$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Sog‘liqni saqlash tizimidan ichki ishlar organlarigacha: Demokratiyaning asil kushandalari kimlar?

Korrupsiya

Biz ishonib topshirilgan vakolatni shaxsiy manfaatlar uchun suiiste’mol qilishni korrupsiya deb ta’riflaymiz. Korrupsiya ishonchga putur yetkazadi, demokratiyani zaiflashtiradi, iqtisodiyotga to‘sqinlik qiladi va notenglik, kambag‘allik, ijtimoiy bo‘linish hamda ekologik inqirozni yanada chuqurlashtiradi. Korrupsiyani fosh etish va korrupsiyaga chalingan shaxslarni javobgarlikka tortish faqat korrupsiya va uni ta’minlovchi tizimlarning qanday ishlashini biz tushungan taqdirimizdagina amalga oshishi mumkin. Xo‘sh, yurtimizda korrupsiya darajasi aslida qanday? Fuqarolar qanday munosabatda? Poraxo‘rlikning asosiy sabablari nima? Uni qanday bartaraf etish mumkin?

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Fuqarolar O‘zbekistonda korrupsiya to‘g‘risida” sotsiologik tadqiqotda ushbu savollarga javob topish mumkin.

Korrupsiya tarqalishining salbiy oqibatlari

Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha bir trillion dollar (1 000 000 000 000 $) isrofgarchilik bilan sarf qilinadi. Korrupsiya mamlakat boyligining kamayishiga va turmush darajasining pasayishiga olib keladi. Garchi biz korrupsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri duch kelmasak ham, u bizga ta’sir ko‘rsatadi.

Korrupsiya tarqalishining salbiy oqibatlari:

Korrupsiya biznesga halaqit beradi, u korrupsiyalashgan tizimda muvaffaqiyatli rivojlana olmaydi, bu esa mamlakat umumiy boyligining qisqarishiga olib keladi;

Korrupsiya hukumat mehnatkashlarga to‘lashi kerak bo‘lgan va kitoblar, dori-darmonlar, kompyuterlar va h.k.lar ta’minoti uchun sarflashi zarur bo‘lgan pul mablag‘lari miqdorining qisqarishini keltirib chiqaradi;

U davlat tomonidan ijtimoiy xizmatlar (maktablar, shifoxonalar, yo‘llar, kanalizatsiya, ichki ishlar xizmati va h.k.) ko‘rsatish uchun ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanmaslikka olib keladi, bu esa xizmatlar sifatini yomonlashtiradi;

Korrupsiya puldor va aloqalari bor kishilarning qonunlar va davlat organlarining qarorlarini o‘z manfaatlaridan kelib chiqib o‘zgartirishi uchun shart-sharoitlar yaratadi;

U hukumatga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi.

Daromad 4 barobar oshib, chaqaloqlar o‘limi 75 foizga kamayadi

Tadqiqotlarga ko‘ra, davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishganda davlat daromadlari uzoq muddatli istiqbolda to‘rt baravarga o‘sadi. Korrupsiya darajasi kamayganida biznes uch foizga tezroq o‘sishi, chaqaloqlar o‘limi darajasi esa 75%ga kamayishi mumkin.

Korrupsiyaga 4 ta asosiy sabab

BMTning taxminiga ko‘ra, korrupsiya darajasi o‘sishining to‘rtta asosiy sababi:

1. Imkoniyatlar. Tizim samarasiz ishlayotganida va kishilar mavjud tartib hamda qonunlarni inobatga olmasdan o‘z maqsadlariga erishish usulini topishlari kerak bo‘lganida, ular korrupsiyaga tezroq chalinishadi.

2. Fosh etilish ehtimolining pastligi. Hisobdorlikning yo‘qligi, eng avvalo, transparentlik, shaffoflikning mavjud emasligi (misol uchun, davlat mansabdorlari qay tarzda va nima uchun, nimalar qilishayotgani haqida axborot berishmaydi hamda o‘z xatti-harakatlarini tushuntirishmaydi), shuningdek, huquqni qo‘llash faoliyatining zaifligi (huquq-tartibot organlari boshqaruv vakolatlariga ega bo‘lib, o‘z majburiyatlarini suiiste’mol qilayotgan shaxslarni javobgarlikka tortishmaydi) oqibati hisoblanadi.

3. Motivatsiyaning yomonligi. Misol uchun, mansabdor yashashi uchun yetmaydigan darajada maosh olsa yoki uning ertangi kunga ishonchi bo‘lmasa, u o‘z daromadini pora bilan to‘ldiradi.

4. Muayyan vaziyat va holatlarda oddiy odamlar qonunni hurmat qilmay qo‘yadilar. Ular hukumatning o‘zlari noqonuniy deb hisoblagan qonunlarini chetlab o‘tishga harakat qilishadi. Qashshoqlik yoki mahsulotlarning (masalan, dori-darmonlarning) yetishmasligi ham odamlarni qonunlarga bo‘ysunmaslikka undashi mumkin.

Korrupsiyaga duch kelganlar ko‘paygan

O‘zbekistonda korrupsiyaviy vaziyatlarga duch kelgan fuqarolarning ulushi:

 2022 yil - 100% so‘ralganlar hisobidan 15%;

 2023 yil - 100% so‘ralganlar hisobidan 19,9%;

 2024 yil - 100% so‘ralganlar hisobidan 21,2%

Xalqimizda korrupsiyaga munosabat qanday?

Respondentlarning aksariyati — 91,2% (2022-yilda 72,1%) o‘z muammolarini hal qilish uchun pora berishga salbiy, 6,3% (4,7%) neytral, befarq, atigi 2,3% ijobiy munosabat bildirdi. 42,5% respondent mamlakatda korrupsiyaning tarqalganlik darajasini “o‘rtacha” deya baholadi, 18,9% korrupsiya darajasi “yuqori”, 11,6% “past” degan fikrda.

 

Eng “poraxo‘r” tashkilotlar

Respondentlar ko‘pincha o‘z muammolari yoki masalalarini norasmiy hal qilish holatiga ko‘pincha ushbu tizimlarda duch kelishadi:

· Sog‘liqni saqlash;

· Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar;

· Maktabgacha va maktab taʼlimi;

· Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish;

· Qurilish va uy-joy-kommunal xo‘jaligi;

· Ichki ishlar vazirligi.

Korrupsiya: TOP-5 sabab

Xo‘p, xalqimiz korrupsiyani qoralayapti, pora berishga salbiy ko‘z bilan qarayapti. Jazo bor (fosh etish boshqa masala), qonun bor, nazorat bor. Lekin nega imi-jimida oldi-berdilar bo‘laveradi? Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimizda korrupsiyaning paydo bo‘lishi va tarqalishining 5 ta asosiy sababi quyidagilar:

1.  Fuqarolarning qonunlar va o‘z huquqlarini, korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishdagi huquqiy amaliyotni yetarli darajada bilmaydi;

2.  Korrupsiya va poraxo‘rlik hamma sohada borligi;

3.  Fuqarolarning o‘z savollari yoki muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilishga intilishi;

4.  Jamiyatning tabaqalanishi, boy va kambag‘alga bo‘linishi natijasi;

5.  Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik bazasining nomukammalligi.

 

Antikorrupsiyani tiyib turuvchi sabablar

 

Korrupsiyaga qarshi siyosatning samarali amalga oshirilishini tiyib turuvchi omillar va sabablar:

1.  Jamiyatda korrupsiyani bartaraf etish masalasida shakllangan pessimistik munosabat;

2.  Jamoatchilikda korrupsiyaga murosasozlik munosabatining yuqori darajasi;

3.  Qasos olish qo‘rquvidan kelib chiqqan ishonchsizlik tufayli korrupsiya haqida xabar berishga fuqarolar tayyorligi darajasining pastligi;

4.  Korrupsiyaga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga javoban korrupsiyaviy sxemalarning takomillashtirilishi.

Nima qilish kerak?

 

Korrupsiyaviy kelishuvlarda fuqarolar ishtirok etishining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar:

1. Mansabdor shaxslarning korrupsiyaviy xulq-atvorini qanday anglab olish, bu haqda qay tarzda va qayerga xabar berish, shuningdek, pora tama qilinayotgan yoki korrupsiyaviy munosabatlarga majburlanayotgan fuqaro o‘zini qanday tutishi haqida aholining keng qatlamlari xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish;

2. Korrupsiyaning paydo bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan barcha davlat tashkilotlari va idoralarida, boshqaruv organlarida korrupsiyaviy vaziyat yuzaga kelgan taqdirda fuqarolar murojaat qilishi mumkin bo‘lgan aloqa manzillari va korrupsiyaviy masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatish hamda joylashtirish zarur;

3. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan kishilarni himoya qilish yuzasidan ta’sirchan amaliy choralar ko‘rish va korrupsiya faktlari haqida xabar bergan shaxslarni taqdirlash mexanizmlarini nazarda tutish muhim ahamiyatga ega.

Davlat va fuqarolik jamiyati tashkilotlariga tavsiyalar:

1. Korrupsiya haqida ijtimoiy balo sifatidagi tasavvurni jamoatchilik ongida va individual idrok etishda qo‘llab-quvvatlash;

2. Jamiyat hayotining turli sohalariga korrupsiyaning ta’sir ko‘rsatuvchi xavf-xatarlariga nisbatan jamoatchilik e’tiborini jalb qilish va kuchaytirish;

3. Fuqarolarda korrupsiyaviy amaliyotlarga nisbatan murosasizlikni shakllantirish.