$
 11936.89
-51.43
 13769.20
-53.33
 151.56
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyoda ish soatlari: Mehnatkash o‘zbegim qanchalar mehnatkash?

ish

Ish vaqti davlatlarning iqtisodiy rivojlanishi, ijtimoiy himoya tizimi va mehnat sharoitlari haqida muhim ma’lumot beradi. Haftalik ish soatlari turli hududlarda sezilarli darajada farqlanib, ayrim davlatlarda uzoq ish kunlari iqtisodiy zarurat natijasi bo‘lsa, boshqalarida qisqa ish haftalari yuqori samaradorlik va rivojlangan ijtimoiy tizimlarning ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shu bois dunyoda kimdir ko‘proq, yana kimdir esa kamroq ishlashi global mehnat bozorining muhim ko‘rsatkichlaridan biridir.

World Population Review reytingi

World Population Review 2025-yil uchun dunyoning 150 dan ortiq davlatida odamlar haftasiga o‘rtacha necha soat ishlashini solishtirdi. Ma’lumotlar rasmiy va norasmiy ishchilarni ham qamrab olgani uchun mehnat yuklamasining haqiqiy holatini ko‘rsatadi. Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ish haftasi 38,7 soatni tashkil etadi, ammo eng ko‘p va eng kam ishlaydigan davlatlar orasidagi farq qariyb 30 soatga yetadi. “Visual Capitalist”ning infografikasi esa qaysi davlatlar ko‘proq, qaysilari esa kamroq ishlashini aniq raqamlar bilan ko‘rsatib berdi.

Butan — global yetakchi

Reytingning eng yuqori pog‘onasida Butan joylashgan. Bu davlatda odamlar haftasiga o‘rtacha 54,5 soat ishlaydi. Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi BAAda ish haftasi 48,4 soat, Pokistonda 47,5 soat, Hindistonda esa 45,8 soatni tashkil etadi. Bu hududlarda ish vaqtining uzun bo‘lishi, asosan, mehnat talab qiladigan sanoat sohalarining ko‘pligi, yarim stavkali ish o‘rinlarining kamligi va ijtimoiy yordam tizimlarining zaifligi bilan bog‘liq. Shu sababli oddiy ishchilar ham, o‘zini o‘zi band qilganlar ham kunini ko‘proq mehnat bilan o‘tkazishga majbur bo‘ladi.

Eng qisqa ish soatlari Yevropada

Yevropaning G‘arbiy va Shimoliy qismida joylashgan bir qator davlatlar dunyodagi eng qisqa ish haftalari bilan mashhur. Masalan, Gollandiyada haftalik ish vaqti o‘rtacha 26,8 soat, Norvegiyada 27,1 soat, Daniyada esa 28,8 soatni tashkil etadi. Bu mamlakatlarda ishlab chiqarish samaradorligining yuqoriligi, avtomatlashtirilgan tizimlarning keng qo‘llanilishi va ishchilar huquqlarining kuchli himoyalanishi qisqa ish haftasining asosiy omillaridan biridir. Shuning uchun bu davlatlarda odamlar kamroq ishlashiga qaramay, yaxshiroq yashash imkoniga ega bo‘lishadi — vaqt, moliyaviy barqarorlik va hayot sifati o‘rtasidagi muvozanat juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

AQSh o‘rtacha ko‘rsatkichga ega

AQShda haftalik ish vaqti o‘rtacha 36,1 soatni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich global o‘rtachadan past bo‘lsa-da, boshqa rivojlangan davlatlar bilan solishtirilganda biroz yuqoriroq ekani ko‘rinadi. Masalan, Kanadada haftalik ish vaqti 32,3 soat, Buyuk Britaniyada 31 soat, Fransiyada esa 30,8 soat bo‘lib, ularning barchasi AQShdan qisqaroq ish haftasiga ega. Biroq dunyoning boshqa mintaqalarida, ayniqsa Afrikada, ish yuklamasi bundan ancha ko‘proq. Sudan aholisi haftasiga 50,8 soat, Lesoto aholisi esa 50,2 soat ishlaydi. Bu davlatlardagi uzoq ish kunlari ko‘pincha iqtisodiy sharoitning og‘irligi, ish imkoniyatlarining cheklanganligi va hayot kechirish uchun ko‘proq mehnat qilish zarurati bilan bog‘liq.

Markaziy Osiyoda haftalik ish soatlari

Markaziy Osiyoda ish haftasi har bir davlatda turlicha. Masalan, Turkmanistonda odamlar haftasiga o‘rtacha 41,9 soat ishlasa, Tojikistonda bu ko‘rsatkich 41,0 soat, O‘zbekistonda esa 40,4 soatni tashkil etadi. Bu davlatlarda ish vaqti nisbatan uzun bo‘lishi ko‘pincha iqtisodiy sharoit, mehnat talab qiladigan sohalarning ko‘pligi va norasmiy ish o‘rinlarining ulushi bilan bog‘liq.

Mintaqaning shimoliy qismidagi Qozog‘iston Respublikasida esa haftalik ish vaqti 38 soat bo‘lib, yuqoridagi davlatlarga qaraganda bir oz qisqaroq. Qirg‘iziston esa Markaziy Osiyoda eng qisqa ish haftasiga ega davlatlardan biri bo‘lib, buyerda odamlar haftasiga 35,2 soat ishlaydi. Bu raqamlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida mehnat yuklamasi turlicha ekanini ko‘rsatadi.

Теги :
Jamiyat