$
 12158.59
-39.69
 14238.92
-2.57
 157.88
1.31
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda 2027-yildan kartoshka importini to‘xtatish rejalashtirilmoqda

kartoshka importi

O‘zbekiston 2027-yildan boshlab kartoshkaga bo‘lgan talabni to‘liq ichki ishlab chiqarish hisobidan qoplamoqchi. Bu haqda 30-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilindi

Kartoshkachilikni rivojlantirishga 400 milliard so‘m ajratiladi

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda kartoshka 290 ming gektarda ekilsa ham, ehtiyojning bir qismi import orqali qoplanmoqda. Bunga sabab sifatida mavjud navlarning hosildorligi pastligi ta’kidlandi. Shu bois kartoshkachilikni rivojlantirish uchun 2025-yilda Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Ilmiy-tadqiqot ishlari va yangi texnologiyalar joriy etiladi

Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga yangi vazifalar yuklatildi. Xususan:

- Iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish;

- “In-vitro” usuli orqali yiliga 3 million dona tuganak yetishtirib, tarqatish.

Shuningdek, chetdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi. Mahsulot yetishtirish va qayta ishlash uchun texnikalar yetkazib berish, dehqonlarga qulay lizing imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berildi.

Kartoshkaga talab va import holati

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kartoshkaga yillik talab 4 million tonnani tashkil etadi. 2024-yilda mamlakatda jami 3,7 million tonna kartoshka yetishtirildi. Shundan 600 ming tonnasi urug‘lik sifatida zaxiraga olinib, 100 ming tonnasi tabiiy yo‘qotishga uchradi.

Prezident huzuridagi Statistika agentligi xabariga ko‘ra, 2024-yil yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonga 627 ming tonna kartoshka import qilingan. Buning 74,2 foizi (465,2 ming tonna) Qozog‘istondan olib kelingan. Shu bilan birga, Qozog‘iston hukumati kartoshka eksportini olti oyga cheklagani ma’lum qilindi.

Kartoshka narxlari o‘sib bormoqda

O‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonda kartoshka narxi deyarli 40 foizga oshgan. 3-yanvardan 21-yanvargacha Toshkentning “Yangi Qo‘yliq” (Food City) bozorida minimal narx 3 500 so‘mdan 6500 so‘mgacha (85 foiz), maksimal narx 6 200 so‘mdan 8 500 so‘mgacha (37 foiz) oshdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatda yetarli hajmda kartoshka yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilayotganini ta’kidlab, bozorlarda barqaror narxni saqlashga harakat qilinishini bildirgan edi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot