$
 12047.45
26.55
 14099.13
110.41
 151.90
-3.59
weather
+26
Кечаси   +14°

Zamonaviy muammo: Dunyo bo‘ylab har sakkizinchi odam ruhiy holat buzilishlaridan aziyat chekadi

mental health disorders

So‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab ruhiy holat buzilishlari sezilarli darajada ko‘paymoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har sakkizinchi odam ruhiy holat buzilishlaridan aziyat chekadi. Bu raqamlar global muammoga aylanayotgan masalaning qanchalik dolzarbligini ko‘rsatadi. Ammo nega bunday holat oxirgi paytlarda kuchaydi va kimlar bu kasallikdan ko‘proq aziyat chekmoqda?

 Bolalar va yoshlar orasida ko‘proq qaysi turdagi ruhiy buzilishlar uchrayapti?

 JSST ga ko‘ra, ruhiy holat buzilishlari - bu odamning fikrlash, idrok etish, emotsional barqarorlik yoki fe’l-atvorining klinik jihatdan sezilarli darajada buzilishi. Dunyodagi har sakkizinchi odamda ruhiy holat buzilishlari kuzatiladi.

Ruhiy holat buzilishlarning turli xillari mavjud. Bolalar va yoshlar orasida ko‘proq uchraydiganlari:

- Depressiya: doimiy qayg‘u hissi, sevimli mashg‘ulotlarga qiziqishni yo‘qolishi, do‘stlar va oiladan uzoqlashish istagini, o‘zini past baholash, kelajakka ishonchsizlik va b.

- Xavotir: oddiy narsalar haqida doimiy tashvish yoki qo‘rquv, yurak urishi kabi jismoniy alomatlarga olib kelishi mumkin.

- Ovqatlanishning buzilishi: tashqi ko‘rinish bilan haddan tashqari ovora bo‘lish, yomon odatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, haddan tashqari parhez qilish (anoreksiya - ishtaha to‘liq yo‘qolib ketishi mumkin) yoki doimiy ortiqcha yeyish (bulimiya).

- Xulq-atvorning buzilishi: o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilish muammolari (tajovuzkorlik, asabiylashish), munosabatlar va kundalik faoliyatga xalaqit berishi mumkin.

 Nega so‘nggi paytlarda bu kasallik ko‘paymoqda?

 Ruhiy holat buzilishlarining ko‘payishining asosiy sabablaridan biri — zamonaviy hayotning murakkabligi va stress darajasining oshib ketishi. Ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi odamlar o‘rtasidagi raqobatni oshirib, o‘z-o‘zini solishtirish tendensiyasini kuchaytirdi. Shu bilan birga, pandemiya kabi global hodisalar nafaqat iqtisodiy, balki ruhiy sohalarda ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, COVID-19 pandemiyasi davomida ko‘plab odamlar yolg‘izlik va beqarorlikni boshdan kechirdi, bu esa depressiya va xavotir darajasining keskin oshishiga olib keldi.

Ish, ta’lim va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlash qiyinlashmoqda. Natijada, ko‘plab yoshlar va o‘rta yoshdagilar stress, xavotir va charchoqqa duch keladi. Ruhiy salomatlik haqida ochiq gapira olmaslik, qo‘llab-quvvatlov yetishmasligi va ijtimoiy stereotiplar tufayli ko‘plab odamlarda muammolarni tan olish va davolanishga murojaat qilish kechikadi.

 Kim ko‘proq aziyat chekadi?

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ruhiy buzilishlardan aziyat chekayotganlar orasida ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq uchraydi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ayollarning 12–13% i ruhiy holat buzilishlaridan aziyat chekadi, erkaklar orasida esa bu ko‘rsatkich 8–9% ni tashkil qiladi. Bu ko‘pincha ayollarning ijtimoiy bosim, oilaviy majburiyatlar va shaxsiy hayotdagi stresslar bilan bog‘liq ekanligi bilan izohlanadi. Biroq yoshlar ham jiddiy xavf guruhida. Yoshlar o‘rtasida depressiya va xavotir bilan bog‘liq ruhiy buzilishlar tez-tez uchraydi. Masalan, 15–29 yoshdagi yoshlar o‘rtasida ruhiy buzilishlar o‘limning yetakchi sabablaridan biri hisoblanadi. Yoshlar ko‘pincha o‘zlarining emotsional muammolarini boshqara olmay, bu ularning akademik va shaxsiy hayotlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 Suitsid - ruhiy buzilishlarning eng og‘ir natijasi

 Suitsid ruhiy holat buzilishlarining eng og‘ir natijasidir. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 700 mingdan ortiq odam suitsid tufayli hayotdan ko‘z yumadi, va bu holatlarning aksariyati ruhiy salomatlik bilan bog‘liq. Suitsid yoshlar o‘rtasida o‘limning ikkinchi asosiy sababi hisoblanadi. Depressiya, xavotir, shaxsiy va oilaviy muammolar suitsid xavfini sezilarli darajada oshiradi.

 Ularga qanday yordam bera olamiz?

Ruhiy holat buzilishlarining o‘sib borishi bizni bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishga undaydi. Avvalo, ruhiy salomatlik haqida ochiq muloqot qilinishi lozim. Odamlar o‘z muammolarini yashirmasdan, ular haqida gapirishdan qo‘rqmasliklari kerak. Atrofdagi insonlar yordam berishi mumkin bo‘lgan eng muhim qadam bu — tinglash. Ruhiy buzilishlari bo‘lgan odamga samimiy ko‘mak ko‘rsatish zarur. Agar atrofimizdagi odamda ruhiy buzilishlar alomatlarini sezsak, unga yordam berishga tayyor ekanligimizni bildirgan holda, professional yordamga murojaat qilishga undashimiz lozim. Psixologik muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga tezkor chora ko‘rish katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, psixologlar va ruhshunoslar tomonidan individual va guruh terapiyalar, dori vositalari bilan davolash samarali usullardan hisoblanadi. Ruhiy buzilishlar vaqtida davolanmasa, ularning natijalari ancha og‘ir bo‘lishi mumkin. Davolash usullari individual bo‘lib, har bir kishining ehtiyojlariga mos tarzda tanlanishi kerak.

Ruhiy buzilishlar vaqtida davolanmasa, ularning natijalari juda jiddiy bo‘lishi mumkin. Uzoq davom etgan ruhiy muammolar inson hayotiga katta zarar yetkazadi, uning ishga layoqati kamayadi, munosabatlarida muammolar paydo bo‘ladi va o‘z-o‘zini past baholash kuchayadi. Bu esa oxir-oqibat insonni jamiyatdan ajralib qolishiga, giyohvandlikka yoki suitsidga olib kelishi mumkin. Shu sababli, davolanish jarayonini kechiktirmasdan, muammoni dastlabki bosqichda aniqlash va unga chora ko‘rish lozim.