$
 12692.42
100.85
 14511.24
-34.54
 158.44
4.62
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘rta Osiyo ham yoki Markaziy Osiyo ham emas – Turon

Markaziy Osiyo

III O‘zbekiston olimlari forumida mintaqani qanday atash masalasi ko‘tarildi. Ya’ni O‘rta Osiyo, Markaziy Osiyo emas, balki Turkiston yoki Turon deb atalish masalasi. Bu haqda jurnalist va bloger Eldar Asanov xabar berar ekan, o‘zining fikrlarini ham aytib o‘tdi.

Turkiston deyilsa, faqat turkiy xalqlar nazarda tutiladi

Uning ta’kidlashicha, O‘rta Osiyo, Markaziy Osiyo demay, Turon yoki Turkiston nomini ishlatish taklif qilindi. Ko‘pchilikka Turon degan nom ma’qul keldi. Odatda bu borada bitta argument ishlatiladi — Turkiston deyilganda, faqat turkiy xalqlar nazarda tutilib, tojiklar chetda qolib ketadi, Turon deganda, hamma kiradi.

“Men bunday qarashga qarshiligimni doim aytib kelaman. Turon degan nom turk va forsni birlashtiradi degan qarash hukm surishiga qaramay, hayotda men teskarisiga guvoh bo‘lganman”, – deydi u o‘z blogida.

Turon degan nom eroniy folklorga borib taqaladi

 Manbalarga ko‘ra, Turon degan nom eroniy folklorga borib taqaladi. Eng qadimda, Avesta zamonlarida turlar deb oriylarning afsonaviy dushmanlari nomlangan. Sosoniylar davrida forslarning asosiy dushmani turklar bo‘lib qolgani uchun ularni turonliklar bilan qiyoslash boshlangan. Bu an’ana Sosoniylar davri manbalaridan klassik fors adabiyotiga o‘tgan. Undan ilhomlangan turklarning o‘zi ham shu an’anani qabul qilgan va Turon nomini ishlata boshlagan.

Tojik ziyolilari orasida ikki xil qarash bor

Bugungi kunda tojik ziyolilari orasida ikki xil qarash bor: bir qismi turonliklarni turklar deb tan oladi, lekin ularga munosabati salbiy. Ular mintaqa Turon deb atalganidan xursand bo‘lmaydi. Yana bir qismi esa turonliklar aslida qadimgi ko‘chmanchi eroniylar degan fikrda. Ular Turon nomini turklar bilan bog‘lamaydi.

Yana bir narsani unutmaslik kerak. Turon degan nom VI asrdan boshlab turklar bilan assosiatsiya qilina boshlangan, mintaqada keng tarqalishi esa XI asrdan keyingi musulmon turk sulolalari davri bilan bog‘liq.

“Bahslarda e’tibor bersam, o‘zbek tarixchilari orasida hali ham sovet davridan qolgan eski an’anaviy qarash hukmron: ular Avesta zamonida Eron deb mintaqaning janubidagi o‘troq eroniylar, Turon deb mintaqa shimolidagi ko‘chmanchi sak va massagetlar nomlangan deb hisoblashar ekan. Ammo Avestani yaxshilab o‘qib chiqqan odam mintaqa shimoli Turon deb atalmaganini, umuman Avesta davrida hamma oriylar/eroniylar hali ko‘chmanchi bo‘lganini, o‘troq-ko‘chmanchi bo‘linishi yo‘qligini payqaydi. Bunday qarash qanday qilib fanga kirib qolgan va nega haligacha hukmron, tushunmayman”, – deya fikrini yakunlagan Asanov.

Теги :
Jamiyat