$
 12059.78
-45.78
 14129.24
-103.27
 150.07
-2.49
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir bolaning vafotidan xursand boʻlish uchun jamiyat qanchalik botqoqqa botgan bo‘lishi kerak?

qobiljon

2025-yilning 16-dekabr kuni Rossiyaning Moskva viloyatidagi maktabda o‘smir tojikistonlik 10 yashar bolani pichoqlab oʻldirdi. Bu voqea jamoatchilik tomonidan keskin qarshi olindi. O‘zbekiston va Tojikistondagi faollar, siyosatshunos va deputatlar ham bu fojiani qoralab, munosabat bildirdi.

Voqea qanday bo‘lgan?

Uspenskiy maktabining 9-sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Timofey K. maktabga bostirib kirgan. Qotil bolalarga hujum qilishdan oldin ulardan qaysi millatdan ekanini soʻragan. U qoʻlida pichoq bilan bir oʻquvchi va maktab qorovuliga hujum qilgan. 10 yoshli oʻquvchi olgan jarohatlari sabab halok boʻlgan. OAV yozishicha, ushbu oʻsmirning boshida amerikalik neonatsist, 2014-yilda Charlston shahridagi cherkovda toʻqqiz nafar qora tanlini oʻldirgan Dilan Rufdan iqtiboslar yozilgan shlem boʻlgan. U oʻz hujumini videoga olgan.

Halok bo‘lgan bola kim?

Halok boʻlgan oʻquvchi tojikistonlik 10 yoshli Qobiljon Aliyev edi. Qobiljonning oilasi bundan to‘rt yil avval Rossiyaga Tojikistonning Hisor viloyatidan ko‘chib borgan, 3 yil avval otasi olamdan o‘tgan, onasi ikki nafar egizak farzandini shu maktabda farroshlik qilib boqib kelayotgandi.

Tojikiston hukumatining rasmiy xati

Fojiadan so‘ng Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyat qatʼiy nazoratga olingani, Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy xat yuborilganini maʼlum qildi. Vazirlik ushbu hujum “millatga nafrat asosida” sodir etilganini qayd etgan.

Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigoryev Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Unga “Rossiya tomonidan ushbu fojiali hodisani zudlik bilan, xolis va begʻaraz tergov qilish hamda barcha aloqador shaxslarni qonunning butun qatʼiyligi boʻyicha javobgarlikka tortish talabi bilan” nota topshirilgan.

Rossiya tomoni na hamdardlik, na ta’ziya bildirdi

Tojikistonlik siyosatshunos Muhammad Shamsuddinov Qobiljonni tizim o‘ldirdi deya o‘z munosabatini bildirdi.

“So‘nggi 2 yil ichida radikallashuv darajasigacha yetib borgan segregatsiya va aparteid tizimi! Kobiljonni Mironovning doimiy chiqishlari o‘ldirdi! Bastrikinning bayonotlari o‘ldirdi! Davlat Dumasining qonun loyihalari o‘ldirdi! Rossiyaning davlat telekanallari o‘ldirdi! Natsistik Telegram kanallari o‘ldirdi!”, dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qotillikka migrantlarga qarshi doimiy va ko‘z-ko‘z qilinadigan reydlar, aeroportlardagi soatlab davom etadigan ushlab turishlar sabab bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Siyosatshunos Rossiya tomoni na hamdardlik, na ta’ziya bildirmaganini keskin qoraladi.

“2024-yil mart oyida biz Rossiya elchixonasi oldiga borgan edik, minglab xatlar yozdik, hamdardlik bildirdik, gullar qo‘ydik. Bugun-chi? Hech narsa! Rossiya elchixonasi jim! Rossiya jim! Rossiya tan olyapti!”, dedi tojikistonlik ekspert.

Ksenofobiya tufayli dahshatli qotillik sodir etilgan Rossiya maktablarIda milliy bagʻrikenglikka oid fan oʻqitilishi kerak

O‘zbekiston milliy media birlashmasi Kuzatuv kengashi raisi, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja bolaning millati tufayli shafqatsizlarcha o‘ldirilishini hech qanday so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasligini ta’kidladi.

“Moskvada bir maktab o‘quvchisining vahshiylarcha o‘ldirilgani aks etgan videoni ko‘rib, qattiq shok holatiga tushdim. Ichimda nimadir uzilgandek bo‘ldi... Yuragim to‘xtab qolgandek bo‘ldi! Dahshat. Hozir qurbonning onasi va yaqinlari qanday qayg‘uda ekanligini tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli”, dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hech bir onaning boshiga bunday musibat kelmasligi kerak.

“Fikrimcha, ksenofobiya tufayli dahshatli qotillik sodir etilgan Rossiya Federatsiyasi singari koʻp millatli va koʻp dinli mamlakatlarda maktablarda milliy bagʻrikenglikka oid fan oʻqitilishi kerak. Alohida qo‘shimcha qilmoqchimanki, maktab va jamiyatdan tashqari, ayniqsa uyda kattalar bolalarning oldida ham, ularsiz ham ksenofobik “madaniyat” va muhitni kuchaytiradigan “churka”, “uryuk”, “xachik” va shunga o‘xshash kamsituvchi haqoratlarni aytishni bas qilishlari kerak!”, dedi jurnalist.

Rossiya o‘z imperiyasini qayta tiklash yo‘lida

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, Rossiya o‘z imperiyasini qayta tiklash yo‘lidan ketmoqda.

“Esimda bor, 2009—2013-yillar mobaynida har oyda Rossiyada taqirboshlar o‘zbeklar, tojiklarni ataylab o‘ldirishardi. Taqirboshlar bir yilda jami 200-250 nafargacha odam o‘ldirishardi. Buni xalqaro OAV keng yoritgan”, dedi u.

Rossiya o‘zini imperiya hisoblaydi, o‘zining imperiyasini qayta tiklash uchun ish olib bormoqda. Qolaversa, Rossiya – bu federatsiya. Uni ichida ko‘plab xalqlar, etnik avtoxton hududlar, respublikalar, viloyatlar bor. Lekin, ichki siyosatda Rossiya ko‘p millatli imperializmni emas, rus shovinizmini, natsionalizmini targ‘ib qiladi. Bu shunchaki ziddiyat emas, bu fundamental ziddiyat. Hozircha Putin vertikali kuch bilan ushlab turilibdi. Lekin, bu kuch zaiflashishi bilan mana shu ziddiyat portlaydi, dedi Rabbimov.

Rossiyada millatchilik kayfiyati oshib bormoqda

Barno Sultonova Rossiyada oxirgi vaqtlar millatchilik kayfiyati oshib borayotganini taʼkidladi.

“Rossiyada ishlayotgan yurtdoshlarimiz yaʼni muhojirlar bilan bogʻliq targʻibot-tashviqotga toʻlib ketgan postlarni, maqolalarni koʻrib nahotki targʻibot postlar yoki maqolalarga bu mamlakatda shunchaki ruxsat berilsa, deb oʻylab qoldim.

Muhojirlardan qoʻrqish kerakligi haqida juda koʻp postlarni oʻqidim. Ularni suratini sunʼiy intellekt orqali shu qadar qoʻrqinchli va bachkanalashtirganki, har qanday muhojirlar bilan bogʻliq mavzularda bunday suratlarni izoh oʻrnida yoki sarlavhaga olib chiqishi tabiiy hol. Toʻgʻri, muhojirlar bilan bogʻliq jinoiy ishlar ham uchrab turishi rost. Va bu jinoiy ishlar rus mediasida koʻpirtirilib, vahima bilan taqdim qilinishi ham bor gap.

Kuni kecha nimagadir, boshlangʻich sinfda oʻqiydigan tojik millatiga mansub oʻquvchini oʻldirgan oʻsmir mavzusi rus OAVlarida u qadar vahimali tarzda yoritilmayapti.

Va eng dahshatlisi, bola vafot etgan haqidagi postga achingan, yigʻlaganlardan ham koʻproq kulgili smayliklarning qoʻyilgan. Bu degani oʻsha mazaxlab kulgan kanal egasidan tortib uni qoʻllab-quvvatlayotganlar ham potensial qotil degani emasmi, bunday kanallar, “muhitlar” qotillikni normallashtirishga yoʻl ochmayaptimi?

Hozirgina oʻsha 300 mingga yaqin obunachisi bor kanalda bolakayning qonga botgan videosi joylandi. Yana shunday kesatiqli fikrlar bilan post qoʻyilgan, mazmuni bularning bittaga kamaygani yaxshi boʻldi degan maʼnoda...”, deb yozadi Barno Sultonova Facebook ijtimoiy tarmogʻida.

Qurbon begunoh bolalar

Jurnalist Ilyos Safarovning fikricha, bu rus jamiyatida tobora kuchayib borayotgan millatchilikning aksi.

“Bir narsa aniq, bu hodisa maktablarda uchrab turadigan “navbatdagi jinoyat” emas. Bu – rus jamiyatida tobora kuchayib borayotgan millatchilik va ksenofobiyaning bolalar hayotiga ham ko’chib ulgurgan aksi. Rossiya jamiyatida yillar davomida rus bo’lmaganlarga nisbatan kuchayib borayotgan zo‘ravonlik va shu zo’ravonlikni oqlash kayfiyati ana shunday fojialar uchun muhit yaratmoqda”, dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, eng ayanchlisi – bunday fojialarda begunoh bolalar o‘zlariga aloqasi bo‘lmagan insonlarning shaxsiy ambitsiyalari, millatchilik va ksenofobiya bilan zaharlagan muhitning qurboniga aylanmoqda.

Bolalar bu nafratni yaratmadi, uni tanlamadi, lekin aynan ular eng og‘ir oqibatlarni qabul qilmoqda. Xabarni o‘qib, ichimga og‘ir g‘ashlik, tushkunlik kirgandi. Ammo begunoh bolajonning pichoqlanishi tarmoqlarning rus segmentida ko‘plab rossiyaliklarni xursand qilayotgani, kuldirayotganini ham ko‘rdimki, endi dahshatga tushyapman. Xo‘sh, bir bolaning vafotidan xursand bo’lish uchun jamiyat qanchalik botqoqqa botgan bo‘lishi kerak?!, deya savol bilan yuzlandi jurnalist.

Теги :
Jamiyat