$
 12803.06
26.0
 13902.84
-17.77
 131.84
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

So‘rovnoma: Rossiya kompaniyalari xorijlik ishchilar yetishmasligidan shikoyat qilmoqda

Migrant

Rossiyadagi kompaniyalarning yarmidan ko‘pi (53 foiz) xorijlik ishchi yetishmayotganini bildirgan. Ularning beshdan bir qismi esa hukumat organlari tomonidan muhojirlarga kiritilgan cheklovlar haqida shikoyat qilgan.

Rossiya mehnat bozorida qaysi toifa ishchilarga ehtiyoj o‘syapti?

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashning kuchaytirilishi, qonunchilik va Rossiyada qonuniy ishlashni xohlovchi xorijliklarga qo‘yiladigan talablarning qat’iylashtirilishi kelajakda Rossiya Federatsiyasida ishchi kuchi taklifini kamaytiradi, deb yozmoqda Hh.ru so‘rovnomasiga asoslanib “Kommersant”.

So‘rovnomadan ma’lum bo‘lishicha, mehnat bozorida eng ko‘p ishchilarga (53 foiz), quruvchilarga (35 foiz), liniyadagi xizmatchilarga (25 foiz) va ishlab chiqarish personaliga (23 foiz) ehtiyoj sezilmoqda.

Markaziy Osiyolik migrantlar ishlaydigan kompaniyalar nisbatan muammosiz

Hh.ru so‘roviga ko‘ra, ishchi migrantlarni ishga joylashtirishda muammolar bo‘lmagan kompaniyalarda asosan MDH va YeOII davlatlaridan (48%), Yevropa Ittifoqidan (33%), Osiyo davlatlaridan (Xitoy, KXDR, Vetnam, Tailand, Kambodja va boshqalar – 28%) ishchilar mehnat qilmoqda. So‘rovnomada qatnashgan kompaniyalarning 53% chet eldan keltiriladigan ishchi kuchi yetishmasligidan aziyat chekmoqda, ayni paytda shirkatlarning 46 foizi “u yoki bu” daraja migrant yollash hajmlari qoniqarli ekanini bildirgan.

Migrantlarning rus tilini bilmasliklari ishga yollashda asosiy to‘siqlardan biri bo‘lmoqda

Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi (RSTU) ma’lumotiga ko‘ra, shirkatlarning uchdan ikki qismi migrant yollashda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Ish beruvchilarning 56 foizi xorijdan kelganlar orasida kerakli mutaxassislarni topa olmayapti, 36 foizi esa migrantlarni rus tilini yaxshi bilmagani uchun yollay olmayapti. Shirkatlarning 19 foizi qator mintaqalarda mahalliy rasmiylar tomonidan kiritilgan cheklovlardan shikoyat qilgan.

Teraktdan so‘ng kuchaygan "antimigratsiya" harakati

Rossiyada migrantlarga qarshi qonunlar soni ko‘payib bormoqda. Bu holat ayniqsa Moskva viloyatidagi “Crocus City Hall” savdo markazida sodir bo‘lgan terakt ortidan kuchayib ketgan. Rossiya rasmiylari taxminiga ko‘ra, mazkur hujum tojikistonlik bir guruh fuqaro tomonidan sodir etilgan. Teraktdan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlaganlar. Ayrim holatlarda migrantlar harbiy komissariatlarda qayddan o‘tkazilgan. Shu bilan bir paytning o‘zida Rossiyada millatchilar “reydlari” ham boshlanib ketgan – bu “reydlar” davomida ular migrantlarni ishdan bo‘shatish va qizlarning ro‘mollarini yechishni talab qilgan.

Ba’zi sohalarda migrantlarning ishlashi taqiqlangan

2023-yilning oktyabr oyida Rossiya Davlat dumasiga xorijliklarga butun mamlakat bo‘ylab maktablarda, farmatsevtika sohasida, davlat tibbiyot muassasalarida, taksi va yuk tashishda ishlashni taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi kiritilgan. Qator mintaqalarda rasmiylar migrantlarning taksi va boshqa sohalarda ishlashini taqiqlab qo‘yishgan. 2024-yil boshidan buyon IIV xodimlari RFdan 65 mingdan ziyod xorijlik fuqaroni badarg‘a qilgan hamda 120 ming nafar migrantni mamlakatga qo‘ymagan. Rossiyada kadr yetishmasligi manzarasida bu mamlakatga migrantlar oqimi so‘nggi 10 yil ichida minimum darajaga tushib ketgan.

Hukumat kadrlar ehtiyojini prognoz qilishga qaror qildi

Shu bilan birga, yaqinda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashning kuchayishi, qonunlarni va Rossiyada qonuniy ishlashni istagan chet elliklar uchun qo‘yiladigan talablarning keskinlashishi va buning natijasida chet ellik ishchi kuchini yollashdagi qiyinchiliklar allaqachon defitsit bo‘lgan mehnat bozoriga qo‘shimcha bosim yaratmoqda va hukumatning bozorni tartibga solish bo‘yicha kelajakdagi rejalariga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin. Masalan, yaqinda Rossiya hukumati mamlakat iqtisodiyotining kadrlar ehtiyojini prognoz qilish metodikasini tasdiqladi. Besh yillik istiqbolga mo‘ljallangan hisob-kitoblar uchun vazirlik Rosstat ma’lumotlari, Iqtisodiyot vazirligi prognozlari va ish beruvchilarning yillik so‘rovlaridan foydalanishni taklif qilmoqda.

Umumiy va almashtiriladigan kadrlar ehtiyoji ro‘yxati shakllantiriladi

Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, Mehnat vazirligi ikkita ko‘rsatkichni shakllantiradi – umumiy va almashtiriladigan kadrlar ehtiyoji. Birinchisi ish o‘rinlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xodimlar sonini, ikkinchisi esa pensiyaga chiqadigan ishchilarni almashtirish uchun zarur bo‘lgan hamda yangi ish o‘rinlarida ishlaydigan xodimlar sonini baholaydi. Kelajakda Rossiya hukumati rejasiga ko‘ra, ushbu ma’lumotlar aniq kasblarga bo‘lgan ehtiyojni hisoblash uchun har bir hudud bo‘yicha ekstrapolyatsiya qilinadi va oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish nazorat raqamlarini aniqlash uchun ishlatiladi. Biroq tasdiqlangan metodika matniga ko‘ra, Mehnat vazirligi faqat mehnatga bo‘lgan talab hajmini hisoblashni rejalashtirmoqda. Bozordagi disbalans risklari esa taklifga bog‘liq bo‘lib, uning muhim qismini migratsiya tashkil etadi, ammo bu jarayonning “siyosiy” jihatlarini metodologik usullar bilan hisobga olish ehtimoli past.

Rossiyada muhojirlarning asosiy qismi o‘zbekistonliklar

Ma’lumot uchun, Rossiyada 6,1 milliondan ortiq chet elliklar bo‘lib, ularning asosiy qismi Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan kelgan. Avvalroq, Ichki ishlar vazirligi 2024-yil yanvar-avgust oylarida Rossiyada bo‘lib turgan, ushbu davlatga kelgan va qaytib ketgan mehnat muhojirlariga doir raqamlarni ochiqlagan edi. Statistika — barcha ustunlarda eng ko‘p O‘zbekiston fuqarolari ekanini ko‘rsatgan.

Теги :
Жамият