$
 12014.48
-39.55
 13858.70
-73.35
 166.61
-0.44
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda ish tashlashga rasman ruxsat berildi: Endi xodimlar qaysi hollarda ishni to‘xtatishi mumkin?

ish

O‘zbekistonda ilk bor ish tashlashning qonuniy tartiblari aniq belgilab qo‘yildi. Endi jamoaviy mehnat nizosini muzokara va yarashtirish orqali hal qilishning iloji bo‘lmasa, xodimlar ish tashlash haqida qaror qabul qilishi mumkin. Biroq buning ham o‘z qoidalari bor.

Xo‘sh, xodimlarning huquqlari qanday himoya qilinadi?

Ish tashlash uchun avval barcha imkoniyatlar sinab ko‘rilishi kerak

Yangi qonunga ko‘ra, ish tashlash eng oxirgi chora sifatida ko‘riladi. Agar jamoaviy mehnat nizosini yarashtirish va muzokaralar orqali hal qilishning iloji bo‘lmasa, shundan keyingina xodimlar ish tashlash masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Bunda hech kim ish tashlashda qatnashishga majbur qilinmaydi. Shuningdek, ish tashlashdan bosh tortgan xodimlarga ham bosim o‘tkazish mumkin emas. Ya’ni bu har bir xodimning shaxsiy tanlovi hisoblanadi.

Ish tashlash haqidagi qaror tashkilot xodimlarining umumiy yig‘ilishida qabul qilinadi. Qaror kuchga kirishi uchun yig‘ilishda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi uni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Muhimi, qaror ish tashlash boshlanishidan kamida bir oy oldin qabul qilinishi lozim.

Ish tashlash birdaniga boshlanmaydi

Qonunda ish tashlash haqida barcha tomonlar oldindan ogohlantirilishi belgilangan. Qaror qabul qilingach, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bir ish kunidan kechiktirmay ish beruvchiga yozma ravishda xabar yuboradi.

Ish beruvchi esa bu ma’lumotni olgach, yana bir ish kuni ichida jamoaviy mehnat nizolarini tartibga soluvchi davlat organlarini ogohlantirishi kerak bo‘ladi.

Bu tartib ish tashlash boshlanishidan oldin vaziyatni qayta ko‘rib chiqish, muzokaralarni davom ettirish yoki nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish imkoniyatini saqlab qolish uchun joriy etilgan.

Ish tashlagan xodim ishdan bo‘shatilmaydi

Qonundagi eng muhim normalardan biri xodimlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Endi ish tashlashda qatnashgan xodimni buning uchun jazolash yoki intizomiy javobgarlikka tortish mumkin emas.

Ish tashlash davom etayotgan paytda xodimning ish joyi va egallab turgan lavozimi saqlanib qoladi. Ya’ni u ish tashlash tugagach, avvalgi ishiga qaytadi.

Biroq ish beruvchiga ish tashlash vaqtida ishlamagan kunlar uchun maosh to‘lamaslik huquqi berilgan. Shu sababli xodimlar ish tashlash qarorini qabul qilishda nafaqat huquqiy, balki moliyaviy oqibatlarni ham hisobga olishi kerak bo‘ladi.

Hamma ham ish tashlay olmaydi

Qonunda ayrim sohalar uchun alohida cheklovlar belgilangan. Tibbiyot xodimlari, harbiylar, sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, davlat fuqarolik xizmatining ayrim toifalari, shuningdek energiya, suv ta’minoti va aloqa tizimlarida ishlovchi xodimlarning ish tashlashi taqiqlanadi. Bundan tashqari, favqulodda holat, favqulodda vaziyat, urush holati yoki umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrda ham ish tashlash o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

Agar ish tashlash odamlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirsa, jamoat xavfsizligiga tahdid solsa yoki ekologik barqarorlikka zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, sud qarori bilan uning boshlanishi 30 kungacha kechiktirilishi yoki shu muddatga to‘xtatib turilishi mumkin. Qonunda belgilangan talablar va tartiblarga amal qilinmasdan o‘tkazilgan ish tashlashlar esa noqonuniy deb topiladi.

Yangi huquq amalda qanday ishlaydi?

Bugungacha O‘zbekistonda ish tashlash masalasi ko‘p muhokama qilingan bo‘lsa-da, uning aniq huquqiy mexanizmlari mavjud emas edi. Endi esa xodimlar va ish beruvchilar uchun aniq qoidalar belgilandi. Bu mehnat nizolarini hal qilishda yangi vosita bo‘lishi mumkin, biroq uning amalda qanday ishlashi va qanchalik samarali bo‘lishi vaqt o‘tishi bilan ma’lum bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat