$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

MIB mansabdorlarining qarzdorliklarni asossiz tugatib, davlat manfaatlariga 202 mlrd. so‘mlik zarar yetkazgani aniqlandi

MIB

Majburiy ijro byurosining Shayxontohur tuman bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan 202,9 mlrd. so‘mlik 200 ta ijro ishida qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. Ushbu mansabdor shaxslarning o‘z mansabiga sovuqqonlik bilan qarash, xizmat vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lish, ish yurituvidagi ijro hujjatlarini asossiz tamomlashi oqibatida fuqaro, jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Qarzdorliklar asossiz tugatilgan

Jumladan, Byuroning tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan “S.B” MCHJdan davlat foydasiga 19 mlrd. so‘mlik, “P.P” MCHJdan 179,2 mln. so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari qonunchilik talablariga zid ravishda asossiz tugatilganligi natijasida ushbu soliq qarzdorliklari bugungi kunga qadar undirilmagan.

Shuningdek, “SCG” MCHJ dan 26,3 mlrd. so‘m, “R.F.P.” MCHJdan 19,4 mlrd. so‘m va “Ya.M.S.E.T” MCHJdan 1,7 mlrd. so‘m davlat foydasiga soliq qarzdorliklarini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari mazkur korxonalar faoliyat yuritib kelayotgan manzili aniq bo‘la turib, asossiz tamomlangan.

Shu kabi “P.E.E.S” MCHJdan undiruvchi “B.P.T” MCHJning foydasiga jami 1,9 mlrd. so‘m, “M.S.” MCHJdan undiruvchi “S.” AJning foydasiga 1,1 mlrd. so‘m qarzdorlikarni, qarzdor B.P.dan undiruvchi N.G.ning foydasiga 332 mln. so‘m jinoyat natijasida yetkazilgan zararni, qarzdor “M.T” MCHJdan davlat foydasiga 6,3 mlrd. so‘m va 331 mln. so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar mavjud bo‘la turib, asossiz yakunlangan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda

Mazkur holatlar yuzasidan o‘rganish mobaynida to‘plangan hujjatlar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Теги :
Jamiyat