$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Gentra/Lacettidan so‘ng Malibu ishlab chiqarilishi ham to‘xtatiladi

Malibu

General Motors ushbu yildan boshlab Chevrolet Malibu avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatadi.

Avtomobil ishlab chiqarilishi nima sababdan tugatilmoqda?

General Motors kompaniyasi 2024-yilning kuzidan, yana ham aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, noyabr oyidan boshlab benzinda harakatlanadigan Chevrolet Malibu avtomobillarini ishlab chiqarish to‘xtatilishini e’lon qildi. Kompaniya bu qarorni asosiy e’tibor elektr transport vositalari ishlab chiqarilishiga qaratilayotgani bilan izohlagan.

Kelajakdagi rejalar

Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda ushbu avtomobil ishlab chiqarilayotgan "Fairfax" zavodi yangi avlod "Bolt" elektr xetchbeklari uchun ixtisoslashtiriladi. Shuningdek, xuddi shu zavod qisqa tanaffusdan keyin Cadillac XT4 krossoverini yig‘ishni yana davom ettirishi rejalashtirilmoqda. "Bolt"’dan farqli, XT4 an’anaviy benzinli dvigatellar qatorini saqlab qoladi.  

"Malibu"ning tarixi

GM 1964-yildan boshlab ushbu rusumdagi avtomobillarni dastlab Chevelle, keyin esa Malibu brendi ostida ishlab chiqarib kelayotgandi. O‘tgan davr mobaynida ushbu modelning 10 milliondan ortiq sotuviga erishilgan. Eslatib o‘tamiz, 2012-yilning mart oyidan boshlab O‘zbekistonda ham Chevrolet Malibu avtomobilini yig‘ish boshlangan. Ayni paytda ushbu avtomobil UzAuto Motors tomonidan 419 mln so‘mdan narxlanmoqda.

Ma’lumot uchun, kompaniya avvalroq 2024-yil yanvaridan Gentra/Lacetti avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi ekanligini ma’lum qilgandi. Bu qarorga kompaniya Gentra uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning quvvati yangi modellarga yo‘naltiriladi, deya sabab keltirgandi.