$
 11985.10
12.75
 13923.09
71.08
 148.86
1.34
weather
+26
Кечаси   +14°

Virtual hasham ortidagi haqiqat yoxud topgani kreditlarga buyurayotgan o‘zbegim

kredit

O‘zbek oilalarida iste’mol madaniyati so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘zgardi. Endi odamlar faqat zarurat uchun emas, balki atrofdagilarga mos ko‘rinish uchun ham sotib olishga intilyapti. Bunga reklama, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinadigan “ideal hayot”, hamda banklarning turli takliflari kuchli ta’sir qilmoqda. Bir qaraganda bu zamonaviylikdek tuyulishi mumkin, lekin mutaxassislar bu jarayonning ancha xavfli tomoni ham borligini aytishmoqda.

Istaklar ehtiyojlardan ustun

So‘nggi o‘n yil ichida iste’mol kreditlari juda ko‘paydi. 2025-yilning boshida tijorat banklaridagi kreditlar hajmi qariyb 533 trillion so‘mga yetdi. “Hozir oling — keyin to‘laysiz”, “boshlang‘ich to‘lovsiz”, “bir oy to‘lovsiz” kabi shiorlar esa odamlarni o‘ylamasdan xarid qilishga undayapti. Natijada ilgari uzoq vaqt pul yig‘ib olinadigan telefon, televizor, mebel yoki texnika endi bir zumda kredit orqali qo‘lga kiradigan buyumga aylandi.

Iqtisodchilarning fikricha, eng katta xavf shundaki — xarid qilishning markazida endi ehtiyoj emas, istak turibdi. Odamlar daromadi o‘sgani uchun emas, boshqalar shunaqa yashayotgandek ko‘ringani uchun ko‘proq xarajat qilishmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarning bosimi

Bugungi trend — “chiroyli hayotni ko‘rsatish”. Instagram va TikTokdagi dabdabali to‘ylar, qimmat mashinalar, xorijga sayohatlar ko‘pchilikka ruhiy bosim o‘tkazmoqda. Ko‘plab yosh oilalar hayotini mana shu “ideal hayot” bilan solishtirib, o‘zini pastroq his qilyapti.

Psixologlar bu holat odamni iste’molga undaydigan eng kuchli omillardan biri ekanini aytadi. O‘zini boshqalar bilan solishtirish hissi qarzga botish, rejasiz xarajat, oilaviy mojarolarga olib kelishi mumkin.

Yangi muammolar manbai

O‘zbekistonda iste’mol kreditlariga talabning oshishi bir tarafdan ijobiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Chunki aholi sifatli texnika, yaxshiroq xizmatlar va yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda. Biroq asosiy savol ochiq qolyapti. Xo‘sh, bu jarayon uzoq muddat davom etsa oila iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

Xalqaro agentliklar O‘zbekistonda iste’mol va mikro-kreditlar segmentida xavflar oshib borayotganini ta’kidlashmoqda. Markaziy bankning ma’lum qilishicha, joriy yilning iyul oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 33 foizi kamida 1 ta kredit qarzdorligi ega. Ular o‘z daromadlarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini barcha qarzlarni, shu jumladan banklardagi kreditlar, mikroqarzlar va boshqa majburiyatlarni to‘lashga sarflaydi. Masalan, bir kishi bir oyda 3 million so‘m ishlab topsa, 1,02 million so‘mini kredit to‘lovlariga sarflaydi. Bu esa kutilmagan xarajatlar — kasallik, ishsizlik yoki favqulodda zarur holatlar paydo bo‘lganda, odamni kredit to‘lovini uzolmaydigan ahvolga tushirishi mumkin. Shu bilan birga, doimiy qarzdorlik hissi asabiylik, oilaviy kelishmovchiliklar va ruhiy zo‘riqishni kuchaytiradi.

Iste’mol madaniyatining sog‘lom shakllanishi

Bir tarafdan, zamonaviy iste’mol bu tabiiy. Odamlar sifatli yashashni, texnologiya va qulayliklardan foydalanishni xohlaydi. Ammo ikkinchi tomondan, moliyaviy savod, to‘g‘ri reja va mas’uliyat bo‘lmasa — bu qulayliklar ertangi kunda og‘ir yukka aylanishi mumkin.

Oilalar xarajatni reklama yoki “trend”ga qarab emas, o‘z ehtiyojiga qarab belgilay olsa, iste’mol madaniyati sog‘lom shakllanadi. Aks holda, bugun kreditga olingan “zamonaviy buyumlar” kelajakda yangi muammolarning boshlanishiga aylanishi hech gap emas.

Теги :
Jamiyat