$
 12017.04
26.78
 13712.64
-25.8
 160.63
-1.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Soliq kartangizga “qaramoqchi”: Moliyaviy daxlsizlik xavf ostidami?

Moliyaviy to Foto: Roskomsvoboda

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish har qanday davlatning iqtisodiy barqarorligi uchun muhim. Biroq, bu kurash qonun ustuvorligi, fuqarolarning bank daxlsizligi va tizim xavfsizligini qurbon qilish hisobiga amalga oshirilmasligi shart. O‘zbekistonda regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangi loyiha — banklarning jismoniy va yuridik shaxslarning yirik operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishi shartligi qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi.

Loyihaning maqsadi nima?

Muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra, banklar yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari va operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Soliq qo‘mitasiga uzatishi majburiy etib belgilanmoqda. Chegaralar quyidagicha taqsimlangan:

Jismoniy shaxslar uchun: Bir kalendar oyi davomida karta hisobiga (P2P yoki elektron hamyonlardan) 500 BHM (206 mln so‘m) va undan ortiq mablag‘ tushishi.

Yuridik shaxslar uchun: Bir operatsion kun davomida 1000 BHM (412 mln so‘m) dan ortiq operatsiyalar.(Yaqin qarindoshlardan kelgan o‘tkazmalar bu qoidadan mustasno)

YATT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun: Bir operatsion kun davomida 500 BHM (206 mln so‘m) dan ortiq operatsiyalar va mijozlar tomonidan 500 BHM dan ortiq naqd pul olingan holatlar avtomatik tarzda soliq organining ro‘yxatiga tushadi.

Nega bu loyiha muhokamalarga sabab bo‘ldi?

Ushbu loyiha bo‘yicha davlat idoralari va moliya bozori ishtirokchilari o‘rtasida jiddiy ziddiyat yuzaga keldi. Soliq idoralari buni soliqlardan qochish holatlarini aniqlash vositasi sifatida ko‘rayotgan bo‘lsa, moliyaviy regulyatorlar bu iqtisodiyotga jiddiy zarba ekanligini ta’kidlamoqda.

Uzcard bu milliy to‘lov tizimi ushbu taklif naqd pul olishning yangi sxemalari paydo bo‘lishiga, naqd pul aylanmasining asossiz oshishiga va tadbirkorlik subyektlarining yashirin sektorga o‘tib ketishiga xizmat qilishini qat’iy ta’kidlagan edi.

Bank tizimi regulyatori sifatida Markaziy bank jismoniy shaxslar o‘rtasidagi P2P o‘tkazmalari uchun elektron hisobvaraq-fakturalar tayyorlashga va bu ma’lumotlarni soliq organlariga ommaviy topshirishga ochiqchasiga qarshi chiqqan.

Sababi, bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasi va "Bank siri to‘g‘risida"gi qonuniga bevosita ziddir.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bu loyiha haqida shunday dedi:

“Umid qilamanki, avvalgi urinishlar singari bu safargi urinish xam natija bermaydi. Lekin buning uchun Parlamentdan tortib manfaatdor idoralargacha (Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va Moliya vazirligi, Markaziy bank), matbuotdan tortib jamoatchilikkacha jim turmasligi kerak.

Konstitutsiyani shundoq, bekor qilib qo‘ya qolaylik, janoblar! Agar sizlarning qarorlaringiz, tartiblaringiz va tor manfaatlaringiz muhim bo‘lsa. Aytinglar unda, biz Respublika emasmiz, Konstitutsiya biz uchun shunchaki fasad deb”.

Demokratik davlatlarda nazorat qanday ishlaydi?

Rivojlangan mamlakatlarda ham elektron o‘tkazmalar nazorat qilinadi, ammo ularda asosiy e’tibor qat’iy raqamlarga emas, mantiqqa, fuqaro daxlsizligiga va qonun ustuvorligiga qaratilgan.

AQSH: AQSH Soliq xizmati (IRS) yillik $600 dan oshgan o‘tkazmalarni nazoratga oladi, ammo bu Zelle yoki Venmo tizimlarida faqat "Tovarlar va xizmatlar" deb belgilangan tranzaksiyalargagina taalluqli. "Oila va do‘stlar" toifasidagi P2P o‘tkazmalar soliqdan to‘liq himoyalangan va ular IRS’ga yuborilmaydi. Bizda bunday tasniflash tizimi umuman yo‘q.

Qozog‘iston: Qozog‘iston soliq organlari limitni summada emas, faoliyatda belgilagan. Ketma-ket 3 oy davomida har oy 100 ta turli shaxslardan pul qabul qilgan jismoniy shaxsgina tadbirkorlikda gumon qilinadi. Bu oddiy odamlarni asossiz asraydi.

Loyihaning qabul qilinishida qanday xavflar bo‘lishi mumkin?

Ushbu loyihani amaliyotga joriy etishning "narxi" juda qimmatga tushishi mumkin. Uzcard ta’kidlaganidek, agar oddiy fuqarolar o‘zining 200-300 millionlik o‘tkazmasi, uy sotib olish yoki mashina olish uchun yig‘ayotgan puli soliq nazoratiga tushishini bilsa, ular kartadan ommaviy voz kechadi. Pullar bank tizimidan chiqib ketadi (naqd pulsiz iqtisodiyot orqaga ketadi), banklarda likvidlik muammosi boshlanadi, bu esa o‘z navbatida kreditlar foizining oshishiga va yakunda narx-navoning ko‘tarilishiga (inflyatsiyaga) olib keladi. Yashirin iqtisodiyotga qarshi o‘ylangan chora teskari yashirin iqtisodiyotni ommalashtirib yuboradi.

Loyiha doirasida eng katta xavf — kiberxavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi.

Millionlab fuqarolar va tadbirkorlarning moliyaviy aylanmalari banklardan soliq organlariga yuborilishi o‘rtada katta axborot bazasini hosil qiladi. O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlar bazalarining "qora bozorlarda" yoki ijtimoiy tarmoqlarda sizib chiqish holatlari uchrab turgan bir paytda, fuqarolarning bank hisobvaraqlari, qancha pul topishi va qayerga sarflashi haqidagi o‘ta nozik sirlarning xavfsizligini kim kafolatlaydi? Demokratik standartlarga ko‘ra, davlat bunday yuqori darajadagi axborot xavfsizligini 100% ta’minlamasdan turib, ma’lumotlarni markazlashtirishga haqli emas.

Bizda hali “Oila va do‘stlar” uchun tranzaksiya degan tushuncha yo‘q. O‘zbekiston bank tizimida o‘tkazmalarni "do‘stlarga/oilaga" yoki "tijorat" deb ajratuvchi mexanizm mavjud emas. Shunday ekan, 206 million so‘m limitdan oshgan har qanday mablag‘ni shubhali deb hisoblash fuqaroga nisbatan oldindan aybdorlik (yashirin daromad qilyapti) tamg‘asini bosishdir. Fuqaro o‘zining qarz oldi-berdisi yoki uy sotib olish uchun yig‘gan puli ekanligini soliq organiga isbotlab berishga majbur bo‘lmasligi kerak; aksincha, soliq organi buni tadbirkorlik ekanligini isbotlashi lozim.

"Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasiga muvofiq, ma’lumotlar faqat subyektning roziligi bilan qayta ishlanishi (yoki uchinchi shaxsga berilishi) mumkin. Jismoniy shaxs bankda hisob raqam ochar ekan, o‘z moliyaviy ma’lumotlarini uchinchi idoralarga (soliqqa) limit doirasida muntazam uzatilishiga rozilik bermagan. Bu kabi ommaviy monitoring tizimining ishga tushishi ushbu qonun talablarining ham buzilishiga olib keladi.

Yana bir xavf bizda halicha tizim qarindoshlikni aniqlay olmasligi mumkin. P2P o‘tkazmalarida tomonlarda qarindoshlik rishtasi bormi, yo‘qmi? Buni aniqlash biroz qiyin. Bu esa yana boshqa muammolarni keltirib chiqaradi.

Теги :
Jamiyat