$
 12137.86
-53.44
 14379.72
-85.26
 158.13
-0.38
weather
+26
Кечаси   +14°

Sadir Japarov “taxtdan” ketadimi?

Sadir Japarov

Bishkekda kechgan so‘nggi siyosiy bahslar va jamoatchilikdagi turli talqinlar ortidan mamlakat Konstitutsiyaviy sudi o‘zining yakuniy xulosasini e’lon qildi. Sud qaroriga ko‘ra, Qirg‘izistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish uchun hech qanday huquqiy asos mavjud emas.

Siyosiy taranglik va “75 lar xati”

Voqealar rivoji joriy yilning 9-fevral kuni 75 nafar taniqli jamoat arbobining davlat rahbari va parlamentga yo‘llagan shov-shuvli murojaatidan boshlandi. Murojaat mualliflari mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni talab qilishgan. Ularning asosiy vaji shundan iborat ediki, Sadir Japarov 2010-yilgi tahrirdagi Konstitutsiya bo‘yicha saylangan, biroq 2021-yilda mamlakat yangi Bosh qomusni qabul qilgan. Bu holat jamiyatda amaldagi prezidentning vakolat muddati borasida jiddiy qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Vaziyatning keskinlashishi ortidan, 10-fevral kuni prezident Sadir Japarov kutilmagan qaror qabul qilib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev va uning o‘rinbosarlarini lavozimidan ozod etdi. Davlat rahbari ushbu qadamini jamiyatdagi parchalanishning oldini olish va ayrim deputatlik guruhlarining siyosiy bosimlariga chek qo‘yish istagi bilan izohladi. Shu bilan birga, yuqoridagi murojaatga imzo chekkanlarning ayrimlari hibsga olinib, tergov izolyatoriga yuborilgani vaziyat naqadar jiddiy ekanidan dalolat berdi.

Muddatlar va me’yorlar

11-fevral kuni Sadir Japarov yuzaga kelgan huquqiy noaniqlikka chek qo‘yish maqsadida Konstitutsiyaviy suddan rasmiy sharh berishni so‘radi. 17-fevral kuni e’lon qilingan sud xulosasida ikki xil tahrirdagi Konstitutsiyalar o‘rtasidagi farq va ularning amal qilish tartibi batafsil tushuntirildi.

Ma’lumki, 2010-yilgi tahrirga ko‘ra, prezident 6 yil muddatga va faqat bir marta saylanishi mumkin edi. 2021-yilda qabul qilingan yangi tahrirda esa prezidentlik muddati 5 yil etib belgilandi va bir shaxsning ikki marta saylanishiga ruxsat berildi. Konstitutsiyaviy sud "intertemporallik" — ya’ni qonunlarning vaqtlararo amal qilish tamoyilini ilgari surdi. Unga ko‘ra, yangi qabul qilingan Konstitutsiya avvalgi tartib bo‘yicha shakllangan huquqiy munosabatlarga retroaktiv, ya’ni orqaga qaytish kuchi bilan aralasha olmaydi.

Yakuniy hukm: 2027-yil yanvar

Konstitutsiyaviy sud Sadir Japarovning amaldagi 6 yillik muddati uning birinchi prezidentlik muddati sifatida e’tirof etilishini va u boshlangan tartibda yakunlanishi shartligini ta’kidladi. Sudning uqtirishicha, yangi tahrirdagi 5 yillik cheklov amaldagi mandatga tatbiq etilmaydi.

Eng muhimi, sud bayonotida jamiyatdagi shunchaki siyosiy bahslar yoki ommaviy munozaralar saylov siklini o‘zgartirish uchun asos bo‘la olmasligi qat’iy qayd etildi. Muddatidan oldin saylovlar faqatgina prezident iste’foga chiqqanda, impichment e’lon qilinganda, og‘ir xastalik yoki vafot etgan taqdirdagina o‘tkazilishi mumkin. Bunday favqulodda holatlar mavjud bo‘lmagani bois, navbatdan tashqari saylov ssenariysi huquqiy jihatdan butunlay rad etildi.

Shunday qilib, Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi navbatdagi prezidentlik saylovlari sanasini ham aniqlashtirdi: mamlakatning yangi rahbari uchun ovoz berish jarayoni 2027-yil 24-yanvarda (yanvar oyining to‘rtinchi yakshanbasi) bo‘lib o‘tishi lozim.

Теги :
Jamiyat