$
 11937.89
-10.69
 13769.16
-24.28
 141.76
-2.53
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentdagi uylarning “asl bahosi” qancha? Yangi hisob kadastrdagidan 14 baravar qimmat chiqdi

kadastr

Toshkentdagi 600 mingdan ortiq kvartira va 213 mingdan ziyod hovli joy ommaviy baholashdan o‘tkazildi. Natijada kvartiralarning umumiy qiymati 426,7 trln so‘m, hovli joylarniki esa 548,4 trln so‘m deb baholandi. Bu amaldagi kadastr qiymatidan mos ravishda qariyb 7,4 va 14 baravar yuqori.

Kvartiralar kadastrdagidan 7,4 baravar qimmat baholandi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkentdagi ko‘chmas mulklarni ommaviy baholashning dastlabki natijalarini 14-avgust kuni o‘tkazilgan ochiq muloqotda e’lon qildi. Baholash poytaxtdagi 600 mingdan ortiq kvartira va 213 mingdan ziyod hovli joyni qamrab olgan.

Toshkentdagi kvartiralarning amaldagi umumiy kadastr qiymati 57,8 trln so‘mni tashkil qiladi. Ommaviy baholashdan so‘ng esa ularning umumiy qiymati 426,7 trln so‘m deb hisoblangan. Ya’ni yangi baho kadastrda ko‘rsatilgan qiymatdan qariyb 7,4 baravar yuqori chiqdi.

Hovli joylarda farq yanada katta. Poytaxtdagi 213 mingdan ortiq hovli joyning kadastr qiymati jami 39,1 trln so‘m bo‘lsa, ommaviy baholashda ular 548,4 trln so‘mga baholangan. Bu amaldagi kadastr qiymatidan qariyb 14 baravar ko‘p.

Narxlar Toshkentning qaysi hududida uy joylashganiga qarab keskin farq qilmoqda. Dastlabki natijalarda kvartiraning bir kvadrat metri 4,6 mln so‘mdan 35,8 mln so‘mgacha baholangan. Bir sotix yerning qiymati esa eng arzon hududlarda 115 mln so‘mdan boshlanib, qimmatroq joylarda 890 mln so‘mgacha yetgan.

Shu bilan birga, ommaviy baholash natijasida chiqqan summa uy yoki yer aynan shu pulga sotilishi kerakligini anglatmaydi. Bu ko‘rsatkichlar hozircha dastlabki hisoblanadi. Tizimning vazifasi ko‘chmas mulk qiymatini yagona mezonlar asosida bozor narxlariga imkon qadar yaqinlashtirish va turli obyektlarni bir xil usulda taqqoslash imkonini yaratishdan iborat.

Uyning joylashuvi, yoshi va hatto atrofidagi infratuzilma ham hisobga olinadi

Ommaviy baholashda hovli joyning faqat yeri yoki binosi alohida hisoblanmaydi. Yer uchastkasi, undagi uy va boshqa inshootlar yagona ko‘chmas mulk obyekti sifatida birgalikda baholanadi. Shu sabab bir xil maydondagi ikki hovlining qiymati joylashuvi va holatiga qarab keskin farq qilishi mumkin.

Hisob-kitobda obyektning qaysi hududda joylashgani, yer uchastkasining maydoni, bino hajmi, qurilgan yili, qavatlar soni va qanday qurilish materiallaridan foydalanilgani hisobga olinadi. Uy atrofidagi transport imkoniyatlari va ijtimoiy infratuzilma ham bahoga ta’sir qiladi.

Baholovchilar faqat kadastrdagi eski ma’lumotlarga tayanib qolmaydi. Bozorda sotuvga qo‘yilgan ko‘chmas mulklar narxi, rieltorlardan olingan ma’lumotlar hamda notarial tartibda rasmiylashtirilgan real bitimlar ham tahlil qilinadi. Shu ma’lumotlar asosida obyektlar narx zonalariga ajratiladi.

Keyin har bir hududning o‘ziga xos jihatlari va ko‘chmas mulkning individual xususiyatlarini hisobga oladigan baholash modellari tuziladi. Masalan, maydoni bir xil bo‘lgan ikki kvartira turli tumanlarda joylashgan bo‘lsa, ularning qiymati bir xil chiqmasligi mumkin. Xuddi shuningdek, bir xil hajmdagi hovlilarning qurilgan yili, materiali, joylashuvi va atrofidagi infratuzilmasi ularning yakuniy bahosiga ta’sir qiladi.

Uyiga qo‘yilgan bahodan norozi mulkdor natijani o‘zgartirishni so‘rashi mumkin

Ommaviy baholash natijalari darhol yakuniy hisoblanmaydi. Dastlabki natijalar 60 kun ichida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi belgilangan. Shu davrda mulkdorlar o‘z uy-joyi yoki boshqa ko‘chmas mulkiga qanday qiymat qo‘yilganini tekshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Har bir mulkdorga ko‘chmas mulkni baholash natijasi haqida SMS-xabarnoma yuboriladi. Fuqarolar nafaqat yakuniy summani ko‘rishi, balki bu qiymatni hisoblashda qanday ma’lumotlardan foydalanilganini ham bilishi mumkin. Agar obyektning maydoni, qurilgan yili yoki boshqa ma’lumotlarda xato bo‘lsa, bu haqda xabar berish va tushuntirish olish imkoniyati mavjud. Natijaga rozi bo‘lmagan mulkdor baholashni qayta ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin.

Теги :
Jamiyat