$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda ish beruvchilar yosh kadrlarga 7—10 million so‘mgacha maosh to‘lashga tayyor, biroq...

kadr

“Yuksalish” harakati ish beruvchilarning yosh mutaxassislarni ishga qabul qilish bo‘yicha fikrini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi. Ushbu tahlil yosh mutaxassislarni tayyorlash va ish bilan ta'minlash sohasida mavjud muammolar va imkoniyatlarni tushunishga yordam beradi.

So‘rovnomada kimlar qatnashdi? 

Google Forms platformasidan foydalangan holda o‘tkazilgan so‘rovnoma kichik va o‘rta biznes vakillari, fermer xo‘jaliklari, davlat idoralari, NNT yetakchilari va rahbarlarini qamrab oldi. Unda 23 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan 828 kishi qatnashdi. Respondentlar soni O‘zbekistonning turli hududlaridagi aholi soniga mutanosib ravishda taqsimlandi.

So‘rovnoma turli yosh guruhlarini qamrab olgan bo‘lib, yosh kadrlar bilan hamkorlik qilish tajribasini turli nuqtayi nazarlardan ko‘rib chiqish imkonini beradi. Ishtirokchilarning ko’pchiligini, ya’ni, 67 foizini 25 yoshdan 45 yosh oralig‘idagi fuqarolar tashkil etadi. Katta yoshli guruh vakillarining salmoqli ulushi (45–55 yosh – 24,6% va 55+ yosh – 8,4%) ularning jarayondagi faol ishtiroki va yosh mutaxassislar bilan ishlashda katta tajribaga ega ekanligini ko‘rsatdi.

Respondentlarning 47,5 foizi erkaklar, 52,5 foizi ayollar bo‘lib, so‘rovnoma O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oldi.

Respondentlarning faoliyat sohalari

Ishtirokchilarning 41,5 foizi davlat muassasalarida ishlaydi, bu davlat sektorining asosiy ish beruvchi va kadr tashabbuslari manbayi sifatidagi rolini ta'kidlaydi. Kichik va o‘rta biznes ham katta ulushni egallaydi – 22,5 foiz, yirik biznes vakillari esa – 5,2 foizni tashkil etadi. Bu yosh mutaxassislarning xususiy sektordagi rivojlanish va innovatsiyalar uchun ahamiyatliligini ko‘rsatadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari 14,6 foizni, fermer xo‘jaliklari esa 6,5 foizni, boshqa soha vakillari – 9,7 fozini tashkil etadi. Ular ham moslashuvchanlik va yangi yondashuvlarga bo‘lgan ehtiyojni ta'kidlagan holda yosh mutaxassislarni faol jalb qilishadi.

Ish beruvchilar qanday kamchiliklarni ko‘ryapti?

Ish beruvchilarning taxminan uchdan bir qismi – 27,8 foizi – kadrlar tomonidan OTMda olingan bazaviy bilimlar yetarli emasligini ta'kidlaydilar. Bu ta'lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va talabalarni amaliyotga ko‘proq yo‘naltirish zarurligini ko‘rsatadi.

Mustaqil rivojlanishga bo‘lgan motivatsiyaning pastligi – 29,3 foiz ishtirokchi tomonidan yana bir muammo sifatida belgilangan. So‘rov natijalaridan ma'lum bo‘lishicha, rahbarlarning 8,7 foizi mustaqil professional rivojlanishga harakat qilmaydigan, 8,1foizi – tizimli va tanqidiy fikrlay olmaydigan, 4 foizi - muloqot ko‘nikmalari va 2,9 foizi liderlik sifatlariga ega bo‘lmagan yosh kadrlarga duch kelmoqda. Bu rag‘batning yo‘qligi va o‘qish uchun sharoitning yetarli emasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Respondentlarning 8,3 foizi yosh kadrlarda axborot texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha ko‘nikmalar yetarli emasligini ta'kidlamoqda. Ishtirokchilarning 9,9 foizi yosh xodimlarning chet tillarni bilmasligi haqida aytgan. Biroq raqamlashtirish va globallashuv sharoitida bu zaruriy ko‘nikmalarsiz yosh xodimlarning kasbiy istiqbollari cheklanishi mumkin. Qolgan 1 foiz respondentlar boshqa turli xil kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tgan.

Ish beruvchilar yoshlarga qancha miqdorda maosh berishga tayyor?

Aksariyat ish beruvchilar yosh mutaxassislarga to’rt milliondan olti milliongacha bo‘lgan maoshni taklif qilishga tayyor.\Bu eng kam tajribaga ega xodimlar mehnati uchun to‘lanadigan pul miqdorini aks ettiradi. Respondentlarning ko‘pchiligi – 39,4 foizi 4—5 million so‘m miqdoridagi mablag‘ni ish boshlash uchun maqbul deb biladi. So‘ralganlarning 37,9 foizi yangi xodimlarga 5—6 million so‘m taklif qilishga tayyor. Ish beruvchilarning 11 foizi 6 milliondan 8 million so‘mgacha maosh berishga tayyor bo‘lsa, 6,5 foiz respondent 7—10 milliongacha mablag‘ni ish haqi sifatida ajrata olishini aytgan. Biroq yuqori haq to‘lanadigan vakansiyalar kam uchraydigan holatligicha qolmoqda – respondentlarning faqat 5,2 foizi 10 million va undan yuqori maosh to‘lashga tayyor. Bu esa yosh mutaxassislarning ish boshlagan vaqtda munosib ish haqi olish imkoniyatini cheklaydi.

Vaziyatni qanday yaxshilash mumkin?

Malakali kadrlarni tayyorlashda yordam berishi mumkin bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar sifatida ish beruvchilar quyidagilarni ko‘rsatgan:

  • 46,6 foiz respondent mustaqil rivojlanish uchun sharoit yaratish ustuvorligini bildirgan;
  • 43,1 foiz respondent fikricha, barqaror ish haqi va mukofot yoki grant kabi rag‘batlantirish tizimi orqali yosh mutaxassislarni ushlab qolish va ularning rivojlanishiga hissa qo‘shish mumkin;
  • so‘ralganlarning 26,3 foizi karyerada o‘sish uchun imkoniyat yaratish muhimligini ta'kidlagan bo‘lsa, 18,7 foizi xorijda malaka oshirishlar tashkillashtirish ahamiyatiga urg‘u bergan, 23,6 foizi yosh mutaxassislar bilan ishlash strategiyasini e'tirof etgan, 2,2 foiz ishtirokchi esa javob berishga qiynalgan.

Onlayn platformalar, shaxsiy kontaktlar va bandlikka doir saytlar ish beruvchilar uchun yosh mutaxassislarni qidirishda asosiy manba bo‘lib qolmoqda. So‘ralganlarning 37,2 foizi ishga yollash jarayonida raqamli texnologiyalar ahamiyatining ortib borayotganini ta'kidlagan. Bundan tashqari, 24,6 foizi kadrlarni OTMlar orqali, 21,6 foizi – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi orqali, 13,5 foizi – mehnat birjasidan, 3,1foizi boshqa manbalar orqali izlashini bildirgan.

So‘rov natijalari tahlili asosida tavsiyalar

1. Ta'lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va amaliyot ko‘nikmalariga hamda nazariyani amaliyotda qo‘llashga urg‘u berish zarur. Shuningdek, talabalarga o‘qishni tugatgunga qadar kompaniyalarda haqiqiy ish tajribasini to‘plash imkoniyatini beradigan stajirovka va amaliyot dasturlarini ishlab chiqish muhim.

2. Ish beruvchilar xodimlar uchun ichki o‘quv va rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishi, shu bilan birga, tashqi kurslar va treninglarda ishtirok etishni rag‘batlantirishi mumkin. Buning ichiga onlayn kurslar va mustaqil ta'lim platformalarida o‘qishni ham kiritish mumkin.

3. Raqobatbardosh mehnat shart-sharoitlari bilan bir qatorda, ijtimoiy va tibbiy imtiyozlarni o‘z ichiga olgan takliflar ish beruvchining salohiyatini oshirishi mumkin.

4. Ish beruvchilar bo‘lajak kadrlarni bozor talablariga tayyorlash uchun oliy o‘quv yurtlari bilan faol hamkorlik qilishi lozim. Bu hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar, qo‘shma dasturlar va ish beruvchilarning o‘quv jarayonlarida ishtirok etishini o‘z ichiga olishi lozim. Nodavlat tashkilotlar yosh kadrlarni tayyorlashda muhim ro’l o‘ynaydi, ular qo‘shimcha o‘quv dasturlari va resurslarni taklif qilishi mumkin.

5. Yosh mutaxassislar o‘zlarini qadrli va e'tiborga loyiq deb his qilishlari uchun ijobiy korporativ madaniyatni shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega.

Ushbu tavsiyalar O‘zbekistondagi ish beruvchilarga yosh kadrlar salohiyatidan samarali foydalanishda yordam beradi, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga tayyorlaydi.

Ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov yosh kadrlar bilan ishlash afzallik va kamchiliklarini aniqladi. Asosiy muammolar sifatida bilimlarning yetishmasligi va mustaqil rivojlanishga bo‘lgan motivatsiyaning kamligi qayd etilgan. Shu bilan birga, ish beruvchilar barqaror maosh va kasbiy o‘sishga e'tibor qaratgan holda raqobatbardosh ish shart-sharoitlarini taklif qilishga tayyor. Nomzodlarni tanlash jarayonida raqamli platformalar va ta'lim muassasalari ahamiyatini ta'kidlash zarur.

Vaziyatni yaxshilash uchun ta'lim tizimini isloh qilish va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqishga sarmoya kiritish zarur. Bu OTMda olingan ko‘nikmalar va mehnat bozori talablari o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishga yordam beradi.

Теги :
Jamiyat