$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Sulhdan keyingi hujumlar va xavfli Hormuz: Yaqin Sharqda nimalar bo‘lyapti?

Sulhdan keyin

Vashington va Tehron o‘rtasida ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani e’lon qilinganiga bir necha soat bo‘lishiga qaramay, Yaqin Sharq mintaqasidagi taranglik pasayish o‘rniga yangi pallaga kirdi. Fors ko‘rfazi davlatlaridan kelayotgan so‘nggi xabarlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qog‘ozdagi sulh amalda hali o‘z kuchini ko‘rsatganicha yo‘q.

Ko‘rfazda “Osmon jangi”

Sulh shartlari amaliyotga joriy etilishi kutilayotgan bir paytda, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Quvayt hududlari ommaviy havo hujumlariga uchradi. BAA Mudofaa vazirligi mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron tomonidan yo‘llangan raketa va dronlarni bartaraf etish bilan band bo‘lganini tasdiqladi. Shaharlar uzra yangragan portlash sadolari aynan havo mudofaasi amaliyotlari bilan izohlanmoqda.

Shunga o‘xshash tahlikali vaziyat Quvaytda ham kuzatildi. Mamlakat armiyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, jami 28 ta uchuvchisiz uchish apparati (dron) mamlakat hududiga bostirib kirgan. Hujumning asosiy nishonlari sifatida hayotiy muhim ob’ektlar — neft terminallari, elektr stansiyalari va suvni chuchuklashtirish inshootlari tanlangani vaziyatning naqadar jiddiy ekanligini ko‘rsatadi.

Bahrayn ichki ishlar vazirligi esa Manama osmonidagi portlashlar va energiya ob’ektlari yaqinidagi quyuq tutun haqida xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu dron hujumlari oqibatida ikki nafar tinch aholi vakili jarohat olgan.

Tehronning “javob zarbasi”

Ziddiyatlar fonida Eronning davlat OAVlari (IRIB) mamlakatning Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘lganini, ammo qisqa vaqt ichida bartaraf etilganini ma’lum qildi. Tehron rasmiylari bu hodisani e’tiborsiz qoldirmadi: oradan ko‘p o‘tmay, Eron tomoni yuqorida nomi keltirilgan arab davlatlarining strategik ob’ektlariga qilingan hujumlar Lavan orolidagi diversiyaga nisbatan "javob chorasi" ekanini ochiq e’lon qildi.

Hormuz bo‘g‘ozidan hamma qo‘rqmoqda

Dunyo iqtisodiyoti uchun arteriya vazifasini o‘tovchi Hormuz bo‘g‘ozida ayni damda kema qatnovi deyarli to‘xtagan. DW nashrining xabar berishicha, olti haftalik qamal va Eron tomonidan shu vaqtga qadar 19 ta kemaga qilingan hujumlar dengiz tashuvchilarini nihoyatda ehtiyotkor qilib qo‘ygan.

AQSh Harbiy dengiz kuchlarining sobiq ofitseri, ekspert Charli Braunning fikricha, siyosiy kelishuv dengizda darhol xavfsizlik degani emas. Kema egalari sug‘urta kompaniyalari va xalqaro regulyatorlarning rasmiy kafolatlarini kutmoqda. Braunning ta’kidlashicha, faqatgina dastlabki kemalar bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘ta olsagina, boshqa savdo kemalari bu yo‘ldan foydalanishga jur’at etishi mumkin.

Eronning 10 bandli talabi

Muzokaralar jarayonida Eron tomonidan ilgari surilgan 10 banddan iborat sulh rejasi jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi. Ushbu hujjatda Tehron nafaqat harbiy harakatlarni to‘xtatish, balki o‘zining mintaqaviy va strategik mavqeini mustahkamlashni maqsad qilgan. Rejaning asosiy talablari quyidagilardan iborat:

  • Hujum qilmaslik (non-aggression pledge)

– AQSh va ittifoqchilar Eronga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatishi

  • Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni saqlash

– Eron strategik yo‘lakdagi ta’sirini saqlab qolishi

  • Uran boyitish huquqini saqlash

– Eron yadroviy dasturini to‘liq bekor qilmasligi

  • Asosiy sanksiyalarni bekor qilish

– AQSh tomonidan joriy etilgan iqtisodiy cheklovlarni olib tashlash

  • Ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish

– uchinchi davlatlarga qaratilgan sanksiyalarni ham tugatish

  • BMT Xavfsizlik kengashi qarorlarini qayta ko‘rib chiqish

– Eronga qarshi xalqaro cheklovlarni bekor qilish

  • MAGATE (IAEA) bosimlarini kamaytirish/bekor qilish

– yadroviy dastur bo‘yicha qattiq nazoratni yumshatish

  • Eronga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya

– urush yoki sanksiyalar oqibatidagi yo‘qotishlar uchun tovon

  • AQSh qo‘shinlarini mintaqadan chiqarish

– Yaqin Sharqdagi harbiy hozirlikni kamaytirish

  • Barcha frontlarda harbiy harakatlarni to‘xtatish

– jumladan, Livan va boshqa hududlardagi to‘qnashuvlarni ham.

Qizig‘i shundaki, hujjatning turli tillardagi variantlarida tafovutlar mavjud. Masalan, “uran boyitish huquqi” haqidagi band fors tilidagi nusxada aks etgan bo‘lsa, ingliz tilidagi matndan tushirib qoldirilgan. Bu esa Tehronning muzokaralarda o‘ziga xos manevr qilayotganidan dalolat beradi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp ushbu talablar to‘plamini “muzokaralar uchun asos” deb baholadi. Uning fikricha, mazkur muloqot yadroviy muammoni uzil-kesil hal qilish imkonini berishi mumkin. Biroq siyosiy tahlilchilar ehtiyotkorlik bilan xulosa chiqarmoqda. Tomonlarning talablari o‘rtasidagi farq juda katta va “qog‘ozdagi tinchlik”ning haqiqiy sulhga aylanishi uchun hali uzoq va murakkab yo‘l bosib o‘tilishi kerak.

Теги :
Jamiyat
Siyosat