$
 12021.61
-38.17
 14092.93
-36.31
 150.44
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistoning JSTga a’zo bo‘lishi kutilmaganda sekinlashishi mumkin

JST

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha prezidentning maxsus vakili Azizbek Urunov O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonining kutilmaganda sekinlashishi borasida xavotirlar kuchayayotganini ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan prezidentning maxsus vakili JST Umumiy kengashida O‘zbekistonning a’zolik jarayoni bilan bog‘liq bayonot berdi. Unda mamlakatning JSTga qo‘shilish jarayoni hozirgi holati va quyidagi muhim faktlar ko‘rib chiqildi.

1.    O‘zbekiston JSTga to‘liq sodiq

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga qat’iy sodiq qolmoqda, zarur islohotlar amalga oshirilgan va qolgan masalalar muhokama uchun tayyor. Shuningdek, ishchi guruh a’zolaridan o‘z vaqtida va aniq fikr-mulohazalar berilishi muhimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston JSTning 14-vazirlar konferensiyasigacha a’zolikni yakunlashni imkoniyat deb hisoblaydi. Biroq, ba’zi savollarning mazmuni va vaqtining noaniqligi jarayonni kutilmagan sekinlashishga olib kelayotgani haqida tashvishlar mavjud.

“Jarayonning sekinlashishi mumkinligi bizni xavotirga solmoqda, bu ba’zi savollarning mazmuni, vaqti va mohiyatiga asoslangan”, — dedi Urunov.

2.    Ikki tomonlama muzokaralar yakunlanish arafasida

Hozirgacha O‘zbekiston 33 ta davlat bilan bozoriga kirish bo‘yicha kelishuvga erishgan va 30 ta davlat bilan protokollar imzolangan. Rossiya bilan esa kelasi hafta protokol imzolanishi kutilmoqda. Barcha ikki tomonlama muzokaralar oktabr oyigacha yakunlanishi mumkinligi bildirildi. Biroq, ba’zi protokollar bozor kirishiga doir bo‘lmagan masalalar tufayli hali imzolanmagan.

“Afsuski, ba’zi protokollar bozor kirishiga bog‘liq muammolar tufayli hali imzolanmagan, ba’zi hollarda esa muammolar keyingi yilgi muzokaralarda ko‘tarilmayapti”, — deydi prezidentning maxsus vakili.

3.    O‘zbekiston global savdo tizimiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishni faqat bir tomonlama foyda sifatida emas, balki o‘zaro manfaatli hamkorlik deb biladi. Mamlakat adolat, shaffoflik va savdoda barqarorlik kabi qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston, tarixan Buyuk Ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arbni bog‘lagan davlat sifatida, bugun ham global savdo tizimiga o‘z hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

4.    Jarayonni asossiz cho‘zmaslik so‘raldi

O‘zbekiston qolgan masalalar bo‘yicha ishlashga va zarur o‘zgarishlarni joriy etishga to‘liq tayyorligini bildirdi. Shu bois, a’zolik jarayonining asossiz kechiktirilmasligi so‘raldi.

Azizbek Urunovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi kelgusi Vazirlar konferensiyasigacha muvaffaqiyatli yakunlanmasligi uchun hech qanday obyektiv sabab yo‘q. Aksincha, to‘liq tayyor va mas’uliyatli davlat sifatida O‘zbekiston JST oilasiga qo‘shilishi uchun barcha asoslar mavjud.

Tashkilot haqida

Jahon Savdo Tashkiloti — 1995-yilda aʼzo-davlatlar oʻrtasidagi xalqaro savdoni liberallashtish, savdo va siyosiy munosabatlarini tartibga solish maqsadida tashkil etilgan. JST 1947-yil tuzilgan xalqaro bitim — GATT(General Agreement on Tariffs and Trade)ning davomchisi hisoblanadi.

Xalqaro savdoda tashkilotga aʼzo va ishtirokchi mamlakatlar majburiy boʻlgan tamoyillar, belgilangan qoidalar va xukumatlararo koʻp tomonlama shartnomalar asosida faoliyat olib boradi.

Jahon savdo tashkilotining besh tamoyili bor:

  • Savdoda diskriminatsiyani yo‘qligi, to‘siqlarini kamaytirish
  • Xalqaro savdoda raqobatbardoshlikni oshirish
  • Kam rivojlangan mamlakatlar uchun xalqaro savdodagi imtiyozlar
  • Savdo shartlarining barqarorligi va prognozliligi

Oʻzbekiston harakati

Har bir davlatning bu tashkilotga aʼzo boʻlish jarayoni oʻrtacha 8 — 10, baʼzi davlatlar uchun esa 10 — 15 yilni tashkil etadi. Oʻzbekiston 1995-yilda ariza topshirgan boʻlishiga qaramasdan, 2017-yildan boshlab mamlakatda tashkilotga a'zo boʻlish harakati boshlangan. Yuqorida taʼkidlanganidek, hozirgi kunda Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlish uchun 33 ta davlat bilan bozoriga kirish bo‘yicha kelishuvga erishgan va 30 ta davlat bilan protokollar imzolangan.

Теги :
Iqtisodiyot
Siyosat