$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Kartoshka zaxiralari ichki bozorlarga chiqarilmoqda. Endi narxlar barqarorlashadimi?

kartoshka

Avvalroq xabar berganimizdek, Qozog‘iston Respublikasi tomonidan kartoshka eksportiga cheklov qo‘yilgani va bu mamlakatimizda narx oshishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy bayonot berdi. Kecha, 20-yanvar kuni esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobat qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, bozorlarda narxlar yanvar boshidan buyon sezilarli darajada oshgani haqida xabar qilingan edi.  Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu masala yuzasidan xavotirlarga aniqlik kiritib, kartoshka importi diversifikatsiya qilinganini ta’kidladi.

O‘zbekistonning kartoshkaga bo‘lgan yillik talabi qanday?

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda kartoshkaga bo‘lgan yillik talab 4 million tonnani tashkil etadi. 2024-yilda mamlakatda 3,7 million tonna kartoshka yetishtirilib, shundan 2,7 million tonna asosiy ekinlar maydonidan, 1 million tonna takroriy ekin sifatida olingan.

Shuningdek, 600 ming tonna urug‘lik kartoshka zaxiraga ajratilgan va 100 ming tonna tabiiy yo‘qotish (3%) belgilangan.

Ichki bozordagi vaziyat

Ichki bozorni kartoshka bilan ta’minlash maqsadida:

— 245,5 ming tonna kartoshka zaxiraga jamg‘arildi.

— Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har 10 kunda zaxiradagi mahsulotlarni hududlar bo‘yicha bozorga chiqarish jadvali tasdiqlandi. Joriy yilning 20-yanvar holatiga qadar 6,3 ming tonna kartoshka ichki bozorlarga chiqarilgan, zaxira qoldig‘i esa 239,2 ming tonnani tashkil qiladi.

Yanvar-fevral oylarida 36 ming gektardan ortiq maydonga kartoshka ekiladi. Aprel-may oylarida 520 ming tonna hosil olinishi kutilmoqda.

Kartoshka importi faqat Qozogʻistonga bogʻlanib qolmagan

Vazirlik ta’kidlashicha, mamlakatda kartoshka importi faqat Qozog‘istonga bog‘lanib qolmagan. Diversifikatsiya doirasida Pokiston, Eron, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan kartoshka olib kelish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, kartoshka yetishmovchiligining oldini olish uchun 2024-yil 6-11-dekabr kunlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbari boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Eron va Pokistonga yuborildi. Unga ko‘ra:

— Eron va Pokistondan 2025-yilning yanvar-may oylarida 200 ming tonna kartoshka import qilinadi.

— Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan kartoshka 2025-yil mart-aprel oylarida ichki bozorga chiqariladi.

Bozorda narxlar oshgani real fakt

Rasmiy bayonotga ko‘ra, mamlakatda kartoshka zaxiralari mavjud va ichki iste’mol talablari qondiriladi. Shunga qaramay, kuni kecha xabar berganimizdek, 3-yanvardan 17-yanvargacha bo‘lgan davrda kartoshkaning ulgurji narxlari (masalan, Yangi Qo‘yliq bozorida) 6 200 so‘mdan 7 000 so‘mgacha, ya’ni 12,9 foizga oshgan. Ayrim bozorlar, jumladan “Farhod” va “Yunusobod” dehqon bozorlarida narxlar 8 000 so‘mgacha ko‘tarilgan. Rasmiy munosabatda narxlarning o‘sish sabablari, xususan, Qozog‘istonning eksport cheklovlari va ularning ta’siri yuzasidan batafsil ma’lumot berilmadi, zero bozorlarda narx oshgani real fakt.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot