$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent issiqxonalardan tozalanmoqda: Ko‘chish manzili — Surxondaryo

Issiqxona

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9-apreldagi “Surxondaryo viloyatida issiqxona xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakat agrosanoat majmuasida tub burilish yasadi. Mazkur hujjat bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi issiqxona xo‘jaliklarini iqlimiy jihatdan qulay va iqtisodiy samarador Surxondaryo viloyatiga bosqichma-bosqich ko‘chirish strategiyasi tasdiqlandi.

Gazdan uzilish va 10 baravar oshirilgan soliqlar

Hukumat poytaxt mintaqasida issiqxonachilik faoliyati uchun sharoitlarni tubdan o‘zgartirmoqda. Xususan, Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera musaffoligini saqlash maqsadida 2026-yil 1-iyundan boshlab ko‘mir va mazutda ishlovchi yangi issiqxonalarni tashkil etish taqiqlanadi.

Shu yilning 1-avgustidan boshlab esa mazkur beshta tumandagi mavjud barcha issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi va amaldagi shartnomalar bekor qilinadi. Bu cheklovlar iqtisodiy bosim bilan ham mustahkamlanmoqda: ushbu hududlarda faoliyatini davom ettirgan issiqxonalar uchun suv resurslari tariflari sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori stavkadan 5 baravar qimmatroq hisoblanadi. Shuningdek, yer va mol-mulk solig‘i stavkalari bazaviy ko‘rsatkichlarga nisbatan 10 baravar oshirilishi kutilmoqda.

Bo‘shagan yer maydonlaridan esa samarali foydalanish maqsad qilingan. Ijarachilar bu hududlarda intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va “yashil bog‘lar” barpo etishlari mumkin, biroq yer uchastkalarida har qanday turdagi kapital qurilish (bino-inshootlar tiklash) qat’iyan man etiladi.

Surxondaryo — iqtisodiy samaradorlik markazi

Nima uchun aynan Surxondaryo? Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qish arafasida Toshkentda o‘rtacha harorat +6 darajani tashkil etsa, Termizda bu ko‘rsatkich deyarli +11 darajaga yetadi. Bu harorat farqi mahsulot tannarxiga bevosita ta’sir qiladi: Toshkentda 1 tonna mahsulot yetishtirish 11,9 mln so‘mga tushsa, Surxondaryoda bu xarajat atigi 4,9 mln so‘mni tashkil etadi. Ya’ni, janubda dehqonchilik qilish 2,5 baravar arzonroq.

Termiz va Sherobod hududlarining quyoshli kunlar soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlari sun’iy yoritishga bo‘lgan ehtiyojni keskin kamaytiradi, bu esa o‘simliklarning tez o‘sishi va yuqori hosildorlikni kafolatlaydi.

Ko‘chish subsidiyalari

Ko‘chish jarayonini yengillashtirish uchun “Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasi negizida keng ko‘lamli imtiyozlar paketi ishlab chiqilgan. 2028-yil 1-aprelga qadar ushbu zonaga ko‘chib o‘tgan tadbirkorlarga issiqxona uskunalarini demontaj qilish va tashish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Har bir sotix maydon uchun 500 ming so‘mgacha bo‘lgan bir martalik subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda mas’ul idoralarga “Surxon-Agro” zonasining master rejasini ishlab chiqish va xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatilgan. Qaror ijrosi bevosita hukumat rahbariyati — Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov nazoratida bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat