$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Davlat maktablari o‘quvchilar uchun yetarlicha joy va sharoitlar bilan ta’minlanganmi?

Maktab

Davlat maktablarida o‘quvchilar uchun yetarlicha joy va sharoitlar ta’minlanganmi? Bitta sinfda o‘quvchi limiti qancha bo‘lishi kerak? Umuman, respublika bo‘yicha nechta maktab faoliyat yuritmoqda? Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov shu va shu kabi savollarga “Daryo” nashriga bergan intervyusida javob berdi.

Bitta sinfda o‘quvchi limiti qancha bo‘lishi kerak?

Erkin Murodovning so‘zlariga ko‘ra, maktablarda besh milliontadan ortiq o‘quvchi o‘rni mavjud, shunga qaramay 6,4 million bola ta’lim olmoqda. “Bugungi kunda davlat maktablarida 6,4 million nafar bola ta’lim oladi. Shundan 60 foizdan ortig‘i ikki smenada o‘qiydi. Ayni paytda maktablarda besh milliontadan ortiq o‘quvchi o‘rni mavjud. O‘rtadagi farq qariyb 1,2 millionta atrofida. Bu farqni qisqartirish uchun investitsiya dasturlari asosida maktablar qurish, qo‘shimcha o‘quvchi o‘rinlari yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Masalan, 2023-yilda 582 ta maktabda qurilish-ta’minlash ishlari bajarilib, 172 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Joriy yilda ham 520 dan ortiq maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 182 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish maqsad qilingan”, dedi vazirlik vakili.

Respublikaning 2 ming sinfida o‘quvchilar soni 35 nafardan oshadi 

Erkin Murodov suhbat davomida maktablardagi sinflarda o‘quvchilarni o‘rtacha to‘ldirish me’yori 25 nafarni tashkil etishini aytdi. Davlat standartiga ko‘ra, bitta sinfda o‘quvchilar sonini 35 nafardan oshirmaslik belgilangan. “Respublikadagi davlat maktablarida jami 245 mingta sinflar mavjud. Shundan atigi ikki mingtasida o‘quvchilar soni 35 nafardan oshadi. Bu holat Toshkent shahri va viloyatlar markazlari, yangi qurilayotgan massivlarda, ya’ni aholi soni ko‘p hududlardagi maktablarda uchraydi. Sinfda 35 nafar o‘quvchi o‘qishi barcha fanlarga taalluqli emas. Bizda 10 dan ortiq fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi”, dedi vakillik rasmiysi.

Darslarni 2 smenada o‘tish o‘zlashtirishga nechog‘lik ta’sir ko‘rsatadi?

Murodovning aytishicha, darslar 2 smenada o‘tilishi bolalar davlat ta’lim standartlarini o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir qilmaydi. Bir smenali ta’limning qulay tomonlari darsdan keyin qolib, qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish imkoniyati bo‘ladi. Lekin hozirda 2 smenali maktablarda ham dars jadvallari shunday tashkil qilinganki, bolalarni to‘garaklarga jalb qilish imkoniyati bor.

Umumiy hisobda nechta maktab faoliyat yuritmoqda?

Ma’lumot uchun, ayni paytda respublikada 10 182 ta davlat, 400 tadan ortiq nodavlat maktablar faoliyat yuritmoqda. Yangi o‘quv yili uchun qariyb 719 000 nafardan ortiq bolani 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilgan. Joriy yil 15-iyul holatiga 521 000 nafardan ortiq bolalar boshlang‘ich sinfga olindi. Xususiy maktablarga esa 25 kun ichida 4 000 nafardan ko‘p o‘quvchi qabul qilingan.