$
 12175.53
-4.28
 14151.62
12.08
 155.08
-1.65
weather
+26
Кечаси   +14°

Urush maydonida yangi davr: Dunyo armiyalari tanlagan TOP-5 dronlar “qotili”

lazer

Kecha filmlarda ko‘rgan lazer qurollari bugun haqiqatga aylandi. 2025-yilda dunyoning bir nechta yirik davlatlari jang maydonida endi o‘q yoki raketaga emas, yorug‘lik nuriga tayanmoqda. Dronlar to‘dasi, raketalar va havo tahdidlari bir necha soniya ichida lazer bilan yo‘q qilinmoqda. Eng asosiysi bu qurollar tezkor, aniq va avvalgilariga qaraganda ancha tejamkor. 

Xo‘sh, 2025-yilda qaysi jangovar lazerlar eng katta shov-shuvga sabab bo‘ldi? Dunyo armiyalari qaysi texnologiyalarga tayanmoqda?

Lazer qurollari jang maydonida

2025-yilga kelib ayrim davlatlar jangovar lazer qurollarini amalda qo‘llay boshladi. AQSh, Buyuk Britaniya, Isroil, Avstraliya va Xitoy bu texnologiyadan asosan havo hujumidan mudofaa tizimlarida foydalanmoqda.

Lazer qurollari an’anaviy qurollarga qaraganda tezkor va aniq ishlaydi. Shu sabab ular jangovar samaradorlikni oshirib, harbiy strategiyani yangilashga majbur qilmoqda. Mutaxassislar bu yo‘nalish kelajakda yanada rivojlanishini ta’kidlashdi. Interesting Engineering nashri 2025-yilda jangovar lazerlar sohasida amalga oshirilgan eng yirik va muhim 5 ta kashiyot haqida ma’lumot berdi. 

1. AQShning 400 kilovattli SONGBOW lazeri

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari SONGBOW nomli yangi lazer qurolini ishlab chiqmoqda. Bu tizim dunyoda birinchi bo‘lib kemaga o‘rnatiladigan va 400 kilovatt quvvatga ega lazer bo‘lishi rejalashtirilgan. Lazer bir dona emas, balki bir nechta 50 kilovattli sanoat lazerlaridan yig‘iladi. Ular birlashib bitta juda kuchli nur hosil qiladi. Shu nur yordamida dronlar to‘dasi, qanotli raketalar va tez uchadigan boshqa nishonlarni uzoq masofadan yo‘q qilish mumkin.

2. Avstraliyaning “dronlar qotili” — Apollo

Avstraliyaning EOS kompaniyasi Apollo nomli yangi lazer tizimini taqdim etdi. Bu qurilma dronlarga qarshi kurashish uchun yaratilgan va eng tejamkor hamda samarali lazerlardan biri hisoblanadi.

Apollo taxminan 150 kilovatt quvvatga ega va bitta zaryad bilan 200 tagacha dronni urib tushira oladi. Eng qiziq tomoni shundaki, tizim atrofni 360 daraja bo‘ylab kuzata oladi va buning uchun hech qanday oddiy o‘q-dori ishlatmaydi.

3. Isroilning Iron Beam lazeri jang maydonida

Isroil Iron Beam nomli yangi lazer qurolini amalda qo‘llay boshladi. Bu tizim yerga o‘rnatilgan bo‘lib, uni dunyodagi ilk haqiqiy jangovar lazerlardan biri deb atashmoqda. Iron Beam bir necha soniya ichida dronlar, raketalar va minomyot snaryadlarini urib tushira oladi. 

Eng katta afzalligi u juda tez ishlaydi va an’anaviy raketalarga qaraganda ancha arzon hisoblanadi. Bu lazer Isroilning havo hujumidan mudofaa tizimiga qo‘shilgan. Ayniqsa ko‘p sonli hujumlar vaqtida Iron Beam katta foyda beradi, chunki lazer bilan himoyalanish raketa ishlatishga qaraganda kamroq xarajat talab qiladi.

4. Buyuk Britaniyaning DragonFire lazeri

Buyuk Britaniya DragonFire nomli lazer qurolini sinovdan o‘tkazdi va uni sotib olishga qaror qildi. Sinovlar davomida tizim dronlarni aniq va ishonchli tarzda urib tushira oldi. Eng qizig‘i, bu lazer bilan bitta nishonni yo‘q qilish juda arzon turadi. Bir marta “o‘q uzish” narxi taxminan 10 funt sterlingga teng. Shu bilan birga DragonFire juda aniq ishlaydi va 1 kilometr uzoqlikdan tanga kattaligidagi nishonni ham ura oladi.

5. Xitoyning AQShnikidan ham kuchliroq lazeri

Xitoy LY-1 nomli yangi lazer tizimini taqdim etdi va uni amerikalik lazerlardan kuchliroq deb baholadi. Bu tizim asosan dronlar va past balandlikda uchadigan nishonlarni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan. 

LY-1 lazerlari Xitoy harbiy-dengiz kuchlari kemalariga o‘rnatilgan va yer ustida ham sinovdan o‘tkazilgan. Bu holat AQSh va Xitoy o‘rtasidagi qurollanish poygasi yanada kuchayayotganini ko‘rsatadi. Har ikki tomon kuchli, aniq va nisbatan arzon lazer qurollarini yaratishga intilmoqda.

Теги :
Jamiyat