$
 12179.81
-30.05
 14139.54
-31.22
 156.73
-0.8
weather
+26
Кечаси   +14°

Xorijda ish: O‘zbekistonliklar uchun qaysi davlatlarda ish bor va qaysi mamlakat ko‘proq to‘laydi?

Ish

O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi tomonidan UZ24 nashriga taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlar mamlakatimizdagi tashqi mehnat migratsiyasi tizimida jiddiy o‘zgarishlar va ko‘lam kengayganini ko‘rsatmoqda. 2025-yil davomida fuqarolarimiz uchun dunyoning 29 ta davlatida, jumladan, 16 ta iqtisodiy rivojlangan mamlakatda jami 343 mingta qonuniy ish o‘rni aniqlangan. Ushbu ko‘rsatkich o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun xalqaro mehnat bozorida talab yuqori ekanligidan dalolat beradi.

Qaysi mintaqa o‘zbekistonliklarga ko‘proq ish bermoqda?

Xorijiy davlatlarda ishga joylashgan o‘zbekistonliklar soni esa 205 ming nafarni tashkil qilgan. Migratsiya oqimining geografik xaritasi tahlil qilinganda, hamon MDH davlatlari asosiy yo‘nalish bo‘lib qolayotganini ko‘rish mumkin. Rossiyada 165 ming nafar fuqaro ishga joylashgan bo‘lsa, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 8,6 mingni tashkil etgan. Umumiy hisobda MDH mamlakatlarida 141,4 mingta bo‘sh ish o‘rni aniqlangan.

Shu bilan birga, Yevropa yo‘nalishi sezilarli darajada faollashgan. 2025-yilda Yevropa davlatlarida 121,8 mingta ish o‘rni qayd etilgan. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Buyuk Britaniya (4,8 ming), Koreya (3,5 ming), Bolgariya (2,7 ming) va Germaniya (1,7 ming) kabi davlatlarga fuqarolarimiz tashkiliy tarzda yuborilgan. Shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 46,4 ming, Fors ko‘rfazi davlatlarida esa 23,2 ming ish o‘rni mavjudligi aniqlangan.

Qaysi davlat yaxshiroq to‘laydi?

Ish haqi miqdori bevosita ish turiga, ish beruvchining buyurtmasiga va ishchining malakasiga bog‘liq. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida oylik maoshlar 90–170 ming rubl oralig‘ida bo‘lsa, Belarusda 650–800 dollarni tashkil etadi.

Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlarda esa ko‘rsatkichlar birmuncha yuqori:

  • Germaniya: 2000–3000 yevro;
  • Latviya va Litva: 1000–1900 yevro;
  • Polsha: 2650 dollar;
  • Slovakiya, Yaponiya va Turkiya: 1000 dan 1500 dollargacha;
  • Italiya: kunlik ish haqi o‘rtacha 95 yevro.

Nomzodlarga qo‘yiladigan qat’iy talablar

Xorijda munosib ish topish uchun faqat xohishning o‘zi yetarli emas. Asosiy talablar sifatida boradigan davlat tilini bilish (sertifikat), soha bo‘yicha diplom yoki guvohnomaga ega bo‘lish belgilangan. Yosh chegarasi Yevropa davlatlari uchun 20 yoshdan 40 yoshgacha, Rossiya uchun esa 55 yoshgacha etib belgilangan.

Xususan, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarida tibbiyot xodimlari uchun B1-B2 darajadagi til sertifikati va kamida 1 yillik tajriba talab etiladi. Haydovchilar, elektriklar va payvandchilar uchun ham kamida 1 yildan 2 yilgacha ish tajribasi va B1 darajadagi til bilish sertifikati zarur. Hatto qassoblik sohasi uchun ham bakalavr diplomi va til sertifikati talab qilinishi xalqaro bozorda sifat nazorati kuchli ekanini ko‘rsatadi.

Migratsiyadagi islohotlar: Xususiy sektorga o‘tish va moliyaviy yengilliklar

2026-yildan boshlab Migratsiya agentligining xorijda ishga joylashtirish funksiyalari to‘liq xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazildi. Endilikda barcha jarayonlar xususiy sektor va fuqaro o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshiriladi.

Biroq, davlat ijtimoiy himoya choralarini davom ettirmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-apreldagi 252-sonli qaroriga muvofiq, “Xorijda ish” majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga bir qator xarajatlar qoplab beriladi:

  • Til yoki kasb imtihoni xarajatlari uchun – 1,2 mln so‘mgacha;
  • Ishchi vizasini rasmiylashtirish uchun – 2 mln so‘mgacha;
  • Yo‘l chiptasi uchun – 824 ming so‘m;
  • Sug‘urta uchun – 300 ming so‘mgacha.

Shuningdek, Rossiyaga “orgnabor” doirasida ketayotganlar uchun transport, patent, yashash va ovqatlanish xarajatlari to‘liq ish beruvchi tomonidan qoplanishi kelishilgan.

Xorijda ish topishning oson yo‘li

Fuqarolar xavfsiz va qonuniy ish topishlari uchun “XORIJDA ISH” elektron platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, u yerda anketalar to‘ldirish va bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish imkoniyati mavjud. Shuningdek, Migratsiya agentligi ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali doimiy tarzda mehnat yarmarkalari va tanlovlar haqida tezkor ma’lumotlar berib boradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, davlat migratsiya jarayonlarini tartibga solishda bevosita ijrochidan ko‘ra, ko‘proq nazorat qiluvchi va qo‘llab-quvvatlovchi organga aylanmoqda. Bu esa sohada sog‘lom raqobatni oshirishi va fuqarolar uchun xalqaro mehnat bozorida kengroq yo‘l ochishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat