$
 12009.29
-4.23
 13699.00
49.24
 154.74
-5.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Rivojlangan Yevropa nega jazirama qarshisida ojiz qoldi?

jazirama

Joriy yilning 21-iyunidan buyon davom etayotgan anomal jazirama oqibatida qit’a bo‘ylab 1300 dan ortiq inson hayotdan ko‘z yumdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va milliy sog‘liqni saqlash idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyaning sharqiy hududlarida harorat rekord darajadagi +41,7°C ga yetdi. Chexiyada +41,1°C, Polshada esa +40,5°C qayd etilib, iyun oyi bo‘yicha tarixiy rekordlar yangilandi.

Nega texnologiya, tibbiyot va infratuzilmasi bilan dunyoga namuna bo‘lgan Yevropa issiqlik qarshisida ojiz qolmoqda? Gap faqat konditsionerlar yetishmasligidami yoki muammo bundan ancha chuqurroq — shaharsozlik, sog‘liqni saqlash tizimi va iqlim o‘zgarishiga moslashish siyosatidagi kamchiliklardami?

Insonlar o‘limiga nima sabab bo‘lmoqda?

Jazirama paytida odamlar ko‘pincha to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh urishidan emas, balki issiqlik organizmda qo‘zg‘atadigan murakkab fiziologik jarayonlar oqibatida vafot etadi. Shuning uchun mutaxassislar issiqlik to‘lqinlarini “sekin harakatlanuvchi qotil” deb ataydi. Birinchi navbatda, yuqori harorat yurak-qon tomir tizimiga katta yuklama beradi. Tana sovishga harakat qilganda qon tomirlari kengayadi, yurak urishi tezlashadi va organizm ko‘proq suyuqlik yo‘qota boshlaydi. Bu esa yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda infarkt va insult xavfini keskin oshiradi. Fransiya sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyining so‘nggi haftasida mamlakatda kutilganidan ming nafardan ortiq ortiqcha o‘lim qayd etilgan. Uy sharoitida vafot etganlar soni esa 40 foizga oshgan.

Vaziyatni Yevropaning demografik tarkibi yanada murakkablashtirmoqda. So‘nggi yigirma yil ichida Yevropa Ittifoqida 65 yoshdan oshgan aholi soni qariyb 40 foizga ko‘paydi. Yolg‘iz yashovchi ko‘plab keksalarda organizmning haroratni boshqarish qobiliyati yoshlar bilan solishtirganda sustroq bo‘ladi. Natijada ular issiqlikning xavfli darajaga yetganini o‘z vaqtida sezmaydi va zarur choralarni ko‘rishga ulgurmaydi. Issiqlik to‘lqini nafaqat inson salomatligiga, balki sog‘liqni saqlash tizimining o‘ziga ham bosim o‘tkazmoqda. Buyuk Britaniyada ayrim shifoxonalar kuchli issiqlik va namlik tufayli MRT qurilmalari hamda kompyuter tizimlarida nosozliklar kuzatilgani sababli favqulodda holat rejimini e’lon qildi. Buning oqibatida ayrim bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish jarayoni kechikdi. Natijada muammo faqat yuqori haroratning o‘zida emas. Issiqlik qarib borayotgan aholi, surunkali kasalliklar va haddan tashqari yuklama ostida qolayotgan sog‘liqni saqlash tizimi bilan to‘qnashganda uning oqibatlari bir necha barobar og‘irlashadi.

Yevropada konditsioner nega ommalashmagan?

O‘zbekistonda deyarli har bir uy yoki ofisning ajralmas qismiga aylangan konditsioner Yevropada hanuz ommaviy maishiy texnika emas. Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, qit’adagi uy xo‘jaliklarining atigi 20 foizi konditsioner bilan jihozlangan. Fransiyada bu ko‘rsatkich 25 foizni, Buyuk Britaniyada esa bor-yo‘g‘i 14 foizni tashkil etadi. Buning sababi faqat iqlim emas. Muammo tarixiy me'morchilikni muhofaza qilish, eskirgan uy-joy fondi, iqtisodiy xarajatlar va ekologik qarashlar kesishgan murakkab tizim bilan bog‘liq.

Ko‘plab Yevropa davlatlarida binolarning tashqi fasadiga konditsionerning tashqi blokini o‘rnatish qat’iy tartibga solingan. Masalan, Parijda buning uchun avvalo ko‘p kvartirali uy egalari roziligi olinadi, keyin shahar ma’muriyatiga maxsus deklaratsiya topshiriladi. Agar bino tarixiy hududda joylashgan bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda “Architectes des Bâtiments de France” ruxsati ham talab etiladi. Ruxsatsiz o‘rnatilgan qurilmalar sud qarori bilan demontaj qilinishi mumkin.

Xorvatiyada esa yangi qonunchilikka ko‘ra, ko‘chaga qaragan fasadlarga tashqi konditsioner bloklarini o‘rnatish taqiqlangan. Qoidani buzgan pudratchilar va uy egalari 10 ming yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin.

Yevropadagi ko‘plab turar joylar yuz yillar avval qishki sovuqdan himoyalanish uchun qurilgan. Qalin tosh yoki g‘isht devorlar, kichik derazalar qishda issiqlikni saqlashga xizmat qilgan bo‘lsa, bugungi jazirama sharoitida ular aksincha issiqlikni ichkarida ushlab qolmoqda. Bunday binolarni zamonaviy ventilyatsiya tizimlari va yuqori quvvatli elektr tarmoqlariga moslashtirish esa milliardlab yevrolik investitsiyalarni talab qiladi.

Buyuk Britaniyada oddiy xonadon uchun konditsioner sotib olish va o‘rnatish kamida 1500 funt sterling, butun uyni jihozlash esa qariyb 6500 funt sterlingga tushadi. Yuqori elektr energiyasi tariflari ham qo‘shilganda, bu ko‘plab oilalar uchun katta moliyaviy xarajatga aylanadi.

Bundan tashqari, Yevropada konditsionerlarga nisbatan ekologik qarashlar ham kuchli. Ko‘pchilik bunday qurilmalar tashqariga issiq havo chiqarib, elektr iste’molini oshirish orqali global isishga hissa qo‘shishini ta’kidlaydi. Fransiyada o‘tkazilgan so‘rovnomalardan birida respondentlarning qariyb 80 foizi konditsionerlarni atrof-muhit uchun zararli deb baholagan.

Shu sababli Yevropada konditsionerlarning kamligi texnologik ortda qolish emas. Bu tarixiy merosni saqlash, iqtisodiy imkoniyatlar va ekologik siyosat o‘rtasidagi murakkab muvozanat natijasidir. Ammo so‘nggi yillardagi rekord darajadagi jaziramalar bu yondashuvni qayta ko‘rib chiqish zarurligini tobora yaqqolroq ko‘rsatmoqda.

Nega Yevropa aholisi issiqqa tez moslasha olmayapti?

Inson organizmi yuqori haroratga bir zumda emas, balki vaqt o‘tishi bilan moslashadi. Bu jarayon tibbiyotda “akklimatizatsiya” deb ataladi. Yevropadagi bugungi vaziyatning asosiy omillaridan biri ham shundaki, harorat odatdagidan ancha tez va keskin ko‘tarilmoqda. Markaziy Osiyoda bahordan boshlab havo harorati bosqichma-bosqich oshadi. Yevropada esa “issiqlik gumbazi” hodisasi tufayli harorat bir necha kun ichida +22°C atrofidan +40°C va undan yuqori darajaga ko‘tarilishi mumkin. Bunday keskin o‘zgarish organizmning issiqlikka moslashish mexanizmlarini ishga tushirish uchun yetarli vaqt qoldirmaydi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa dunyoda eng tez isiyotgan qit’a bo‘lib, bu yerda haroratning o‘sish sur’ati global o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb ikki baravar yuqori. Natijada ilgari kam uchraydigan ekstremal jaziramalar endi tobora tez-tez takrorlanmoqda va ularga moslashish nafaqat aholi, balki infratuzilma hamda sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham jiddiy sinovga aylanmoqda.

Yevropa inqirozi O‘zbekiston uchun ham ogohlantirishmi?

Yevropada kuzatilayotgan global iqlim inqirozi Markaziy Osiyoni, jumladan O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. So‘nggi yillarda mamlakatda yozgi anomal issiq kunlar — xalq orasida “chilla” deb ataladigan davrlar soni ortib bormoqda. Buning ortida bir nechta mahalliy va global omillar bir-biri bilan chambarchas bog‘langan.

Eng muhim omillardan biri —“Orol dengizi fojiasi”. Sobiq dengizning qurib qolishi mintaqadagi eng yirik tabiiy namlik manbalaridan birini yo‘q qildi. Natijada iqlim yanada quruqlashdi, yoz mavsumlari esa davomli va keskin jaziramaga aylana boshladi. Shuningdek, “tezkor urbanizatsiya jarayoni” ham muammoni kuchaytirmoqda. Toshkent va boshqa yirik shaharlarda yashil hududlarning qisqarishi, daraxtlar o‘rniga beton va asfalt qoplamalarning kengayishi shahar mikroiqlimini sezilarli darajada o‘zgartirmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda, mintaqaning geografik joylashuvi ham rol o‘ynaydi. Janubdan kirib keladigan issiq va quruq havo oqimlari hamda yuqori bosimli atmosfera tizimlari bir muddat hudud ustida “to‘xtab qolishi” natijasida jazirama yanada kuchayadi va uzoq davom etadi.

Yevropada yuz bergan minglab o‘limlar shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy qudrat ham har doim tabiiy ofatlarga tayyorlik kafolati bo‘la olmaydi. Iqlim o‘zgarishining tezlashuvi esa ko‘plab davlatlarda infratuzilmani yangilash imkoniyatidan oldinga o‘tib ketmoqda. Shu sababli ayrim shaharlar, jumladan Parij, an’anaviy konditsioner o‘rniga muqobil yechimlarni sinovdan o‘tkazmoqda.

Masalan, Sena daryosi suvidan foydalanib, yer osti quvurlari orqali binolarni sovitish tizimi joriy etilmoqda. Biroq bunday texnologiyalar ham tobora kuchayib borayotgan issiqlik to‘lqinlariga to‘liq yechim bo‘la olmayapti. Bu holat nafaqat Yevropa, balki O‘zbekiston uchun ham muhim signal: shaharsozlik siyosatini qayta ko‘rib chiqish, yashil hududlarni kengaytirish va issiqlikka moslashuvchan infratuzilmani rivojlantirish zarur.

Теги :
Jamiyat