga kamaydi – bu mamlakat tarixida qisqa vaqt ichida sodir boʻlgan eng katta inson kapitali yoʻqotilishidir. 2025-yilda esa 69 300 fuqarolar mamlakatni tark etgan. Hozirgi vaqt migratsion oqimlar uchun hali aniq ma’lumotlar e’lon qilinmagan.

Ammo, bu urush ham Isroilda, ham Erondagi mavjud „Brain Drain“ holatining xavfini yanada orttirmoqda. Masalan, 2025-yil oxiriga kelib, Isroilda falsafa doktori(PhD) darajasiga ega mutaxassislarning 12%dan ortig’i xorijda, matematika va texnika mutaxassislarining 25%i mamlakatdan chiqib ketgan bo’lsa, Eronni 5000 nafargacha hamshira va minglab shifokorlar tark etishgan. Bundan tashqari, xorijda ta’lim olayotgan eronlik talabalar soni 100 000dan oshib ketgan va ularning qaytish ko’rsatkichi esa 1%ni tashkil etgan. Bu ko’rsatkichlar urush fonida yanada oshishi, bu esa Fors Ko’rfazi davlatlari hamda Yevropa Ittifoqi davlatlariga migratsion bosimni kuchaytirishi ehtimoldan holi emas.

Bu ziddiyatlar AQSHga emmigratsiya oqimini kuchaytirishi mumkin. Gumanitar yordam so’rab murojaat qiluvchi migrantlar va boshpana so’rovchi qochqinlar sonining ortishi mumkin, ammo bu AQSHning viza berish tizimiga ta’sir o’tkazmasdan qolmaydi – Yaqin Sharq davlatidan kelayotgan shaxslar uchun migratsion siyosat yanada qat’iylashadi.

O’zbekiston fuqarolarini qaytarish. Mamlakatimiz hukumati o’zining fuqarolariga ko’rsatayotgan e’tibor va ijtimoiy yordami bilan ajralib turadi.

  • Ukraina-Rossiya urushi natijasida 2022-yil 28 fevraldan 24 martga qadar 27 ta aviareys tashkillashtirildi hamda harbiy harakatlar kechayotgan hududlardan 6 030 nafar o‘zbekistonlik qaytarildi.
  • AQSH-Isroil-Eron ziddiyatlari tufayli Yaqin Sharq davlatlaridan qaytarilgan fuqarolar soni 19 347 nafarni tashkil etgan.
Теги :
Jamiyat