$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Mansabdorlarning korrupsiya poygasi: 20 mingdan 39 ming AQSh dollarigacha

Korrupsiya

DXX viloyatlarda reyd tadbiri o‘tkazdi. Unda Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkorga yordam berib, 20 ming AQSh dollari talab qilgani ma’lum bo‘ldi. Toshkent viloyatida esa “Hududiy elektr tarmoqlari”ning 2 xodimi ishlab chiqaruvchiga transformator o‘rnatib berish uchun $39 ming olgani aytilmoqda.

Yer uchun 20 ming

Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tegishli organlar bilan birga mansabdor shaxslarning korrupsion holatlarini aniqladi. Aniqlanishicha, Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hokimi o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi korxonaga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik evaziga 20 ming dollar talab qilgan. Kelishuvga ko‘ra, mansabdor yerlarni sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berishi va tashkilot faoliyatiga hech kim aralashmasligini ta’minlashi kerak bo‘lgan. Biroq, u ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.

39 ming dollar

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda esa “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ filialining bo‘lim boshlig‘i va muhandisi kelishib, Qibray tumanidagi qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonani 3 fazali elektr tarmog‘iga ulash va transformator o‘rnatib berish, shuningdek, boshqa texnik hujjatlarini tayyorlashda ko‘maklashish evaziga 39 ming dollar pora talab qilishadi. Muhandis so‘ralgan puldan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Jinoyat qo‘zg‘atishni rad etish

Qashqadaryoda esa Qarshi tumani IIB jinoyat qidiruv bo‘linmasi katta tezkor xodimi xizmat mavqeidan foydalanib jinoyatga qo‘l urgani aytilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, u o‘zining ish yurituvida bo‘lgan tergovga qadar tekshiruv materiali yuzasidan yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish evaziga, tamagirlik yo‘li bilan undan 1500 dollar pora talab qilgan. Mansabdor avvalroq 400 dollar olib, yana shuncha mablag‘ olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Ma'muriy huquqbuzarlik sifatida malakalash "xizmati"

Toshkent shahrining Sergeli tumani IIO FMB 2-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori 5 ming dollarni pora sifatida olgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, u pul evaziga, o‘zaro janjal oqibatida xorijlik fuqaroga tan jarohati yetkazgani bo‘yicha mahalliy fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmasdan, holatni ma’muriy huquqbuzarlik sifatida malakalashni va’da qilgan. Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Mazkur shaxslar ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olindi.