$
 12014.48
-39.55
 13858.70
-73.35
 166.61
-0.44
weather
+26
Кечаси   +14°

Kredit olishga undayotgan reklamalar: Jozibador takliflar ortidagi xavflar

kredit

Televizorni yoqqaningizda reklama boshlanadi: “Har oyning uchinchi haftasida Otabekning oilasi kechiktirib bo‘laydigan moliyaviy masalalar bilan oldiga kelishadi. Doimgidek. Maosh olishgacha hali yetti kun borligi, pul esa hozir kerakligini o‘ylab … 5 daqiqada mikroqarz oladi” yoki “Qayerda bo‘lmang, istalgan vaziyatda …kredit oling”. Ko‘chaga chiqasiz, devorlarda posterlar: “…mikroqarz oling va 5 mln so‘m yuting” va hokazo. Deyarli yurgan qadamingizda sizni qiyin vaziyatdan osonlik bilan olib chiqishni va’da qiluvchi, farovon hayotga undovchi va imkoniyatlar beruvchi kredit hamda qarz haqidagi reklamalarga duch kelasiz. Ko‘plab reklamalarda “5 daqiqada kredit”, “Faqat pasport bilan”, “Daromad so‘ralmaydi”, “0% boshlang‘ich to‘lov” iboralari qo‘llaniladi.

Bu bir qarashda oddiy holday tuyulishi mumkin. Ammo, qiyin holatda turgan va moliyaviy savodxonligi bo‘lmagan odamlar bunday reklamalar manipulyatsiyasining qurboniga aylanishi va bir kun kelib ilojsiz vaziyatda qolishi mumkinligi xayolingizni bir chetiga ham kelmaydi. Chunki bunday reklamalar kredit yoki qarz olish jarayonining qulay tomonlarini ko‘p ta’kidlaydi, “muvaffaqiyat”, “qulay hayot”, “yuqori turmush darajasi” obrazlaridan keng foydalanadi, ammo keyingi majburiyatlarni tilga olmaydi. Bundan tashqari, reklamalar odamlarda yangi telefon, maishiy texnika, avtomobil, sayohat va boshqa narsalarni darhol sotib olish istagini uyg‘otadi. Natijada, ayrim fuqarolar zarur ehtiyojdan ko‘ra ko‘proq istak asosida kredit olishga qaror qilishi mumkin.

O‘zbekistonda ko‘rsatkichlar nima deydi?

2025-yilda O‘zbekistonda kredit olish hajmi o‘sishda davom etdi. Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, yil davomida jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 156,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu 2024-yildagi 104,7 trillion so‘mlik ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 50 foizga ko‘p. Kreditlashning asosiy qismi mikroqarzlar, mikrokreditlar va ipoteka kreditlari hissasiga to‘g‘ri keldi. 2025-yilning birinchi choragidayoq aholiga ajratilgan kreditlar hajmi 34,9 trillion so‘mga yetib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 74 foizga oshgani kuzatildi.

Kredit berish hajmining ortishi bilan birga kredit portfeli sifati ham muhim ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda. 2024-yilda O‘zbekiston bank tizimida muammoli kreditlar (NPL) ulushi yil davomida 4–5 foizni tashkil qilgan. Masalan, 2024-yil may oyida NPL darajasi 4,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, avgust oyiga kelib 4,2 foizgacha pasaygan. Yil yakuni bo‘yicha esa muammoli kreditlar hajmi 21,2 trillion so‘mga yetib, NPL ulushi qariyb 4 foizni tashkil qilgan. H

2025-yilda esa kredit sifati bo‘yicha ijobiy siljish kuzatildi. Markaziy bank ma’lumotlariga asoslangan hisobotlarga ko‘ra, 2025-yil o‘rtalariga kelib bank tizimidagi muammoli kreditlar ulushi 3,8 foizgacha kamaydi. Muammoli kreditlar hajmi 21,9 trillion so‘m atrofida shakllangan. Taqqoslash shuni ko‘rsatadiki, 2024-yilda kredit berish hajmi nisbatan pastroq bo‘lsa-da, muammoli kreditlar ulushi 4–5 foiz diapazonida bo‘lgan. 2025-yilda esa kreditlar hajmi sezilarli ravishda oshganiga qaramay, NPL darajasi 3,8 foizgacha pasaydi. Bu kredit bozorining kengayishi bilan birga bank tizimi barqarorligi ham mustahkamlanayotganini anglatadi. Shunga qaramay, iste’mol kreditlari va mikroqarzlar hajmining tez o‘sishi kelgusida aholi qarzdorligi yukini oshirishi mumkinligi sababli Markaziy bank ushbu segmentlarni doimiy monitoring qilib bormoqda.

Nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Biz kredit zararli deyishdan yiroqmiz. U uy-joy, ta’lim, biznes yoki favqulodda xarajatlarni moliyalashtirishga yordam berishi mumkin. Zarar ko‘proq qarz yuki daromadga nisbatan ortib ketganda, yuqori foizli iste’mol kreditlari ko‘payganda va to‘lovlar kechikkanida paydo bo‘ladi. Agar qarz to‘lovlari (kredit, mikroqarz, bo‘lib-bo‘lib to‘lov, qarzlar) oylik sof daromadning taxminan 30–40%idan oshib borsa, moliyaviy bosim tez sezila boshlaydi.

Qarz oluvchilarga eng ko‘p kundalik xarajatlar, jamg‘arma uchun pul qisqarishi hamda to‘lovlar kichik ko‘rinsa ham, umumiy xarajat tez kattalashishi, asosiy qarz ustiga jarima va foizlar qo‘shilishi zarar yetkazadi. Natijada, qarzni qaytarish qiyinlashadi, favqulodda holatlar uchun zaxira mablag‘ bo‘lmaydi, ba’zida aktivlarni sotishga majbur bo‘lishadi. To‘lov bosimi stressni oshishiga, uyqu hamda ruhiy holatning yomonlashishiga, oilada ichki nizolar ko‘payishiga va ish unumdorligini pasayishiga sabab bo‘ladi.

Zararni kamaytirish uchun quyidagi mezonlarga ahamiyat berish kerak:

  • Yangi kredit olishdan oldin oylik sof daromadga nisbatan barcha qarz to‘lovlari ulushini hisoblash.
  • Favqulodda zaxira bo‘lmasa, yuqori foizli iste’mol qarzlarini ehtiyotkorlik bilan ishlatish.
  • Bir nechta kichik qarzlarni “ko‘rinmaydigan” deb qabul qilmaslik – ularning jami to‘lovini hisoblash.
  • Kechikish boshlanishidan oldin bank bilan restrukturizatsiya yoki jadvalni o‘zgartirish variantlarini muhokama qilish.
  • Kreditning umumiy to‘lovini (asosiy qarz + foiz + komissiya) va oylik to‘lovini solishtirish.

Kreditlar iqtisodiyotda muhim rol o‘ynaydi. Ular aholi uchun uy-joy, ta’lim va iste’mol ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi, biznes va xizmatlar sohasini kengaytiradi. Shu bilan birga, qarz yuki daromaddan oshib ketganda oilalarning moliyaviy barqarorligi zaiflashadi. Kredit to‘lovlari ko‘payganda jamg‘arma qisqaradi, iste’mol kamayadi va qarzdorlik bosimi ortadi. Daromadga mos qarz olish, shartlarni chuqur tahlil qilish va to‘lov intizomini saqlash moliyaviy xavflarni kamaytiradi va iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Теги :
Jamiyat