$
 12212.79
43.38
 14411.09
51.19
 159.52
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Pablo Eskobardan “El Mencho”gacha: Nega hukumatlar yarim asrdan buyon narkokartellarni yenga olmayapti?

Pablo

Meksika hukumati va AQSh maxsus xizmatlarining birgalikdagi amaliyoti natijasida dunyoning eng mashhur jinoyatchilaridan biri, “Xalisko yangi avlodi” (CJNG) karteli yetakchisi Nemesio Oseguyera Servantes, xalq orasida “El Mencho” nomi bilan tanilgan narkobaron yo‘q qilindi. Biroq, uning o‘limi kutilgan tinchlik o‘rniga mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan zo‘ravonliklar va ochiq harbiy to‘qnashuvlar to‘lqinini keltirib chiqardi.

AQSh hukumati uning boshi uchun 15 million dollar mukofot e’lon qilgan edi. “El Mencho”ning o‘limi sintetik giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi eng qudratli jinoiy imperiyaga berilgan og‘ir zarba sifatida baholanmoqda. Ammo bu g‘alaba ortidan Meksikaning 19 ta shtati haqiqiy urush maydoniga aylandi.

Strategik obyektlarga hujum va “narko-blokadalar”

Xalisko karteli yetakchisining o‘limi haqidagi xabar tarqalishi bilan jangarilar hukumatga qarshi ochiq urush e’lon qildi. Hozirda vaziyat quyidagicha tus olmoqda:

• Gvadalaxara va boshqa yirik shaharlarda jangarilar yuk mashinalari hamda avtobuslarni o‘g‘irlab, ularga o‘t qo‘yish orqali strategik yo‘llarni to‘sib qo‘yishmoqda. Bu usul xavfsizlik kuchlarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, shaharlarni blokada holatiga keltirishga qaratilgan.

• Puerto-Valarta va Gvadalaxara aeroportlari hujumga uchragan. Eng daxshatli hodisalardan biri — jangarilar Meksika Milliy gvardiyasining UH-60 Black Hawk vertolyotini o‘qqa tutishidir. Havo kemasi jiddiy shikastlangan bo‘lsa-da, mo‘jiza tufayli bazaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

Xalisko shtatidagi Milliy gvardiya bazalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlar uyushtirilmoqda. San-Isidroda sodir etilgan pistirma natijasida kamida olti nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani tasdiqlandi.

Tinch aholi garovda: Qonli ultimatum

CJNG jangarilari faqat harbiylarga emas, balki tinch aholiga ham tahdid solmoqda. Jinoiy guruh “agar hukumat chekinmasa, oddiy fuqarolarni o‘ldirishni boshlash” bilan qo‘rqitmoqda. Vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgan omil shundaki, kartel har bir o‘ldirilgan politsiyachi yoki harbiy uchun 1200 dollar miqdorida mukofot e’lon qilgan. Bu esa ko‘chalarda ochiqdan-ochiq ov boshlanganini anglatadi.

Jangarilar zirhli pikaplarda harakatlanib, zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan qurollangan holda huquq-tartibot idoralariga qarata o‘t ochmoqda. Shaharlarda tasodifiy avtomobillarga o‘t qo‘yilishi aholi o‘rtasida kuchli vahima keltirib chiqardi.

Shaharlarga bronetexnika kiritilmoqda

Meksika armiyasi va Milliy gvardiyasi vaziyatni nazoratga olish uchun yirik shaharlarga bronetexnikalar va qo‘shimcha bo‘linmalarni kiritdi. Hozirda 19 ta shtatda favqulodda xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda. Biroq, yo‘llarning to‘sib qo‘yilgani va jangarilarning uyushgan pistirmalari tufayli xavfsizlik kuchlari kolonnalari og‘ir talofatlar bermoqda.

“El Mencho”ning o‘ldirilishi Meksika va AQSh uchun yirik taktik g‘alaba bo‘lsa-da, strategik jihatdan mamlakatni chuqur inqirozga yetakladi. Yetakchisidan ayrilgan kartelning “yaralangan arslon” kabi tajovuzkorligi o‘nlab, balki yuzlab begunoh insonlarning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda. Yaqin kunlar ichida Meksika hukumati yoki to‘liq harbiy diktatura usulida tartib o‘rnatishi, yoki kartellarning shafqatsiz bosimi ostida qolishi kerak bo‘ladi.

O‘z o‘rnida savol tug‘ilishi tabiiy: Meksikadagi urush davlat va narkokartellar o‘rtasidagi birinchi to‘qnashuvmi? Butun dunyo bo‘yicha hukumat va narkokartellar ziddiyatining tarixi qanday?

Nihoyasiz urush

Yarim asr muqaddam Atlantikaning ikki tomonidagi hukumatlar giyohvand moddalarga qarshi urush e’lon qilgan edi. O‘tgan davr mobaynida maxsus agentliklar tashkil etildi, keng ko‘lamli harbiy operatsiyalar o‘tkazildi, XX asrning eng yirik narkobarondalari yo‘q qilindi. Biroq global narkobozor yo‘qolmadi — aksincha, u yanada moslashuvchan, texnologik va transmilliy tus oldi. Davlatlar va narkokartellar o‘rtasidagi qarama-qarshilik tarixi bu keskinlashuv, transformatsiya va har ikki tomonning doimiy moslashuvi haqidagi xronikadir.

Kolumbiya portlashi: kartellar davlatdan kuchliroq bo‘lgan davr

1970–1980-yillarda jahon kokain sanoatining markazi Kolumbiya edi. Aynan shu yerda o‘z imkoniyatlari va ta’siri bilan davlat institutlari bilan bellasha oladigan tuzilmalar shakllandi.

Medellin karteli boshlig‘i Pablo Eskobar o‘z davrining ramziga aylandi. Ushbu tashkilot AQSh va Yevropaga kokain yetkazib berishning katta qismini nazorat qilgan, milliardlab daromadlarni boshqargan. Moliyaviy qudrat kartelga nafaqat logistika va qurolli kuchlarini kengaytirish, balki sudyalar, harbiylar va siyosatchilarni tizimli ravishda sotib olish imkonini berdi. AQShga ekstraditsiya qilish urinishlariga javoban Eskobar terror kampaniyasini boshladi: portlashlar, o‘g‘irlashlar, amaldorlar va jurnalistlarning qotilliklari siyosiy bosim vositasiga aylandi.

Shu bilan birga, Kali karteli ham faoliyat yuritar, u ochiq zo‘ravonlik o‘rniga korrupsiyani afzal ko‘rgan nisbatan yashirin strategiyani qo‘llardi. 1980-yillarning oxiriga kelib Kolumbiya shunday vaziyatga tushdiki, uyushgan jinoyatchilik guruhlari qonunchilik va milliy xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega edi.

Davlat javobi qat’iy va uzoq davom etuvchi bo‘ldi. AQSh ko‘magida maxsus politsiya bo‘linmalari tuzildi, ekstraditsiya amaliyoti kuchaytirildi, harbiy operatsiyalar yo‘lga qo‘yildi. 1993-yilda Pablo Eskobar yo‘q qilindi. Keyinchalik Kali karteli yetakchilari ham qo‘lga olindi. Go‘yoki yirik superkartellar davri yakunlangandek tuyuldi.

Ammo bu g‘alaba emas, balki navbatdagi transformatsiya edi. Yirik tuzilmalar o‘nlab mayda va kamroq boshqariladigan guruhlarga parchalanib ketdi. Kokain ishlab chiqarish yo‘qolmadi — u markazlashuvdan voz kechdi. Keyinchalik bu holat “tarakan effekti” deb ataldi: bitta yirik guruhni yo‘q qilish ko‘plab mayda tuzilmalarning tarqalishiga olib keladi.

Meksika eskalatsiyasi: harbiylashtirish va uning oqibatlari

Kolumbiya kartellari zaiflashgach, asosiy tranzit va operatsion markaz Meksikaga ko‘chdi. Meksika guruhlari — xususan Sinaloa, Los-Setas va keyinroq Xalisko yangi avlod karteli — AQShga olib boruvchi yo‘nalishlar ustidan nazoratni asta-sekin o‘z qo‘liga oldi.

2006 yilda Meksika hukumati narkokartellarga qarshi keng ko‘lamli kampaniya boshlab, armiyani uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashga jalb etdi. Bu burilish nuqtasi bo‘ldi. Harbiy operatsiyalar qator hibsga olishlar va yetakchilarning yo‘q qilinishi bilan kechdi, jumladan XXI asrning eng mashhur narkobarondalaridan biri Xoakin “El Chapo” Gusman ham qo‘lga olindi.

Biroq harbiylashtirish ikki tomonlama ta’sir ko‘rsatdi. Bir tomondan, davlat qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligini namoyish etdi. Ikkinchi tomondan esa, yetakchilarning yo‘q qilinishi kartellar ichida ichki parokandalik va hokimiyat uchun kurashni kuchaytirdi. Zo‘ravonlik yanada parchalangan va oldindan aytib bo‘lmaydigan tus oldi. Ierarxik bir necha tuzilma o‘rniga o‘nlab avtonom guruhlar paydo bo‘ldi, ular raqiblar va jamiyatni qo‘rqitish uchun terror, ommaviy qatl va axborot kampaniyalaridan faol foydalana boshladi.

Ba’zi hududlarda kartellar kvazidavlat funksiyalarini bajara boshladi — hududni nazorat qilish, “soliq” yig‘ish, bandlikni ta’minlash. Bu esa aholining bir qismini narko-iqtisodiyotga yanada bog‘lab qo‘ydi.

Amerikaning “giyohvand moddalarga qarshi urushi”: bosim strategiyasi

1971 yilda AQSh prezidenti Richard Nikson rasman “giyohvand moddalarga qarshi urush” e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay Giyohvand moddalarga qarshi kurash boshqarmasi (DEA) tashkil etildi va qat’iy jinoiy jazolash siyosati asosiy vositaga aylandi.

Strategiya uch yo‘nalishga tayandi: ichki talabni qisqartirish, xalqaro yetkazib berish kanallarini to‘sish va ishlab chiqaruvchi davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish. AQSh And mintaqasidan tortib Meksikagacha bo‘lgan hududlarda dasturlarga milliardlab dollar yo‘naltirdi.

Ammo mamlakat ichida bu siyosat jiddiy tanqidga uchradi. Zo‘ravonliksiz, giyohvand moddalarga oid jinoyatlar uchun ommaviy qamoqqa olishlar jazoni ijro etish tizimining ortiqcha yuklanishiga olib keldi. Vaqt o‘tishi bilan, o‘nlab yillik qat’iy siyosatga qaramay, bozor yo‘qolmagani ayon bo‘ldi. Aksincha, 2010-yillarda AQSh avval retsept asosidagi dori vositalari, keyin esa sintetik moddalar, jumladan fentanil bilan bog‘liq opioid inqiroziga duch keldi.

Bu inqiroz faqat kuch ishlatishga asoslangan yondashuvning cheklanganligini ko‘rsatdi: rivojlangan mamlakatlarda ichki talab global narkoindustriyaning mavjudligida hal qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda.

Yangi davr: sintetik moddalar, darknet va kriptovalyutalar

Agar kokain davri qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va plantatsiyalarni nazorat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, XXI asr tobora sintetik moddalar bilan belgilanmoqda. Fentanil va metamfetamin ishlab chiqarish boshqa logistikani talab qiladi: kimyoviy prekursorlar, ixcham laboratoriyalar, transmilliy ta’minot zanjirlari.

Narkosavdo raqamli muhitni faol o‘zlashtirmoqda. Darknet platformalari, anonim messenjerlar va kriptovalyutalar bozorga kirish to‘sig‘ini pasaytirdi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishini murakkablashtirdi. Yirik onlayn maydonchalarni yopish bo‘yicha xalqaro operatsiyalar davlatlarning imkoniyatlarini namoyish etadi, biroq har safar yopilgan platforma o‘rnida yangilari paydo bo‘ladi.

Moliyaviy razvedka, prekursorlarni nazorat qilish va xalqaro hamkorlik asosiy vositalarga aylanmoqda. Biroq jinoyat tarmoqlari ham tez moslashadi, yo‘nalish va usullarini tezda o‘zgartiradi. Qonuniy biznes uchun savdo va logistikani yengillashtirgan globallashuv jinoyat tuzilmalari uchun ham shunchalik samarali ishlamoqda.

Nega davlatlar g‘alaba qozona olmayapti?

Birinchi sabab — barqaror talab. Boy mamlakatlarda millionlab iste’molchilar yuqori narx to‘lashga tayyor ekan, taklif doimo o‘z shaklini topadi.

Ikkinchi sabab — o‘ta yuqori daromadlilik. Narkobiznesning rentabelligi xavflarni qoplaydi. Hatto jiddiy yo‘qotishlar ham tizimni butunlay yemira olmaydi.

Uchinchi omil — ijtimoiy sharoitlar. Ishsizlik yuqori va davlat nazorati zaif hududlarda narkokartellar daromad va ijtimoiy ko‘tarilish manbaiga aylanadi.

To‘rtinchi omil — korrupsiya. Ulkan moliyaviy resurslar jinoyat tashkilotlariga hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kirib borish imkonini beradi.

Nihoyat, kuchli bosim ko‘pincha kutilmagan oqibatlarni keltirib chiqaradi. Yirik yetakchilarning yo‘q qilinishi tuzilmalarning parchalanishi va zo‘ravonlikning kuchayishiga olib kelishi mumkin, savdo hajmini kamaytirmagan holda. Bu holat “havo shari effekti” deb ataladi: bir hududda bosim kuchaytirilsa, muammo boshqa joyga ko‘chadi.

Urushdan islohotlargacha?

So‘nggi yillarda qator mamlakatlarda yondashuvni qayta ko‘rib chiqish zarurati haqida bahslar kuchaydi. Ayrim moddalarni dekriminalizatsiya qilish, zararlarni kamaytirish dasturlari, qaramlikni jinoyat emas, balki davolash masalasi sifatida ko‘rish — bularning barchasi faqat jazoga asoslangan modelga muqobil sifatida ko‘rilmoqda.

Biroq universal yechim mavjud emas. Lotin Amerikasida yirik qurollangan guruhlar bilan qurolli qarama-qarshilik davom etmoqda. Shimoliy Amerika va Yevropada — sintetik moddalar va moliyaviy oqimlarga qarshi kurash ustuvor. Osiyoda esa qat’iy repressiv choralar qo‘llanmoqda. Global bozor har bir modelga moslashmoqda.

Davlatlar va narkokartellar o‘rtasidagi qarama-qarshilik tarixi — bu yakuniy g‘alaba yoki mag‘lubiyat tarixi emas. Bu doimiy evolyutsiya tarixi bo‘lib, har bir yangi strategiya yangi qarshilik shaklini yuzaga keltiradi. Yarim asr davomida “giyohvand moddalarga qarshi urush” o‘nlab mamlakatlarning huquqni muhofaza qilish tizimi, xalqaro munosabatlari va jinoiy siyosatini o‘zgartirdi. Ammo u asosiy iqtisodiy tamoyilni yo‘q qila olmadi: talab va o‘ta yuqori daromad mavjud ekan, taklif ham mavjud bo‘ladi.

Shu bois bugungi asosiy savol boshqacha yangraydi. “Urushni qanday yutish kerak?” emas, balki jamiyat qaysi nazorat modelini samarali va maqbul deb hisoblaydi — va buning uchun qanday narx to‘lashga tayyor?

Теги :
Jamiyat