$
 12199.10
30.12
 14585.24
-2.93
 160.49
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Kreditga yashayotgan dunyo: Qaysi davlat aholisi eng ko‘p qarzga botgan?

kredit

Bugun uy, mashina sotib olish yoki oddiy hayotni qulayroq qilish uchun kredit olish odatiy holga aylangan. Ammo ayrim mamlakatlarda bu shunchaki tanlov emas, balki butun iqtisodiyotning asosiy tayanchiga aylanib ulgurgan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlar uy xo‘jaliklari qarzi qayerlarda eng yuqori ekanini ko‘rsatib berdi. Ayrim davlatlarda bu ko‘rsatkich hatto mamlakat yalpi ichki mahsulotidan ham oshib ketgan.

Uy xo‘jaliklari qarzi nimani anglatadi?

Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, uy xo‘jaliklari qarziga ipoteka kreditlari, avtomobil kreditlari, kredit karta qarzlari va shaxsiy kreditlar kiradi. Ushbu qarzlar YaIMga nisbatan foizda hisoblanadi va u oilalarning moliyaviy zaifligini ko‘rsatib beradi.

Ma’lum darajadagi qarz iqtisodiy o‘sishga yordam berishi mumkin, chunki odamlar ko‘proq iste’mol qiladi va investitsiya kiritadi. Ammo qarz haddan tashqari oshib ketsa, ayniqsa foiz stavkalari ko‘tarilganda yoki iqtisod sekinlashganda, bu jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.

Eng ko‘p qarzga ega davlatlar qayerda?

Reytingning eng yuqori qismida Shveytsariya turibdi. Bu mamlakatda uy xo‘jaliklari qarzi YaIMning 125 foizidan oshgan. Undan keyin Avstraliya (112%), Kanada (100%) va Niderlandiya keladi. Bu davlatlarning barchasida uy-joy bozori juda faol va ipoteka kreditlari keng tarqalgan.

Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya, Norvegiya, Gonkong, Daniya va Shvetsiyada ham qarz darajasi juda yuqori. Buyuk Britaniya, AQSh, Malayziya va Yaponiya ham reytingning yuqori qismidan joy olgan.

Xitoy va Fransiyada uy xo‘jaliklari qarzi nisbatan pastroq bo‘lsa-da, u hamon YaIMning 60 foizidan yuqori. Germaniya, Portugaliya, Belgiya va Avstriyada esa bu ko‘rsatkich 45–55 foiz oralig‘ida.

Ro‘yxatning quyi qismida Chili, Singapur, Ispaniya, Slovakiya, Isroil va Hindiston joylashgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Gretsiya, Estoniya, Braziliya va Italiyada qayd etilgan. Bu davlatlarda uy xo‘jaliklari qarzi YaIMning 40 foizidan ham kam.

Qarz ko‘pligi nimalarga sabab bo‘ladi?

Uy xo‘jaliklari qarzi juda yuqori bo‘lgan mamlakatlarda oilalar daromadining katta qismini kredit to‘lashga sarflaydi. Natijada iste’mol kamayib, jamg‘arma qilish qiyinlashadi va iqtisodiy o‘sish sekinlashadi.

Leybnits nomidagi Moliyaviy tadqiqotlar instituti tadqiqotlariga ko‘ra, agar iqtisodiy zarba yuz bersa, yuqori qarz banklar uchun ham muammoga aylanadi. Muammoli kreditlar ko‘payadi, moliyaviy tizim zaiflashadi va yangi kredit berish qiyinlashadi.

Shunga qaramay, mutaxassislar yuqori qarz har doim falokat degani emasligini ta’kidlashadi. Muhimi — daromadlar o‘sishi, ish o‘rinlari barqarorligi va foiz stavkalari nazorat ostida bo‘lishi. Aks holda bugun qulay bo‘lib ko‘ringan kreditlar ertaga jiddiy iqtisodiy bosimga aylanishi mumkin.

Теги :
Jamiyat