$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘istonda kuydirgi aniqlandi

kuydirgi

Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi Ulken Aksu qishlog‘i kuydirgi tufayli karantinga olindi. Bu haqda viloyat hokimligiga tayanib, “Tengrinews” xabar berdi.

4 ta holat

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1-sentabr kuni Uyg‘ur tumanidagi Ulken Aksu qishloq okrugida kuydirgi kasalligi shubhasi bilan to‘rtta holat aniqlangan. Infeksiya yuqishiga hayvon so‘yish paytida veterinariya nazoratiga amal qilinmagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Kasallik odamdan-odamga yuqmaydi

“Shuni ta’kidlash kerakki, kuydirgi kasalligi odamdan odamga yuqmaydi. Kasallikning asosiy manbai qishloq xo‘jaligi hayvonlari (qoramol, ot, qo‘y, echki), shuningdek, uzoq vaqt davomida iflos tuproqda saqlanib qolgan sporalar bo‘lishi mumkin”, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Ta’kidlanishicha, kasallikning sabablarini aniqlash uchun veterinariya inspeksiyasi va Olmaota viloyati hokimligi bilan birgalikda qishloq aholisining uyida xomashyo va go‘sht mahsulotlarining, shuningdek, hayvonlar so‘yilgan joydagi tuproq namunalari olingan.

Bemorlarning ahvoli qanday?

Xabarga ko‘ra, Respublika veterinariya laboratoriyasi to‘plangan materiallarni “Bioprocess” mikroskopi va PSR usuli bilan tadqiq qilgan. Bakteriologik tadqiqotlar natijalari kutilmoqda. Tahlil materiallari Olmaotadagi veterinariya bo‘yicha milliy referent markaziga yuborilgan. Joriy yilning 12-avgust kuni ushbu aholi punktidagi hayvonlar kuydirgiga qarshi emlangan.

Qayd etilishicha, hozirda aholi punktida dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda, bemorlarning shaxsiy xo‘jaligidagi qoramollar karantinga olingan. Barcha bemorlarning ahvoli o‘rtacha deb baholanmoqda.

Bu o‘zi qanday kasallik?

Kuydirgi – hayvonlardan odamlarga yuqadigan, asosan o‘ziga xos yara (karbunkul), kamdan-kam hollarda esa o‘pka va ichak shakllarida namoyon bo‘ladigan hayvonlar va odamlarda uchraydigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Ushbu kasallikning teri, o‘pka va ichak shakllari uchraydi, og‘ir hollarda septik turiga ham aylanishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigan teri shakli o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilsa tuzalib ketadi.

Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 14 kungacha, o‘rtacha 2-3 kun davom etadi.

Kasallik belgilari

Teriga tushgan kuydirgi tayoqchasi dastlab terida qichishish va qizil dog‘ hosil qiladi. Dog‘ tugunchaga aylanib, bir necha soat ichida pufakcha hosil bo‘ladi. Doimiy qichishish oqibatida pufakcha yorilib, ichidan suyuqlik ajraladi (sachragan suyuqlik yangi pufakchalarni hosil qiladi). Yorilgan pufakcha o‘rnida qora rangli o‘zidan zardobli suyuqlik ajratib turuvchi, atrofi shishib ko‘tarilgan yara hosil bo‘ladi. 

Shu vaqtga kelib, yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari ham kattalashadi. Uning eng xarakterli belgisi yaralar og‘riqsiz bo‘ladi. Yara hosil bo‘lishi bilan tana harorati ko‘tariladi. Bemorning eti uvushadi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi, holsizlanadi. O‘pka shaklida qon qusadi, ichak shaklida esa ich ketishi qon bilan kuzatilib, bu holat 5-7 kun davom etadi.

Теги :
Jamiyat